30

TARAQQIYOTNING YANGI CHORRAHASI: ISLOHOTLAR, KAPITAL VA IMKONIYATLAR

Bu yilgi Toshkent xalqaro investitsiya forumi mamlakat iqtisodiy taraqqiyotining navbatdagi bosqichini belgilab bergan muhim muloqot maydoni boʻldi. Forumda Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev tomonidan mamlakat rivojlanishining ustuvor yoʻnalishlari, investitsiya siyosati va yangi iqtisodiy imkoniyatlarga oid qator tashabbuslar ilgari surildi. Ularda iqtisodiy oʻsishni taʼminlash bilan bir qatorda inson kapitali, hududiy rivojlanish va aholi farovonligini oshirishga alohida urgʻu berildi.

Davlat rahbari tomonidan belgilab berilgan ustuvor vazifalar orasida yashil energetikani rivojlantirish, raqamli iqtisodiyotni kengaytirish, investitsiya muhitini yanada yaxshilash, sanoat kooperatsiyasini kuchaytirish, turizm salohiyatini oshirish va zamonaviy agrobiznesni rivojlantirish masalalari markaziy oʻrin egalladi. Bu yoʻnalishlarning har biri mamlakatning raqobatbardoshligini oshirish va aholi turmush sifatini yaxshilashga xizmat qiladi.

Biroq har qanday islohotning amaliy natijasi faqat iqtisodiy koʻrsatkichlar bilan emas, balki aholining unga munosabati, ishonchi va ishtirok darajasi bilan ham belgilanadi. Shu nuqtai nazardan jamoatchilik fikrini oʻrganish tizimi strategik ahamiyat kasb etadi.

Bugungi kunda sotsiologik tadqiqotlar davlat va jamiyat oʻrtasidagi muloqotning samarali vositasiga aylanib bormoqda. Fuqarolarning investitsiya siyosati, tadbirkorlik muhiti, raqamli xizmatlar sifati, ekologik tashabbuslar yoki turizm infratuzilmasi haqidagi fikrlari islohotlarning real taʼsirini baholash imkonini beradi.

Xususan, yashil iqtisodiyotga oʻtish jarayonida aholining ekologik madaniyati va energiya tejamkor texnologiyalarga munosabatini oʻrganish muhim hisoblanadi. Raqamli transformatsiya sharoitida esa fuqarolarning elektron davlat xizmatlaridan qoniqish darajasi, raqamli koʻnikmalari va axborot xavfsizligi boʻyicha qarashlari dolzarb ahamiyat kasb etadi.

Shuningdek, investitsiya muhitini yaxshilashga qaratilgan qarorlarning samaradorligi tadbirkorlar va aholining iqtisodiy kutuvlari orqali namoyon boʻladi. Turizm sohasida esa mahalliy aholi va mehmonlarning baholari xizmatlar sifatini oshirish boʻyicha muhim axborot manbai hisoblanadi.

Xalqaro tajriba shuni koʻrsatmoqdaki, jamoatchilik fikri muntazam oʻrganib boriladigan davlatlarda qabul qilinayotgan qarorlarning manzilliligi va samaradorligi yuqori boʻladi. Chunki sotsiologik tadqiqotlar orqali aholining real ehtiyojlari, kutuvlari va muammolari aniqlanadi.

Prezident tomonidan belgilangan olti ustuvor yoʻnalishning hayotga tatbiq etilishi ham aynan shu omil bilan chambarchas bogʻliq. Jamoatchilik fikrini oʻrganish esa islohotlar samaradorligini baholash, aholi bilan ochiq muloqotni taʼminlash va davlat qarorlarining ijtimoiy taʼsirini aniqlashda muhim instrument boʻlib xizmat qiladi. Shu maʼnoda sotsiologik tadqiqotlar mamlakat taraqqiyotining muhim intellektual resursi sifatida tobora katta ahamiyat kasb etmoqda.