101

OLIY MAJLISGA SAYLOVLAR VA ELEKTORAL SIKLNING YANGI QOIDALARI

 “Ijtimoiy fikr” RJFO‘M saylov kampaniyalarini sotsiologik nuqtai nazardan kuzatib borishda ko‘p yillik tajribaga ega. O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi deputatlari, xalq deputatlari viloyat, tuman va shahar Kengashlari deputatlarining saylovi arafasida Markaz mamlakatimiz siyosiy hayotiga fuqarolarning jalb etilganlik darajasini o‘rganish, bo‘lajak saylovlar haqida aholining xabardorligini aniqlash, elektoral faollikni prognozlashtirish maqsadida kompleks sotsiologik tadqiqotlar o‘tkazib kelmoqda.

Joriy yilning 27 oktabr kuni bo‘lib o‘tadigan muhim siyosiy voqeaga bag‘ishlangan jamoatchilik fikrining kompleks so‘rovlarida  mamlakatimizning barcha mintaqalarida istiqomat qilayotgan, shahar va qishloqlar aholisi, 18 va undan katta yoshdagi erkaklar va ayollar, turli millatlar, ijtimoiy guruhlar vakillaridan iborat, turli soha va tarmoqlarda band bo‘lgan 4 ming nafardan ortiq kishilar ishtirok etishdi.

Jamoatchilik fikri so‘rovlari 2024 yilning avgustidan oktabrigacha 4ta bosqichda o‘tkazildi.

So‘rovlar natijalari bo‘lajak saylovlar haqidagi xabardorlik darajasi oshishining barqaror dinamikasini ko‘rsatdi. Tadqiqotning so‘nggi bosqichini o‘tkazish paytida mamlakatning 84,8% fuqarolari 2024 yil “O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi, viloyat, tuman va shahar  Kengashlari deputatlari saylovi yili” hisoblanishidan xabardor ekanligi ma’lum bo‘ldi.

Parlamentga 2024 yilda bo‘lajak saylovlar 2019 yilda bo‘lib o‘tgan avvalgi saylovlardan farq qiladi. Bu yil deputatlar saylovi majoritar-proporsional (aralash) tizim asosida o‘tkaziladi. Deputatlik korpusining yangi tarkibini shakllantirish turli ijtimoiy guruhlar manfaatlarining taqdim etilishini ta’minlash imkonini beradi va tegishli ravishda fuqarolarning saylovda ishtirok etish muhimligini anglashiga ta’sir ko‘rsatmoqda. Sotsiologik so‘rovlarning to‘rtta to‘lqini monitoringi bo‘lajak saylovlarda shaxsan ishtirok etishning muhimligi ko‘rsatkichining barqaror o‘sishini ko‘rsatdi – ushbu ko‘rsatkich tadqiqotlar birinchi siklidagi 63,5%dan so‘nggi bosqichdagi 71,6%ga qadar barqaror o‘sishni namoyon etdi.

O‘tkazilgan tadqiqotlar natijalari shuni ko‘rsatdiki, elektoratning aksariyat qismi mamlakatimizda amalga oshirilayotgan islohotlar kursining borishiga ta’sir o‘tkazish, davlat boshqaruvi jarayonlarida ishtirok etish uchun real imkoniyatlar borligini aniq tushungan holda saylovga ongli ravishda yondashmoqda.

So‘rov jarayonida mamlakat siyosiy kun tartibiga aholining qiziqishi yetarlicha yuqori darajada ekanligi qayd etildi, xususan, elektoral faollikning oshishi kuzatilmoqda, o‘zbekistonliklar davlat ishlariga e’tibori va bo‘lajak ovoz berish tadbirida faol ishtirok etish niyatini namoyon etmoqdalar. Shuni ta’kidlash joizki, monitoring so‘rovlari natijalariga ko‘ra, ovoz berish sanasi qanchalik yaqinlashgani sayin, unda ishtirok etish istagini bildirayotganlar foizi shunchalik ko‘proq bo‘lmoqda – agar birinchi bosqichda (avgust) 77,9% o‘zbekistonliklar saylovlarda ishtirok etish niyatini bildirgan bo‘lsalar, so‘nggi bosqich natijalariga ko‘ra (oktabr) ushbu ko‘rsatkich 82,6% darajasigacha o‘sib bordi.

Jamoatchilik fikri so‘rovi natijalari shuni ko‘rsatdiki, jamoatchilik ongida siyosiy partiyalarning saylovoldi dasturi aynan qanday masalalar yechimi asosida qurilishi kerakligi haqida yetarlicha aniq tasavvur shakllangan. Partiyalar saylovoldi kampaniyasining asosiy tarkibiy qismlari ta’lim sifati va undan foydalanish imkoniyatlari (56,6%), aholini ijtimoiy himoya qilish va qo‘llab-quvvatlash (42,2%), mamlakatni yanada rivojlantirishning iqtisodiy strategiyalari, soliq tizimini takomillashtirish masalalari, kichik va o‘rta biznesni rivojlantirish uchun soliq stavkalarini pasaytirish, aholining real daromadlarini oshirish usullari, ishlab chiqarish sohasini, jumladan, zamonaviy texnologiyalar va “yashil iqtisodiyot” tamoyillari asosida rivojlantirish (30,7%) masalalariga daxldor bo‘lishi kerak. Qishloq xo‘jaligini rivojlantirish (23,4%), fuqarolarning huquq va erkinliklarini ta’minlash (19,3%), energetika muammolarini hal qilish (18,3%), infratuzilmani yaxshilash (18,0%) masalalari ham saylovoldi kampaniyasining ahamiyati kam bo‘lmagan jihatlari bo‘lishi lozim.

O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi deputatlari, xalq deputatlari viloyat, tuman va shahar Kengashlari deputatlari saylovi arafasida ijtimoiy-siyosiy vaziyatni sotsiologik tadqiq etish natijalari tobora o‘sib borayotgan elektoral faollik haqida so‘zlash va  ovoz berish kunida saylovchilarning yuqori darajadagi ishtirokini prognozlash imkonini beradi.