14

OʻZBEKISTONDA RAQAMLI DAVLAT XIZMATLARINI RIVOJLANTIRISH SOʻNGGI YILLARDA DAVLAT BOSHQARUVINI MODERNIZATSIYA QILISHNING ENG MUHIM YOʻNALISHLARIDAN BIRIGA AYLANDI

Oʻzbekistonda raqamli davlat xizmatlarini rivojlantirish soʻnggi yillarda davlat boshqaruvini modernizatsiya qilishning eng muhim yoʻnalishlaridan biriga aylandi. Mamlakatda amalga oshirilayotgan raqamli transformatsiya jarayonlari nafaqat davlat xizmatlari tizimini yangilash, balki aholi uchun qulay, tezkor va ochiq xizmat koʻrsatish muhitini shakllantirishga xizmat qilmoqda.

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev raisligida raqamli texnologiyalar, sunʼiy intellekt va telekommunikatsiya sohalarida 2025-yilda amalga oshirilgan ishlar hamda 2026-yil uchun belgilangan ustuvor vazifalar muhokamasiga bagʻishlangan videoselektor yigʻilishida ham raqamli davlat xizmatlarini kengaytirish masalasi strategik vazifalardan biri sifatida belgilandi. Davlat rahbari raqamli iqtisodiyotni rivojlantirish, davlat xizmatlarini raqamlashtirish va zamonaviy elektron platformalarni joriy etish aholi turmush sifatini oshirishning muhim sharti ekanini alohida taʼkidladi.

Bugungi kunda mamlakatda “my.gov.uz” yagona interaktiv davlat xizmatlari portali, mobil ilovalar va elektron platformalar orqali koʻrsatilayotgan xizmatlar soni tobora ortib bormoqda. Bu esa davlat va fuqaro oʻrtasidagi munosabatlarni yangi bosqichga olib chiqmoqda.

“Ijtimoiy fikr” Respublika jamoatchilik fikrini oʻrganish markazi tomonidan 2026-yil aprel oyida oʻtkazilgan “Fuqarolarning kundalik amaliyotida raqamli davlat xizmatlari: qulaylik va ishonch” mavzusidagi jamoatchilik fikri soʻrovi natijalari mamlakat aholisi hayotida raqamli davlat xizmatlarining oʻrni tobora mustahkamlanib borayotganini koʻrsatdi.

Tadqiqot raqamli xizmatlardan foydalanish darajasi, aholining ularga boʻlgan ishonchi, mavjud muammolar va istiqbolli yoʻnalishlarni aniqlash imkonini berdi.

Tahlillarga koʻra, respondentlarning qariyb yarmi — 47,8 foizi internet, mobil ilovalar va boshqa elektron platformalar orqali raqamli davlat xizmatlaridan foydalanishini bildirgan. Ayniqsa, shahar aholisi orasida raqamli xizmatlardan foydalanish darajasi yuqori boʻlib, bu koʻrsatkich 54,7 foizni tashkil etgan. Qishloq joylarda esa mazkur koʻrsatkich 40,1 foiz darajasida qayd etilgan.

Tadqiqot natijalari raqamli xizmatlardan foydalanishda yosh omili muhim ahamiyat kasb etishini ham koʻrsatdi. Yoshlar raqamli platformalardan ancha faol foydalanmoqda. Jumladan, 25–34 yoshli respondentlarning 66,4 foizi, 35–44 yoshlilarning 59,4 foizi raqamli davlat xizmatlaridan foydalanishini bildirgan. 55 yosh va undan katta yoshdagi aholi orasida esa bu koʻrsatkich 17,2 foizni tashkil etgan.

Soʻrov ishtirokchilari raqamli davlat xizmatlaridan foydalanmaslikning asosiy sababi sifatida raqamli koʻnikmalar yetarli emasligini qayd etgan. Xususan, respondentlarning 62,2 foizi “foydalanishni bilmaslik”ni asosiy omil sifatida koʻrsatgan. Shuningdek, 40,4 foiz ishtirokchida raqamli xizmatlarga amaliy ehtiyoj yoʻqligi aniqlangan.

Xotin-qizlar orasida raqamli xizmatlardan foydalanish boʻyicha qoʻshimcha qoʻllab-quvvatlash ehtiyoji mavjudligi ham kuzatildi. Tadqiqot natijalariga koʻra, xotin-qizlarning 68,3 foizi raqamli davlat xizmatlaridan foydalanishni bilmasligini bildirgan. Bu esa aholining ayrim qatlamlari uchun raqamli savodxonlik dasturlarini yanada kengaytirish zarurligini koʻrsatadi.

Fuqarolar davlat xizmatlarining qaysi formatiga ustuvor ahamiyat berishlari haqidagi javoblar ham muhim tendensiyalarni namoyon qildi. Respondentlarning 51,9 foizi onlayn xizmatlarni afzal koʻrishini bildirgan boʻlsa, 28,3 foizi anʼanaviy — shaxsan murojaat qilish usulini maʼqul koʻrgan. Bu raqamli davlat xizmatlari aholi uchun vaqt tejovchi va qulay mexanizm sifatida qabul qilinayotganini anglatadi.

Onlayn davlat xizmatlaridan foydalanishda eng ommalashgan platformalar sifatida “Soliq” mobil ilovasi, “my.gov.uz” mobil ilovasi hamda davlat toʻlovlari bilan bogʻliq elektron tizimlar qayd etildi. Xususan, respondentlarning 58,9 foizi “Soliq” ilovasidan, 54,2 foizi “my.gov.uz” mobil ilovasidan foydalanishini bildirgan.

Fuqarolar tomonidan eng koʻp foydalanilayotgan raqamli davlat xizmatlari qatoriga jarimalar, soliqlar va bojlarni onlayn toʻlash, maʼlumotnoma va koʻchirmalar olish, mehnat staji va ish haqi haqidagi maʼlumotlarni olish, taʼlim xizmatlari, kadastr va uy-joyga oid xizmatlar kirgan.

Tadqiqotda raqamli davlat xizmatlariga nisbatan ishonch darajasi ham oʻrganildi. Natijalarga koʻra, respondentlarning 40,4 foizi raqamli davlat xizmatlariga toʻliq ishonishini, 51,2 foizi esa nisbatan ishonishini bildirgan. Bu mamlakatda raqamli davlat boshqaruviga nisbatan ijobiy ijtimoiy munosabat shakllanayotganini koʻrsatadi.

Shu bilan birga, shaxsiy maʼlumotlar xavfsizligi bilan bogʻliq masalalar aholi uchun dolzarb boʻlib qolmoqda. Respondentlarning 34,4 foizi oʻz shaxsiy maʼlumotlari xavfsizligiga toʻliq ishonishini bildirgan boʻlsa, 38,5 foizi qisman ishonishini aytgan. Bu raqamli xavfsizlik sohasida aholi xabardorligini yanada oshirish zarurligini koʻrsatadi.

Soʻrov ishtirokchilari raqamli davlat xizmatlarining asosiy afzalligi sifatida vaqt tejalishini qayd etgan. Respondentlarning 54,8 foizi raqamli xizmatlar fuqarolar vaqtini “sezilarli darajada tejaydi” deb hisoblagan. Shuningdek, ishtirokchilarning aksariyati kerakli davlat xizmatini onlayn topish “oson” yoki “juda oson” ekanini bildirgan.

Mutaxassislar fikricha, raqamli davlat xizmatlarining kengayishi faqat texnik modernizatsiya emas, balki aholi turmush sifatiga bevosita taʼsir koʻrsatuvchi muhim ijtimoiy omil hisoblanadi. Chunki raqamli platformalar orqali davlat xizmatlarini koʻrsatish vaqt tejalishi, ortiqcha qogʻozbozlikning qisqarishi, davlat organlari faoliyati ochiqligining oshishi va korrupsiyaviy omillarning kamayishiga xizmat qilmoqda.

“Ijtimoiy fikr” markazi tahlillariga koʻra, raqamli davlat xizmatlari bugungi kunda fuqarolarning kundalik ijtimoiy amaliyotining muhim qismiga aylanib bormoqda. Shu bilan birga, raqamli infratuzilmani yanada rivojlantirish, qishloq hududlarida internet imkoniyatlarini kengaytirish, katta yoshdagilar va xotin-qizlar uchun raqamli savodxonlikni oshirish, axborot xavfsizligiga oid ishonchni mustahkamlash kabi vazifalar dolzarb ahamiyat kasb etmoqda.

Tadqiqot natijalari mamlakatda raqamli davlat boshqaruvi tizimi yangi bosqichga chiqib borayotganini koʻrsatmoqda. Bu jarayon aholi manfaatlariga xizmat qiladigan zamonaviy, tezkor va insonparvar davlat xizmatlari tizimini shakllantirish, davlat va jamiyat oʻrtasidagi oʻzaro ishonchni mustahkamlash hamda Yangi Oʻzbekistonda raqamli taraqqiyotning institutsional asoslarini kuchaytirishga xizmat qilmoqda.