29.12.2021
359
FUQAROLARNING YANGI YILOLDI KAYFIYATI
Yangi yil arafasida, doimiy an'anaga ko‘ra, «Ijtimoiy fikr» RJFO‘M mamlakatimiz fuqarolari yaqinlashib kelayotgan yangi yil bayramini qanday kayfiyat va umidlar bilan kutib olishni rejalashtirayotganliklarini aniqlash maqsadida sosiologik so‘rov o‘tkazdi.
Bayramlar, o‘ziga xos madaniy ramz hisoblanib, jamiyatning jipslashuviga yordam beradi, shuningdek, ijtimoiy me'yorlar haqidagi ma'lumotlarni erkin va his-hayajonli vaziyatda yetkazish orqali yoshlarni an'anaviy qadriyatlarga amal qilishga undagan holda, avlodlar o‘rtasidagi munosabatlar uchun asos bo‘lib xizmat qiladi. Kelajakka umid va ishonch bilan to‘lib-toshgan eng sevimli va quvonchli bayramlardan biri - Yangi yil o‘zbekistonliklar uchun ana shunday bayramlardan hisoblanadi.
O‘zbekistonliklarning yangi yiloldi kayfiyatini tahlil qilish ularning yangi yilni nishonlashga bo‘lgan munosabatini (jumladan, hissiy holatni), bayram an'analarini (jumladan, nishonlash joyi, bayram dasturxoni, sovg‘alar tayyorlash), 2021 yil sarhisobi va 2022 yildan kutilayotgan ezgu umidlarni hisobga olgan holda amalga oshirildi.
Telefon so‘rovi shuni ko‘rsatdiki, o‘zbekistonliklarning mutlaq ko‘pchiligi Yangi yilni nishonlaydi.
Bayram oldidan respondentlarning aksariyati (81,8%) yaxshi onlarni kutish bilan bog‘liq xursandchilik, ko‘tarinki kayfiyatga ega, so‘rov ishtirokchilarining yangi yil ularga yangi yutuqlar va oddiy insoniy quvonchlar olib kelishiga, yaqin kishilari va qarindoshlarining iliq tabassumi bilan to‘lib-toshishiga ishonchi komil.
Har qanday bayram doimo muayyan so‘zlar, kechinmalar, harakatlar bilan bog‘lanadi. So‘rov Yangi yilni kutish o‘zbekistonliklarda bayramona muhit bilan bog‘lanishini ko‘rsatdi. Ushbu bog‘lanishlar dasturxon tuzash, archa bezatish, sovg‘alar ulashish, bolalar kulgusi va quvonchi bilan bog‘liq.
Telefon so‘rovi shuni ko‘rsatdiki, Yangi yil o‘zbekistonliklar uchun oilaviy bayram bo‘lgan va shunday bo‘lib qolmoqda. Respondentlarning mutlaq ko‘pchiligi yangi 2022 yilni o‘z uyida kutish va nishonlashni rejalashtirmoqda (92,4%).
Yangi yilni oilaviy nishonlash xususiyati respondentlarning yangi yil kechasini kim bilan o‘tkazishni rejalashtirayotgani haqidagi javoblarida o‘z ifodasini topadi. So‘ralganlarning aksariyat ko‘pchiligi Yangi yilni o‘z oilasi bilan kutishadi (97,3%).
So‘rov ishtirokchilari Yangi yilni o‘z oilasi bilan kutish an'anasini yoqtirishlarini aytishdi, chunki ko‘pchilik uchun bu qarindoshlar va yaqin kishilar bilan dasturxon atrofida to‘planish, bir-biriga quvonch ulashish, muammolar haqida unutish va xursandchilik qilish uchun ajoyib bahona. O‘zbekistonliklar uchun Yangi yilda oilaviy an'analar, bir joyga to‘planish, bir-biriga sovg‘a-salomlar ulashish va iliq tilaklar bildirish imkoniyati eng qadrli bo‘lib qolmoqda.
Yangi yil uchun bayram dasturxonini tayyorlash – ushbu bayramning an'analaridan biri. Respondentlar yangi yil dasturxoni uchun milliy taomlar (masalan, osh, qozon-kabob), xamir ovqatlar yoki tovuq go‘shtli taomlar, turli mashhur va an'anaviy – «Oliv'e», sel'dli salatlarni tayyorlashni rejalashtirishmoqda va, albatta, tadqiqot ishtirokchilari turli bayram desertlari va shirinliklar nomini aytishdi.
Yangi yiloldi muhiti har doim yaqinlar uchun sovg‘alar izlash va ulardan sovg‘alar kutish bilan bog‘liq. Respondentlar asosan bolalarga, ota-onalar va barcha yaqin qarindoshlariga sovg‘alar ulashadilar. Sovg‘alar haqidagi savollarga berilgan javoblar Yangi yil o‘zbekistonliklar uchun oilaviy bayram, ular aynan o‘z qarindoshlari va yaqinlariga quvonch ulashishni xohlaydigan bayram ekanligini yana bir bor namoyish etmoqda.
Yangi yilni nishonlash oilalar va do‘stlarni birlashtiradi, yaqinlar bilan birlashish hissini uyg‘otadi, jamiyatning jipslashuvi uchun sharoit yaratadi.
Telefon so‘rovi shuni ko‘rsatdiki, 2021 yilda o‘zbekistonliklar COVID-19 pandemiyasining salbiy ta'sirini boshdan kechirganiga qaramay, respondentlarning yarmidan ko‘pi o‘tayotgan yilni shaxsan o‘zi uchun xotirjam yil bo‘ldi, deb hisoblaydi. Respondentlarning bir qismi 2021 yilning ham ijobiy, ham salbiy tomonlarini ta'kidlashdi. Ayrim respondentlarning hisoblashlaricha, 2021 yilda og‘ir davrlar ham bo‘lgan, lekin keyin hammasi iziga tushib ketgan.
O‘tayotgan 2021 yilning ijobiy bahosi respondentlarning yangi 2022 yildan umidlari bilan bog‘lanadi – so‘ralganlarning ko‘pchiligi kirib kelayotgan yildan faqat ro‘shnolik va yaxshilikni (76,9%) yoki 2021 yildagiga qaraganda yanada yaxshiroq bo‘lishini (21,4%) kutmoqda.
Boshqacha qilib aytganda, so‘ralgan o‘zbekistonliklar kirib kelayotgan 2022 yilni ezgulikka ishonch va umid bilan kutishmoqda.
Shunday qilib, o‘tayotgan yilni shaxsan o‘zi uchun ham, umuman mamlakat uchun ham ijobiy yil, deb baholash o‘zbekistonliklarga xosdir. Bu respondentlar tomonidan mamlakatning yanada jadal ijtimoiy-iqtisodiy va siyosiy rivojlanishining tushunilishida o‘z ifodasini topmoqda.
Umuman olganda, o‘tkazilgan telefon so‘rovi o‘zbekistonliklarning yangi yiloldi kayfiyati ijobiy ekanligini aniqladi. Barcha uchun sevimli bo‘lgan yangi yil bayramlari o‘zbekistonliklar qalbini o‘z oilasi tafti bilan isitadi, qarindosh-urug‘lar va yaqin insonlar bilan muloqot qilish quvonchini va ijobiy o‘zgarishlarga umid baxsh etadi. Fuqarolarning yangi 2022 yil muvaffaqiyatli bo‘lishiga, xotirjamlik va f