21.09.2024
70
Ijtimoiy fik. Inson huquqlari ilmiy jurnalining 3-soni nashr etildi. Mazkur ilmiy jurnalda O‘zbekiston va xorij olimlari, tadqiqotchi izlanuvchilarining ilmiy maqolalari chop etilgan.
Mazkur sonda “Ijtimoiy fikr” respublika jamoatchilik fikrini o‘rganish markazi derektori Nigina Raximovaning “Odam savdosi va majburiy mehnatga qarshi kurashish muammolari bo‘yicha jamoatchilik fikrini o‘rganish masalalarini aktuallashtirish” nomli ilmiy maqolasi chop etilgan bo‘lib mazkur maqolada odam savdosi va majburiy mehnat kabi xavfli turdagi jinoyatlarning paydo bo‘lishi va mavjudligiga hissa qo‘shadigan sabablar va omillar, shuningdek, mamlakatimiz fuqarolarining ushbu salbiy hodisaga munosabati tahlil qilinadi. Umuman olganda, jamoatchilik fikrini tahlil qilish odam savdosi va majburiy mehnatga qarshi kurashda, inson huquqlarini himoya qilish tizimini mustahkamlashda katta yutuqlarga erishilganligini tasdiqlaydi. Tadqiqot davomida fuqarolar odam savdosi muammosini samarali oldini olish, aniqlash va hal qilish uchun davlat organlari va xalqaro tashkilotlar, fuqarolik jamiyati institutlari va oddiy fuqarolarning sa’y-harakatlarini birlashtirish zarurligiga ishonch bildirdilar.
Yaponiyalik tadqiqotchi Masumoto Kaori tomonidan olib borilgan o‘rganishlari natijasida “Globallashuv davrida eksport sohasi sifatida oliy ma’lumot: COVID-19 pandemiyasidan oldin Rossiya misolida tahlil” nomli maqolasi nashr etildi. Maqolada XX asr oxirida boshlangan xalqaro ta’lim bozorining globallashuvi muammosi ko‘rib chiqiladi. Muallif rus tilida so‘zlashuvchi va ingliz tilida so‘zlashuvchi kurslar talabalariga nisbatan o‘tkazilgan qiyosiy tadqiqot ma’lumotlariga asoslanib, ingliz tilida so‘zlashuvchi kurslarning eksport salohiyati yuqori degan xulosaga kelgan. Bunga onlayn kurslarning tarqalishi yordam beradi, shunda bilimlar davlat chegaralarini osongina kesib o‘tadi va bu hodisa ingliz tilining imperializmi sifatida belgilanadi. Shunga qaramay, ingliz tili, shu jumladan Rossiyada, oliy ma’lumotni eksport sanoatiga aylantirish nuqtai nazaridan samarali vosita sifatida qabul qilinadi, chunki bu universitetlarda olib borilgan tadqiqotlar natijalarini dunyoga keng taqdim etishga imkon beradi deb bayon qilgan.
O‘zbekiston Milliy universiteti dotsenti Abdullo Abduxalilovning “Nogironlik masalalari bo‘yicha faoliyat olib borayotgan nntlarni salohiyatini oshirishning asosiy jihatlari” nomli maqolasi o‘rin olgan bo‘lib, so‘nggi yillarda O‘zbekistonning nogironligi bor shaxslarning turmush sifatini oshirishga qaratilgan ijtimoiy siyosatida nogironlik masalalari bo‘yicha faoliyat olib borayotgan nodavlat notijorat tashkilotlarining roli oshib borayotganligi kuzatilmoqda. Bu esa ijtimoiy siyosatning inklyuzivligini ta’minlashga olib kelmoqda. O‘z navbatida, mazkur jarayon nogironlik masalalari bo‘yicha faoliyat yuritayotgan nodavlat notijorat tashkilotlarini salohiyatini oshirilishini taqozo etadi. Shundan kelib chiqib, ushbu maqolada ekspert so‘rovnoma usuli asosida o‘tkazilgan tadqiqot natijalari yoritilgan bo‘lib, nogironlik masalalari bo‘yicha faoliyat yurituvchi nodavlat notijorat tashkilotlarini salohiyatini oshirishga qaratilgan taklif tavsiyalar berilgan.
Shuningdek ushbu sonda qator professor-izlanuvchilar tomonidan o‘z ilmiy izlanishlarida tadqiq etilayotgan sotsiologiya, tarix, iqtisod huquq yo‘nalishidagi bir qancha ilmiy maqolalar o‘rin olgan.