4

STADA Health Report 2025 taqdimoti va “Ijtimoiy fikr” Respublika jamoatchilik fikrini o‘rganish markazining ishtirokini yorituvchi tahliliy material

2025 yil 26 iyun kuni Toshkent shahridagi Hyatt Regency mehmonxonasida STADA Health Report 2025 xalqaro tadqiqotining rasmiy taqdimoti bo‘lib o‘tdi. Ushbu tadbirda jahon sog‘liqni saqlash tizimidagi eng dolzarb masalalar — jismoniy va ruhiy salomatlik, tibbiy profilaktika, soha ishonchliligi, davlat va xususiy institutlarning o‘rni kabi muammolar yuzasidan keng muhokamalar olib borildi.

Taqdimotda 22 davlatda o‘tkazilgan so‘nggi tadqiqot natijalari e’lon qilindi. STADA Health Report — farmatsevtika sohasidagi nufuzli STADA Arzneimittel AG kompaniyasi tashabbusi bilan o‘tkaziladigan, xalqaro darajadagi eng yirik va mustaqil ijtimoiy-ilmiy tadqiqotlardan biri hisoblanadi. Bu yil tadqiqotda O‘zbekiston uchinchi marta ishtirok etdi. Mamlakatimizdagi so‘rovlar fevral–mart oylarida 1000 nafarga yaqin fuqaro o‘rtasida o‘tkazilgan bo‘lib, natijalar aholining sog‘lom turmush tarziga bo‘lgan munosabati, stress va ruhiy salomatlik holati, shifokorlarga ishonch darajasi, tibbiy xizmatlarga yetarlilik kabi muhim ko‘rsatkichlarni qamrab oldi.

Tadbirda “Ijtimoiy fikr” Respublika jamoatchilik fikrini o‘rganish markazi ilmiy ishlar va innovatsiyalar bo‘yicha direktor o‘rinbosari, sotsiologiya fanlari bo‘yicha falsafa doktori, PhD, Seitov Mansur Sherikbaevich ekspert sifatida ishtirok etdi. U o‘z chiqishida jamiyatda salomatlik madaniyatining shakllanishi, ommaviy ongdagi tendensiyalar va jamoatchilik fikri asosida davlat siyosatini shakllantirishning o‘rni haqida to‘xtalib o‘tdi. Shu bilan birga, “Ijtimoiy fikr” markazi tomonidan O‘zbekiston aholisi orasida olib borilayotgan ijtimoiy sog‘liqqa oid izlanishlar bilan bo‘lishdi.

Tadbir doirasida STADA Health Report 2025 natijalari asosida O‘zbekistondagi holatga oid ma’lumotlar taqdim etildi. Ma’lum bo‘lishicha, o‘zbekistonlik respondentlarning 60 foizi o‘zining ruhiy-emotsional holatini “yaxshi” yoki “juda yaxshi” deb baholagan. Bu ko‘rsatkich jahon bo‘yicha o‘rtacha natijaga (64%) yaqin, ammo Vengriya (44%) va Shvetsiya (51%) kabi mamlakatlarga nisbatan yuqoriroq. Shu bilan birga, 2024 yilda O‘zbekistonda mental salomatlik bo‘yicha ijobiy baholar darajasi 73% ni tashkil etgan bo‘lsa, 2025 yilda bu ko‘rsatkich 13 foizga kamaygani kuzatilmoqda. Bu esa stress omillarining ortib borayotganini va aholi ruhiy holatini qo‘llab-quvvatlashga qaratilgan choralarni kuchaytirish zarurligini anglatadi.

O‘zbekistonda respondentlarning 34 foizi ehtimoliy ravishda hissiy yonish holatini boshidan kechirgani yoki uning yoqasiga kelganini ma’lum qilgan. Bu ko‘rsatkich jahon miqyosidagi darajadan (63%) ancha past. Shu bilan birga, so‘rovda qatnashganlarning 35 foizi yonish belgilariga duch kelmaganini aytgan. Shu bois, hissiy charchash muammosi O‘zbekiston uchun ham dolzarbligini saqlab qolmoqda.

Sog‘lom turmush tarzini muhim deb hisoblovchilar 96 foizni tashkil etsa-da, amalda bunga rioya qiluvchilar soni atigi 51 foizni tashkil etmoqda. Shaxsiy sharoitlar sog‘lom turmush tarzini tanlashga kuchli ta’sir ko‘rsatishining asosiy sabablaridan biri — bu ishonch omilidir. Odamlar, odatda, o‘zlariga yaqin bo‘lganlarga tayanishadi. Sog‘liqqa oid masalalarda eng muhim yordam va ilhom manbalari sifatida oila a’zolari (58%) va hayot yo‘ldoshlari (57%) qayd etilgan. Mutaxassislar orasida esa eng katta ta’sirga ega guruh – terapevtlar (56%), ulardan keyin farmatsevtlar (30%) turadi.

STADA kompaniyasining O‘zbekistondagi bosh direktori va “O‘zbekiston va Qirg‘iziston” klasteri rahbari Baxtiyor Hojimuxamedovning ta’kidlashicha, tadqiqotda ishtirok etgan mamlakatlar orasida O‘zbekiston milliy sog‘liqni saqlash tizimiga nisbatan bildirgan ijobiy baholari bilan ajralib turadi. O‘zbekistonlik respondentlarning 67% sog‘liqni saqlash tizimi faoliyatidan qoniqishini bildirgan. Bu ko‘rsatkich ishtirokchi mamlakatlar o‘rtacha darajasi (58%)dan ancha yuqori bo‘lib, qo‘shni Qozog‘istondagi (36%) qolaversa, Vengriyadagi (23%) darajalardan sezilarli tarzda ustunlik qiladi.

“Sharqiy Yevropadagi ko‘plab mamlakatlarda skeptik fikrlar ustunlik qilayotgan bir paytda, O‘zbekiston respondentlarining sog‘liqni saqlash tizimidan qoniqish darajasi 60%dan oshgan — bu ishtirokchi mamlakatlar orasida eng yuqori ko‘rsatkichlardan biridir. Bu fuqarolarning sog‘liqni saqlash tizimiga ishonchi saqlanib qolayotganidan va tarmoqda ijobiy tizimli o‘zgarishlar davom etayotganidan dalolat beradi. Tizimdagi ayrim muammolarga qaramay, O‘zbekistonda tibbiy yordam sifati va ishonchliligi borasidagi tasavvurlar barqaror va ijobiy bo‘lib qolmoqda. Mintaqamiz uchun bu juda yaxshi tendensiya, chunki biz STADA global jamoasining bir qismi sifatida odamlarning salomatligini ishonchli hamkor sifatida qo‘llab-quvvatlashni o‘ziimizning asosiy vazifamiz, deb bilamiz. Tadqiqot asosidagi ma’lumotlar orqali biz faoliyat yuritayotgan davlatlarda odamlarning sog‘lom hayot kechirishiga nima to‘sqinlik qilayotganini batafsil tushunishga va bu to‘siqlarni bartaraf etishga intilamiz,” — deya ta’kidladi Baxtiyor Hojimuxamedov.

Ushbu tadqiqotning O‘zbekiston uchun ahamiyati shundaki, u sog‘liqni saqlash sohasida fuqarolarning talab va intilishlarini davlat siyosatchilari va tizim rahbarlariga aniq, ilmiy asoslangan ma’lumotlar orqali yetkazish imkonini beradi. Tadqiqotdan kelib chiqadigan muhim xulosa — aholi sog‘lom turmush tarzini muhim deb bilsa-da, uni amalga oshirishda iqtisodiy, ruhiy va ijtimoiy to‘siqlarga duch kelayotganligidir.

Mansur Sherikbaevich o‘z tahlillarida ta’kidlaganidek, bugungi kunda sog‘liqni saqlash sohasida jamoatchilik fikrini hisobga olgan holda ish yuritish, aholi ruhiy holatini o‘rganish va ushbu natijalar asosida tizimli islohotlar olib borish juda muhim. STADA Health Report singari xalqaro tadqiqotlar ana shu yo‘nalishda yetarlicha ilmiy va amaliy asos bo‘lib xizmat qilmoqda.

Bu tadbir — nafaqat hisobot, balki jamiyat, davlat va soha mutaxassislari o‘rtasidagi ochiq muloqot va fikr almashinuvi uchun muhim platforma bo‘lib xizmat qildi. Shubhasiz, bu kabi tadqiqotlar kelgusida sog‘lom jamiyat poydevorini mustahkamlashga xizmat qiladi.