3

INSON QADRINI YUKSALTIRISHGA QARATILGAN ILMIY TADQIQOT MUHOKAMA QILINDI

«Ijtimoiy fikr» respublika jamoatchilik fikrini o‘rganish markazida Kumush Salim qizi A’zamovaning sotsiologiya fanlari bo‘yicha falsafa doktori (PhD) ilmiy darajasini olish uchun tayyorlagan «Inson qadrini yuksaltirishda ijtimoiy davlat mexanizmlarining regulyativ funksiyasini rivojlantirish» mavzusidagi dissertatsiyasi yetakchi tashkilot sifatida muhokamadan o‘tkazildi.

Dissertatsiya 22.00.02 — «Ijtimoiy tuzilish, ijtimoiy institutlar va turmush tarzi» ixtisosligi bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Davlat siyosati va boshqaruvi akademiyasida bajarilgan.

Muhokama davomida tadqiqot mavzusining dolzarbligi, maqsad va vazifalari, nazariy-metodologik asoslari, ilmiy yangiligi, empirik natijalari hamda amaliy ahamiyati atroflicha ko‘rib chiqildi. Dissertatsiyada ijtimoiy davlat sharoitida inson qadrini yuksaltirish mexanizmlarining regulyativ funksiyasini takomillashtirishga qaratilgan sotsiologik yechimlar ilmiy jihatdan asoslangan.

Tadqiqotda oila, mahalla, ta’lim, sport va bandlik kabi ijtimoiy institutlarning inson qadrini ta’minlashdagi o‘rni tahlil qilinib, ularning faoliyatini birdamlik, hamjihatlik va o‘zaro bog‘liqlik tamoyillari asosida muvofiqlashtirish masalalari ochib berilgan. Shuningdek, «inson - jamiyat - davlat» tizimi doirasida inson manfaatlarini ro‘yobga chiqarish, ijtimoiy himoyani kuchaytirish va fuqarolarning o‘z salohiyatini namoyon etishi uchun zarur shart-sharoitlarni yaratish mexanizmlari o‘rganilgan.

Dissertatsiyaning empirik qismi 2025 yilning yanvar-fevral oylarida mamlakatning 14 ta hududida davlat boshqaruvi organlari xodimlari ishtirokida o‘tkazilgan sotsiologik tadqiqot natijalariga asoslangan. Onlayn so‘rovda 900 nafar respondent ishtirok etgan bo‘lib, shundan 834 ta anketa tahlil uchun yaroqli deb topilgan. Natijalar respondentlarning hududi, jinsi, yoshi, ma’lumoti, lavozimi va mehnat staji kabi ijtimoiy-demografik xususiyatlar kesimida tahlil qilingan.

Muhokamada inson qadrini yuksaltirishda jamoatchilik fikrining ta’siri, davlat xizmatchilari uchun kasbiy o‘sish imkoniyatlarini kengaytirish, ijtimoiy institutlar o‘rtasidagi hamkorlikni mustahkamlash va fuqarolik jamiyati tuzilmalarini boshqaruv qarorlarini qabul qilish jarayoniga jalb etish masalalariga alohida e’tibor qaratildi.

Markaz olimlari va mutaxassislari dissertatsiyaning mazmuni, ilmiy xulosalari hamda amaliy tavsiyalari yuzasidan fikr bildirib, tadqiqotni yanada takomillashtirishga qaratilgan takliflarni ilgari surdilar.

Muhokama yakunida dissertatsiyaning dolzarb ijtimoiy masalaga bag‘ishlangani, tadqiqot natijalarining ilmiy va amaliy ahamiyatga ega ekani qayd etildi hamda yetakchi tashkilotning tegishli xulosasi qabul qilindi.