8

“Ijtimoiy fikr. Inson huquqlari“ ilmiy jurnalining 2025 yil 2-soni nashr etildi

Oʻzbekistonda jamoatchilik fikrini ilmiy-amaliy tahlil qilish, fuqarolik jamiyati taraqqiyotini qoʻllab-quvvatlash va inson huquqlarini ommalashtirishga xizmat qiluvchi yetakchi ilmiy-axborot nashri “Ijtimoiy fikr. Inson huquqlari” jurnali oʻzining 2025 yilgi 2-soni nashr etildi. Ushbu son mamlakatdagi ijtimoiy jarayonlar, fuqarolik faolligi, siyosiy modernizatsiya, maʼnaviy tafakkur, gender tenglik, migratsiya, axborot xavfsizligi va boshqa muhim masalalarni qamrab olgan holda, zamonaviy Oʻzbekistonning turli qirralarini ilmiy tahlil etishga qaratilgan.

Jurnal sahifalarida jamoatchilik fikri nuqtai nazaridan strategik tashqi siyosat ustuvorliklari, oʻrta sinfning jamiyatdagi barqaror ijtimoiy pozitsiyasi, koʻp bolali oilalardagi shaxslararo munosabatlarning ijtimoiy-psixologik tahlili, ijtimoiy tarmoqlarning yoshlarning oilaviy munosabatlarga taʼsiri kabi muammolar ilmiy yondashuv asosida yoritilgan. Shuningdek, gender tenglik va huquqiy islohotlar, nogironligi boʻlgan ayollarning huquqiy himoyasi, davlat va fuqarolik jamiyati institutlari oʻrtasidagi oʻzaro munosabatlar, axborot-raqamli xavfsizlikning huquqiy asoslari mavzulariga bagʻishlangan maqolalar mamlakatdagi yangilanish jarayonlarining sotsiologik va huquqiy manzarasini ochib beradi.

Mazkur jurnalda “Ijtimoiy fikr” Respublika jamoatchilik fikrini oʻrganish markazi tomonidan amalga oshirilgan soʻrov natijalariga asoslangan tahliliy material ham eʼlon qilingan. Unda aholi oʻrtasidagi kitobxonlik madaniyati, mutolaaga boʻlgan qiziqishlar va afzalliklar batafsil yoritilgan. Bu soʻrov natijalari mamlakatda maʼnaviy qadriyatlar, bilimga intilish va intellektual muhitning barqarorlashuvida jamoatchilikning qanday oʻrin tutayotganini anglashda muhim manba vazifasini oʻtaydi.

Ushbu jurnal sonidagi har bir maqola mualliflari yetakchi sotsiologlar, huquqshunoslar, siyosatchilar, tarixchilar va faylasuflar boʻlib, ular mamlakatning turli ilmiy muassasalarida faoliyat yuritmoqda. Ularning ilmiy yetukligi, sohaviy tajribasi va tahliliy qobiliyati jurnalning umumiy intellektual salohiyatini belgilab bergan.

Jurnal, avvalo, ijtimoiy-gumanitar fanlar sohasida tadqiqot olib borayotgan olimlar, siyosiy va fuqarolik institutlari vakillari, tahlilchilar, ommaviy axborot vositalari xodimlari hamda jamiyatdagi oʻzgarishlar mohiyatini chuqurroq tushunishni istagan keng oʻquvchilar qatlami uchun moʻljallangan.