28.08.2026
10
MUSTAQILLIKNING 35 YILI: JAMIYAT QADRIYATLARI, IJTIMOIY BARQARORLIK VA KELAJAKKA ISHONCH
«Ijtimoiy fikr» respublika jamoatchilik fikrini oʻrganish Markazi tomonidan Oʻzbekiston Respublikasi davlat mustaqilligining 35 yilligiga bagʻishlangan «Oʻzbekiston mustaqilligi - 35 yil. Bugun va kelajakka jamiyatning nazari: qadriyatlar va ijtimoiy barqarorlik» nomli jamoaviy monografiya tayyorlandi.
Tadqiqotning empirik asosini Markaz tomonidan oʻtkazilgan jamoatchilik fikri soʻrovlari natijalari tashkil etadi. Ushbu maʼlumotlar mustaqillik yillarida mamlakatda roʻy bergan oʻzgarishlarni aholi qanday idrok etayotgani, qaysi yutuqlarni ustuvor deb baholayotgani, qanday ijtimoiy muammolarga eʼtibor qaratayotgani hamda Oʻzbekistonning kelgusi taraqqiyotini qay tarzda tasavvur qilayotganini aniqlash imkonini bergan.
Monografiyada jamoatchilik fikri sotsiologiyasining nazariy va amaliy ahamiyati, aholining qadriyatlar tizimi, fuqarolik va milliy oʻzlikni anglash jarayonlari, iqtisodiy hamda siyosiy qarashlar, anʼanalar va inson huquqlariga munosabat ilmiy jihatdan yoritilgan. Shuningdek, yoshlarning ijtimoiy faolligi, hayotiy strategiyalari, bandlik va tadbirkorlikka intilishi, amalga oshirilayotgan islohotlarga munosabati, innovatsion texnologiyalar, neyron tarmoqlar va sunʼiy intellektdan foydalanishga oid qarashlari alohida tadqiq etilgan.
Sotsiologik maʼlumotlar tahlili Oʻzbekiston jamiyatida oila, vatanparvarlik, mehnatsevarlik, kattalarga hurmat, milliy anʼanalar, madaniy meros va jamoaviy masʼuliyat kabi maʼnaviy-axloqiy qadriyatlar barqarorligini koʻrsatadi. Shu bilan birga, taʼlim olish, kasbiy rivojlanish, shaxsiy tashabbus, iqtisodiy mustaqillik va oʻzini oʻzi roʻyobga chiqarishga intilish zamonaviy qadriyatlar tizimida tobora muhim oʻrin egallayotgani asoslab berilgan.
Asarda yoshlar ijtimoiy oʻzgarishlarga taʼsirchan va mamlakatning uzoq muddatli taraqqiyotini belgilaydigan strategik ijtimoiy guruh sifatida talqin etiladi. Ularning taʼlim, munosib mehnat, kasbiy oʻsish, uy-joy, tadbirkorlik va raqamli imkoniyatlarga doir kutilmalari jamiyat taraqqiyotining muhim indikatorlari sifatida baholangan.
Monografiyaning muhim ilmiy xulosalaridan biri - Oʻzbekistonda anʼanaviy qadriyatlarga sodiqlik, yangilanishga ochiqlik, ijtimoiy barqarorlikka intilish va islohotlarni qoʻllab-quvvatlash oʻzaro uygʻunlashayotganidir. Fuqarolar amalga oshirilayotgan oʻzgarishlarni, birinchi navbatda, ularning kundalik turmush sifati, farovonlik, taʼlim, sogʻliqni saqlash, bandlik va ijtimoiy himoyaga koʻrsatayotgan amaliy taʼsiri orqali baholaydilar.
Tadqiqotda mustaqillik fuqarolar ongida tarixiy yutuq bilan bir qatorda, tinchlik, xavfsizlik, siyosiy barqarorlik, milliy oʻzlik, ijtimoiy taraqqiyot va kelajakka ishonchni taʼminlovchi fundamental ijtimoiy qadriyat sifatida namoyon boʻlishi ilmiy dalillar asosida ochib berilgan. Jamoatchilik fikri esa davlat va jamiyat oʻrtasidagi qaytar aloqani taʼminlaydigan, ijtimoiy talab va kutilmalarni aniqlaydigan hamda islohotlar samaradorligini baholaydigan muhim mexanizm sifatida asoslangan.
Nashrning amaliy ahamiyati undagi tahliliy xulosalardan davlat va jamiyat boshqaruvi, ijtimoiy siyosatni takomillashtirish, yoshlar bilan ishlash, fuqarolik ishtirokini kengaytirish hamda aholining ehtiyojlariga mos qarorlar ishlab chiqishda foydalanish mumkinligi bilan belgilanadi.
Monografiya sotsiologlar, siyosatshunoslar, davlat boshqaruvi sohasi mutaxassislari, ilmiy xodimlar, ekspertlar, professor-oʻqituvchilar, doktorantlar, talabalar hamda zamonaviy Oʻzbekistondagi ijtimoiy jarayonlar va jamoatchilik fikri dinamikasiga qiziquvchi kitobxonlar uchun moʻljallangan.
Mazkur monografiya bilan «Ijtimoiy fikr» respublika jamoatchilik fikrini oʻrganish Markazi kutubxonasida tanishish mumkin.


