04.09.2026
15
FUQAROLAR ODAM SAVDOSI VA MIGRATSIYA HAQIDA: XABARDORLIK, XAVF-XATARLAR VA QARSHI KURASHISH
«Ijtimoiy fikr» Respublika jamoatchilik fikrini oʻrganish markazi tomonidan “Fuqarolar odam savdosi va migratsiya haqida: xabardorlik, xavf-xatarlar va qarshi kurashish” mavzusida sotsiologik tadqiqot oʻtkazishni boshladi.
Bugungi kunda mehnat migratsiyasini tartibga solish, fuqarolarni munosib va xavfsiz mehnat sharoitlari bilan taʼminlash, xorijda ishlayotgan vatandoshlarning huquq va manfaatlarini himoya qilish, odam savdosi va mehnat ekspluatatsiyasining oldini olish davlat ijtimoiy siyosatining muhim yoʻnalishlaridan biri hisoblanadi.
Bu jarayonlarda aholining mavjud xavf-xatarlar, huquqiy himoya mexanizmlari va amalga oshirilayotgan chora-tadbirlar haqidagi fikrlarini oʻrganish alohida ahamiyatga ega.
Tadqiqotning asosiy maqsadi - fuqarolarning odam savdosi muammosi haqidagi xabardorlik darajasini, uning tarqalish sabablari va xavf omillari toʻgʻrisidagi tasavvurlarini, odam savdosiga qarshi amalga oshirilayotgan chora-tadbirlarga munosabatini, shuningdek, mehnat migrantlarining xavfsizligi va himoyalanganligiga oid jamoatchilik baholarini aniqlashdan iborat.
Tadqiqot doirasida aholi odam savdosining asosiy shakllari va uni keltirib chiqaruvchi ijtimoiy-iqtisodiy omillarni qanday baholashi, qaysi ijtimoiy guruhlarni xavfga nisbatan koʻproq zaif deb bilishi hamda muammoning oldini olishda qaysi choralarni samarali deb hisoblashi oʻrganiladi. Soʻrovnomada ishsizlik va iqtisodiy qiyinchiliklar, moddiy muhtojlik, huquqiy savodxonlik, mehnat migratsiyasi hamda aholining xabardorlik darajasi kabi omillarga alohida eʼtibor qaratilgan.
Tadqiqotning muhim yoʻnalishlaridan yana biri fuqarolar va ularning yaqin qarindoshlarining mehnat migratsiyasi tajribasini oʻrganishdir. Xususan, migratsiyaning qay tarzda tashkil etilgani, xorijda mehnat qilish davrida ish haqining toʻlanmasligi yoki kechiktirilishi, mehnat va yashash sharoitlarining dastlabki kelishuvlarga mos kelmasligi, hujjatlarni olib qoʻyish, harakatlanish erkinligini cheklash, kamsitish, majburlash va boshqa xavfli holatlarga duch kelish tajribasi oʻrganiladi.


