14.08.2026
3
KEKSALARNING IJTIMOIY FAOLLIGIGA OID DOKTORLIK DISSERTATSIYASI MUHOKAMA QILINDI
«Ijtimoiy fikr» respublika jamoatchilik fikrini o‘rganish markazida O‘zbekiston Milliy universiteti tadqiqotchisi Sobir Djumaevich Xodjaevning 22.00.02 - «Ijtimoiy tuzilish, ijtimoiy institutlar va turmush tarzi» ixtisosligi bo‘yicha sotsiologiya fanlari doktori (DSc) ilmiy darajasini olish uchun tayyorlagan «O‘zbekistonda o‘zgarishlar sharoitida keksalarning ijtimoiy faolligi: sotsiogerontologik tahlil» mavzusidagi dissertatsiyasi yetakchi tashkilot sifatida muhokamadan o‘tkazildi.
Muhokama jarayonida tadqiqot mavzusining dolzarbligi, maqsad va vazifalari, nazariy-metodologik asoslari, empirik natijalari, ilmiy yangiligi hamda amaliy ahamiyati atroflicha tahlil qilindi. Dissertatsiyada O‘zbekiston sharoitida keksa avlod vakillarining ijtimoiy faolligini baholash, ularning jamiyat hayotidagi ishtirokini kengaytirish hamda faol keksayishga xizmat qiluvchi institutsional mexanizmlarni takomillashtirish masalalari o‘rganilgan.
Tadqiqotning empirik bazasini 2023 yilning avgust–noyabr oylarida Andijon, Buxoro, Qashqadaryo, Xorazm, Samarqand va Sirdaryo viloyatlari hamda Toshkent shahrida 55 yosh va undan katta bo‘lgan 3017 nafar respondent ishtirokida o‘tkazilgan sotsiologik so‘rov natijalari tashkil etgan. Ma’lumotlar planshet vositasida yuzma-yuz intervyu usulida to‘plangan va SPSS dasturida qayta ishlangan.
Dissertatsiyada keksalarning iqtisodiy faolligi, jamoatchilik va volontyorlikdagi ishtiroki, norasmiy parvarish, madaniy-ijtimoiy hamda raqamli faolligini qamrab oluvchi milliy indikatorlar tizimi va «faol keksayish indeksi» ishlab chiqilgan. Shuningdek, mahalla, «Nuroniy» tizimi, nodavlat notijorat tashkilotlari va ijtimoiy xizmat ko‘rsatuvchi tuzilmalar hamkorligiga asoslangan «keksaga mos jamoa» modeli taklif etilgan.
Muhokamada tadqiqot natijalarining davlat ijtimoiy siyosatini takomillashtirish, keksalarning raqamli savodxonligini oshirish, «kumush bandlik» imkoniyatlarini kengaytirish, avlodlararo birdamlik va «keksa–yosh» ustozlik tizimini rivojlantirishdagi ahamiyati alohida qayd etildi.
Markaz olimlari va mutaxassislari dissertatsiyaning ilmiy-nazariy hamda amaliy jihatlari yuzasidan fikr va mulohazalarini bildirib, ishni yanada takomillashtirishga qaratilgan taklif va tavsiyalar berdilar. Muhokama yakuni bo‘yicha dissertatsiya ishiga yetakchi tashkilotning tegishli xulosasi qabul qilindi.


