06.07.2023
326
«PREZIDENT SAYLOVI – 2023” mavzusidagi jamoatchilik fikri so‘rovi natijalari
Mamlakat Prezidentining muddatidan ilgari o‘tkaziladigan saylovi doirasida «Ijtimoiy fikr» respublika jamoatchilik fikrini o‘rganish Markazi joriy yilning 10-mayidan 26-iyunigacha jamoatchilik fikri so‘rovlarini o‘tkazdi. Tadqiqotlarda mamlakatning barcha mintaqalaridagi 18 va undan katta yoshdagi 4200 nafardan ortiq respondentlar ishtirok etishdi, ulardan erkaklar - 49,9% va xotin-qizlar 50,1%ni tashkil qildi.
2023-yilning 10-mayidan 26-iyunigacha o‘tkazilgan so‘rovlar dinamikasida O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti saylovini o‘tkazish sanasi haqidagi xabardorlikning o‘sishi kuzatilmoqda – ushbu ko‘rsatkich 2023-yilning 26-iyunigacha 12,7%ga o‘sdi va 92,3%ni tashkil qildi. O‘zbekistonliklarning mamlakat ijtimoiy-siyosiy hayotiga qiziqishi yuqori xabardorlik darajasining tasdig‘i hisoblanadi, uning ko‘rsatkichi esa 82,3%ni tashkil etdi. Fuqarolar mamlakat ijtimoiy-siyosiy hayotiga turli darajadagi muntazamlikda qiziqadilar: 43,5% respondentlar - doimiy ravishda, 37,2% - vaqti-vaqti bilan.
Saylov jarayonida saylovning barcha bosqichlarini tashkil etish va o‘tkazishni ommaviy axborot vositalarida yoritish juda muhim ahamiyatga egadir. Tadqiqotlar natijalari o‘zbekistonliklar ishonadigan va foydalanadigan barqaror axborot manbalarini ko‘rsatib berdi. So‘rovning ko‘rsatishicha, televideniye (56,5%), ijtimoiy tarmoqlar (Feysbuk va Instagram) (33%), Telegram kanallari, shuningdek, mahalliy telekanallar (28,8%) mamlakatda bo‘lajak Prezident saylovi haqidagi asosiy axborot manbalari hisoblanadi.
Kompleks tadqiqotda muddatidan ilgari O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti saylovida ishtirok etish O‘zbekiston fuqarolari uchun muhim ekanligini idrok etish darajasi o‘rganildi. So‘rovning ko‘rsatishicha, 86,6% fuqarolar uchun bo‘lajak saylov hayotidagi muhim voqea hisoblanadi va unda shaxsan ishtirok etish juda muhim ahamiyatga egadir.