65

MUSTAQILLIKNING 35 YILLIGI MUBORAK BOʻLSIN!

Aziz vatandoshlar!

«Ijtimoiy fikr» Respublika jamoatchilik fikrini oʻrganish markazi jamoasi barcha yurtdoshlarimizni Oʻzbekiston Respublikasi davlat mustaqilligining 35 yilligi bilan samimiy muborakbod etadi!

Mustaqillik xalqimizning oʻz taqdirini oʻzi belgilash, milliy manfaat va qadriyatlariga tayanib taraqqiyot yoʻlini tanlash huquqini ifoda etuvchi buyuk tarixiy qadriyatdir. Oʻtgan 35 yil Oʻzbekiston uchun davlatchilikni mustahkamlash, milliy oʻzlikni anglash, jamiyat hayotida inson qadri va fuqarolik masʼuliyatining oʻrnini yuksaltirish davri boʻldi.

Biz, jamoatchilik fikrini oʻrganuvchi tadqiqotchilar uchun, mustaqillikning mazmun-mohiyati xalqning ovozi, uning fikri, orzu-intilishlari va ertangi kunga boʻlgan ishonchida yanada yaqqol namoyon boʻladi. Zero, jamiyatning haqiqiy kuchi fuqarolarning oʻz Vatani taqdiriga daxldorligini his etishi, uning buguni va kelajagi uchun masʼuliyatni zimmasiga olishida koʻrinadi.

35 yil bu tarix sahifalaridagi raqamgina emas. U millionlab insonlarning mehnati, izlanishi, jasorati va Vatan ravnaqi yoʻlidagi intilishlari bilan mazmun kasb etgan ulkan taraqqiyot yoʻlidir. Eng muhimi, bu yoʻl davom etmoqda. Uning ertangi sahifalarini esa bugungi bilimimiz, mehnatimiz, fuqarolik pozitsiyamiz va yurt taqdiriga boʻlgan munosabatimiz bilan birgalikda yaratamiz.

Mustaqillik bizga oʻz ovozimiz bilan soʻzlash huquqini berdi. Endi ana shu ovoz Vatan taraqqiyotiga xizmat qilishi, har bir fikr bunyodkorlikka, har bir tashabbus farovon kelajakka hissa boʻlib qoʻshilishi muhim.

Yurtimizda tinchlik va hamjihatlik, xonadonlarimizda fayzu baraka, qalblarimizda Vatanga muhabbat va kelajakka ishonch doimo ustuvor boʻlsin!

Oʻzbekiston Respublikasi davlat mustaqilligining 35 yilligi muborak boʻlsin aziz vatandoshlar!

Hurmat bilan,
«Ijtimoiy fikr» Respublika jamoatchilik

fikrini oʻrganish markazi jamoasi