11

“Ijtimoiy fikr. Inson huquqlari” — ilmiy jurnalining 2025 yil 1 — soni nashrdan chiqdi. Jurnalning mazkur sonida chop etilgan materiallar Oʻzbekistondagi ijtimoiy jarayonlar, inson huquqlari va inklyuziv taraqqiyot nuqtai nazaridan ilmiy tahlilini taqdim etadi. Chop etilgan maqolalar jamiyatda kechayotgan transformatsiya jarayonlarini empirik maʼlumotlar, sotsiologik tadqiqotlar va zamonaviy ilmiy yondashuvlar asosida ochib beradi. Ular davlat siyosatining ijtimoiy qabul qilinishi, fuqaro jamiyati subyektlarining faollashuvi va ijtimoiy adolatning taʼminlanishi kabi masalalarni qamrab oladi. Mazkur jurnalda Oʻzbekistonning professor-olimlari, tadqiqotchi-izlanuvchilar hamda soha mutaxassislari ilmiy maqolalari nashr etilgan.

Jumladan, “Ijtimoiy fikr” respublika jamoatchilik fikrini oʻrganish markazi direktori Nigina Rahimovaning “2024 yilning muhim voqealari jamoatchilik fikri soʻrovlarining diqqat markazida” (“Ijtimoiy fikr” RJFOʻM faoliyatining 2024 yildagi asosiy natijalari asosida) deb nomlangan ilmiy maqolasi — mamlakatdagi ijtimoiy dinamikani jamoatchilik fikri orqali kuzatish imkonini beradigan metodologik tahlil namunasi hisoblanadi. Muallif sotsiologik soʻrov natijalariga tayanib, fuqarolarning davlat siyosatini qanday baholayotganini, asosiy ijtimoiy institutlarga boʻlgan ishonch darajasini va kelajak istiqboliga nisbatan intizomiy va ratsional munosabatini ochib beradi. Maqolada jamoatchilik fikri davlat boshqaruvi va fuqarolik jamiyati oʻrtasidagi muloqot mexanizmi sifatida ilmiy asoslangan. Bu esa jamiyatning siyosiy subyekt sifatida shakllanayotganini koʻrsatadi.

Shuningdek, Shuxrat Turdikulovning “Yoshlar fuqarolik jamiyatining korrupsiyaga qarshi harakatlantiruvchi kuchidir” mavzusidagi ilmiy  tahlili — korrupsiyaga qarshi kurashda yosh avlodning ishtirokini yangi uslubiy va konseptual nuqtai nazardan yoritishga harakat qilgan. Muallif yoshlarning axloqiy, huquqiy va institutsional faolligini milliy strategiya doirasida tahlil qiladi. Yoshlarning media-savodxonligi, raqamli tashabbuslar va jamoatchilik nazoratiga jalb etilishi davlatning ochiqlik va javobgarlik siyosatini mustahkamlovchi omil sifatida baholanadi. Bu yondashuv korrupsiyaga qarshi immunitetni shakllantirishda yoshlar rolining yuqori oʻrinda ekanini ilmiy jihatdan asoslaydi. Maqolada muallif yoshlarning ijtimoiy kapitalini fuqaro masʼuliyati bilan bogʻlaydi. Shu bilan birga maqolada bugungi kunda Respublikamizda korrupsiyaga qarshi kurashish boʻyicha olib borilayotgan islohotlar, chiqarilgan qonunlar hamda Prezidentimizning farmonlari va qarorlarining mazmun mohiyati, yoshlarning huquqiy madaniyatini va korrupsiyaga qarshi murosasiz munosabatini yuksaltirish ishlari, korrupsiyaga qarshi kurashish borasida olib borilayotgan tadbirlar keng tahlil etilgan.

Zarina Uzakovaning “Raqamli inklyuziya va nogironligi bor shaxslar uchun imkoniyatlar” mavzusidagi tadqiqoti — raqamli texnologiyalarning ijtimoiy tenglikni taʼminlashdagi roliga bagʻishlangan. Muallif raqamli inklyuziyani inson huquqlarining ajralmas qismi sifatida koʻrib chiqadi va nogironligi bor shaxslarning raqamli muhitdagi ishtiroki uchun zarur boʻlgan normativ, infratuzilmaviy va platformaviy sharoitlarni atroflicha tahlil qilishga harakat qilgan. Maqolada “raqamli ijtimoiy kapital” tushunchasi ilmiy muomalaga olib kiriladi va uning fuqarolarning toʻliq huquqli ishtirokini taʼminlashdagi ahamiyati asoslab beriladi. Z.Uzakova ushbu jarayonda davlat siyosatining rolini, inklyuziv yondashuvning institutsional darajada shakllanishi va raqamli huquqlarni targʻib etish mexanizmlarini tahlil qiladi.

Jurnalda sotsiologiya, tarix, iqtisod huquq yoʻnalishidagi tadqiqotchilarning  maqolalar oʻrin olgan boʻlib ularning barchasi inson huquqlarini taʼminlash, jamiyatdagi faol fuqaro pozitsiyasini ragʻbatlantirish va zamonaviy raqamli muhitda inklyuziv siyosatni amalga oshirish ijtimoiy barqarorlik, ekologik madaniyat va xalqaro jarayonlarning zamonaviy talqinini oʻzida mujassam etadi. Har bir maqola ijtimoiy ong va fikr shakllanishining dolzarb qirralarini yoritadi.