222

OʻZBEKISTON: DAVLAT MUSTAQILLIGINING – 33 YILLIGI JAMOATCHILIK FIKRI KOʻZGUSIDA

Oʻzbekiston mamlakatimiz va jamiyat hayotidagi muhim tarixiy sana hisoblangan mustaqillikning 33 yilligini nishonlashga qizgʻin tayyorgarlik koʻrmoqda.

“Ijtimoiy fikr” RJFOʻM yurtimiz uchun anʼanaviy boʻlib qolgan, 2024 yilning milliy ong uchun asosiy voqeasi – Mustaqillik kunini nishonlashga bagʻishlangan jamoatchilik fikri soʻrovini oʻtkazdi. Tadqiqot davomida olingan maʼlumotlar oʻzbekistonliklarning muhim sana arafasidagi ijtimoiy kayfiyatini, fuqarolarning mamlakatda amalga oshirilayotgan islohotlar samaradorligiga bergan bahosini, turli mintaqalar aholisining ular hayotida, jamiyatda, umuman davlatda roʻy berayotgan oʻzgarishlar haqidagi fikrlarini aks ettiradi. Tadqiqotning ustuvor yoʻnalishlaridan biri oʻzbekistonliklarning Mustaqillik kuniga boʻlgan munosabatini va ular ushbu davlat bayramiga qanday mazmun berishini aniqlashdan iborat boʻldi.

Markaz tomonidan oʻtkazilgan tadqiqotlar natijalari shuni tasdiqlab turibdiki, Mustaqillik kuni bayrami nishonlanib kelayotgan barcha yillar mobaynida ushbu sana Oʻzbekiston oʻz taraqqiyotining har bir bosqichini bosib oʻtgani sayin tobora koʻproq ramziy maʼno kasb etmoqda.

Mustaqillik kuni oʻz mamlakati, uning tarixi va anʼanalari, madaniy merosi va maʼnaviy qadriyatlari bilan faxrlanadigan, Oʻzbekistonning buguni va kelajagi, farovonligi, barqarorligi va ravnaqi uchun oʻz masʼuliyatini aniq anglaydigan barchani birlashtiradi.

1 sentyabr koʻp millatli Oʻzbekiston xalqining ozodligi, tarixiy va maʼnaviy-axloqiy birligi ramziga aylandi.

Mustaqillik kunida biz hozirda nima bilan faxrlanishimiz mumkinligini, bugungi kunda mamlakatimiz qanday yutuqlarga erishganini, ushbu yutuqlarni amalga oshirish uchun nimalar qilinganini va mamlakatimiz hayotning barcha sohalarda yuksak taraqqiyot darajasiga erishishi va har birimizning hayotimiz yanada yaxshiroq, yanada baxtliroq boʻlishi uchun yana nimalar qilish kerakligini tushunish va qayta baholash alohida ahamiyat kasb etadi.

Oʻzbekistonliklar orasida bugungi kunda respublikamiz erishgan yutuqlarda siyosiy tizim va davlat boshqaruvini takomillashtirishga, iqtisodiy rivojlanish, ijtimoiy hayot darajasini oshirishga, fuqarolar turmushining sifatini yaxshilashga qaratilgan yangi yoʻnalishni barpo etishga kirishgan mamlakat Prezidenti Sh.M.Mirziyoevning xizmatlari ulkan degan tasavvur ustunlik qilmoqda. Davlatimiz rahbarining saʼy-harakatlari tufayli Oʻzbekiston mustaqilligi yangicha koʻrinishda namoyon boʻlmoqda: davlatning ijtimoiy-iqtisodiy rivojlanishi yuz bermoqda, Oʻzbekiston hayot kechirish uchun qulay mamlakatga aylanmoqda, iqtisodiyotni qayta qurish, uni xalq farovonligi yoʻlida qayta yoʻnaltirish bosqichma-bosqich amalga oshirilmoqda. Prezidentimiz Oʻzbekistonni isloh qilish va modernizatsiyalashning tashabbuskori va gʻoyaviy ilhomlantiruvchisi boʻlish bilan birga Vatanimizni oʻzgartirish va u yangi qiyofa kasb etishi uchun Oʻzbekiston jamiyatining barcha kuchlarini birlashtirgan holda muhim birlashtiruvchi rolni oʻynaydi.

“Ijtimoiy fikr” RJFOʻM tomonidan oʻtkazilgan tadqiqotlar shuni tasdiqlab turibdiki, Oʻzbekiston jamiyati, uning hozirgi holati, fuqarolar ega boʻlgan imkoniyatlarni bir necha oʻn yillar oldingi holat bilan taqqoslab boʻlmaydi. Erishilgan yuksak natijalar fuqarolarda Oʻzbekiston mustaqil, obod, zamonaviy, boy, yuksak salohiyatga va xalqaro maydonda yuksak nufuzga ega mamlakatga aylanishiga ishonch uygʻotmoqda.

Muhim sana arafasida oʻtkazilgan jamoatchilik fikri soʻrovi shuni koʻrsatdiki, Mustaqillik kuni milliy oʻziga xoslikni shakllantirish va rivojlantirishda muhim omil boʻlib, jamiyat ongida demokratik qadriyatlar ildiz otishiga, jamiyatda milliy birlik va totuvlikning mustahkamlanishiga xizmat qiladi. Oʻzbekistonning oʻz mustaqilligini qoʻlga kiritishi jamoatchilik fikrida oliy qadriyat, davlatimiz mavjud boʻlishi va rivojlanishining asosi sifatida qabul qilinadi. Mamlakat uchun ushbu muhim sana aksariyat oʻzbekistonliklar qalbida aks-sado bermoqda. Mustaqillik kuni arafasida fuqarolar yaxshi, quvnoq, bayramona kayfiyatda boʻlishadi. Jamiyatda ijobiy his-tuygʻularning ustunligi va bayramga boʻlgan ijobiy munosabat boy tarixiy oʻtmish vorisi va oʻz mamlakati kelajagining faol yaratuvchisi sifatida milliy oʻziga xoslikni chuqur anglash bilan izohlanadi.

Bayram arafasidagi koʻtarinki kayfiyat, quvonchli voqeadan zavqlanish, baxt va hayotdan qoniqish hissi mamlakatimizning turli hududlarida yashovchi aksariyat fuqarolar, shaharlar va qishloqlar aholisi, erkaklar va xotin-qizlar, yoshlar, oʻrta va katta yosh vakillari uchun xosdir. Mustaqillik kuni oʻzbekistonliklar uchun oʻzgacha bayram, yaʼni tanlash erkinligi va yangi tarixiy sharoitlarda mustaqil rivojlanish timsoli hisoblanadi. Mustaqillik yangi imkoniyatlarni ochib, fuqarolarni Vatan baxt-saodati va ravnaqi yoʻlida yangi marralar sari ruhlantiradi.

Oʻzbekiston iqtisodiyotni isloh qilish, qulay investitsiyaviy va ishbilarmonlik muhitini taʼminlash, mamlakat mintaqalarini rivojlantirish, bandlikni taʼminlash va yangi ish oʻrinlarini yaratish, iqlim oʻzgarishi va korrupsiyaga qarshi kurashish masalalarini hal etish jarayonlarini izchil davom ettirgan holda keng koʻlamli iqtisodiy va ijtimoiy islohotlar yoʻlidan dadil odimlamoqda. Mamlakatimizda kechayotgan demokratik jarayonlar natijasida Oʻzbekistonning xalqaro reytinglardagi mavqeyi mustahkamlanib, investorlar va yirik xalqaro korporatsiyalarning mamlakatimizga qiziqishi ortib bormoqda, savdo va sanoat sohasidagi hamkorlikning keng istiqbollari ochilmoqda. Mamlakatimizda islohotlar dasturi bilan qamrab olinmagan sohalar yoki tarmoqlar qolmagan.

Soʻrov natijalari shuni tasdiqlab turibdiki, mamlakatdagi tub tarkibiy oʻzgarishlarning asosiy natijasi davlat, jamiyat va har bir fuqaro hayotidagi ijobiy oʻzgarishlardan iborat boʻldi. Soʻrov ishtirokchilari bugunning oʻzidayoq mamlakatdagi vaziyatni oʻzgartirib, odamlarning turmush sharoitini yaxshilashga xizmat qilayotgan siyosiy va ijtimoiy-iqtisodiy sohalarda amalga oshirilayotgan islohotlarga ijobiy baho berishmoqda, ularga muvaffaqiyatli ishga joylashish, zamonaviy taʼlim olish, mansabda oʻsish va ijodiy oʻzini namoyon qilish imkoniyatlari ochilmoqda.

“OʻZBEKISTON — 2030” STRATEGIYASI doirasida “YOSHLAR VA BIZNESNI QOʻLLAB-QUVVATLASh YILI”da koʻzda tutilgan chora-tadbirlarni amalga oshirish doirasida viloyatlar, tumanlar va shaharlarni kompleks ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish, ularning salohiyatidan samarali foydalanish mamlakatni rivojlantirishning ustuvor yoʻnalishlaridan biri hisoblanadi. Tadqiqot davomida mintaqalar aholisi tomonidan islohotlarning samaradorligi va natijadorligiga berilayotgan baholardagi ijobiy tendensiyalar aniqlandi, shu bilan birga baʼzi hududlarning notekis rivojlanayotganidan dalolat berayotgan ayrim nomutanosibliklar kuzatilmoqda. Soʻrov davomida aholining hududlarning ijtimoiy-iqtisodiy rivojlanishi ularning hayotiga qanday taʼsir koʻrsatayotgani toʻgʻrisida bildirgan fikrlari mintaqalar oʻrtasidagi mavjud tafovutlarni yanada kamaytirish, kelajakda ularning yanada barqaror rivojlanishini taʼminlash uchun samaraliroq strategiyani ishlab chiqish imkonini beradi.

Turli davlat muassasalari va tuzilmalari faoliyatining natijadorligi va samaradorligi, fuqarolarning davlat va jamiyat hayotining turli sohalaridagi vaziyatdan qoniqish hosil qilish darajasini aniqlash aholi turmushining yuqori darajasi va sifatiga erishishning muhim sharti hisoblanadi.

Soʻrov natijalarining tahlili shuni koʻrsatdiki, jamoatchilik ongiga Oʻzbekiston davlat va jamiyat hayotining koʻplab sohalarida yuksak natijalarga erishdi, degan fikr singib ketgan.

Aksariyat oʻzbekistonliklar (77,9%) mamlakatimiz butun Markaziy Osiyo mintaqasida tinchlik va barqarorlikni saqlash borasida salmoqli yutuqlarga erishmoqda, degan fikrni bildirishdi. Fuqarolar Davlatimiz rahbarining barqaror tinchlik va xavfsizlikka erishish, jumladan, mintaqada davlatlararo muloqotni mustahkamlash, ekstremizm va terrorizmga qarshi kurashish chora-tadbirlarini rivojlantirish, iqtisodiy hamkorlikni faollashtirish, bahsli chegara masalalarini hal etish va suv xavfsizligini taʼminlash kabi muhim yoʻnalishlardagi tashabbuslarini yuksak baholashadi. Respondentlarning fikricha, mamlakatimiz Prezidenti tomonidan amalga oshirilayotgan chuqur oʻylangan, konstruktiv tashqi va ichki siyosat mamlakatimiz hamda mintaqamizda tinchlik va totuvlikni saqlashga xizmat qilmoqda, davlatimizni yanada modernizatsiya qilish uchun asos boʻlmoqda.

Jamoatchilik fikrida mamlakat ijtimoiy-iqtisodiy islohotlarni amalga oshirishda sezilarli yutuqlarga erishgani toʻgʻrisidagi tasavvur keng tarqalgan. Soʻrov ishtirokchilari soʻnggi vaqtda aholining turmush darajasi oʻsganini, fuqarolarning daromadlari oshganini, koʻplab oilalar oʻz turmush sharoitini yaxshilab, turmushning yuqori darajasini taʼminlay olganini taʼkidlashmoqda. Respondentlar ijobiy oʻzgarishlarni iqtisodiyot oʻsishining barqaror yuqori surʼatlari, kichik va oʻrta biznes, tadbirkorlik, fermerlikni rivojlantirish boʻyicha samarali chora-tadbirlarning qabul qilinganligi, yangi ish oʻrinlarining yaratilganligi va oʻzini oʻzi band qilgan fuqarolarning ragʻbatlantirilayotgani bilan bogʻlashmoqda. Respondentlar bugungi kunda ushbu oʻzgarishlarni, oʻz kasbiy va ijodiy salohiyatini roʻyobga chiqarish, farovonligini oshirish, tobora xilma-xil ehtiyojlarni qondirish uchun ochilayotgan yangi imkoniyatlarni oʻzida his qilmoqdalar. Buni 74,7% oʻzbekistonliklar taʼkidlashdi.

74,2% fuqarolarning fikriga koʻra, mamlakatimiz ommaviy sport, jismoniy tarbiya va olimpiya harakatini rivojlantirishda sezilarli natijalarga erishdi. Soʻrov ishtirokchilarining taʼkidlashlaricha, bugungi kunda Oʻzbekiston chinakam sport mamlakatiga aylanib boryapti, respublikada jismoniy tarbiya va sport uchun sharoit yaratish, sogʻlom turmush tarzini keng targʻib qilish, har tomonlama rivojlangan yoshlarni tarbiyalash, jismoniy tarbiya va sportni yanada rivojlantirish boʻyicha samarali ishlar olib borilmoqda.

Bugun oʻzbekistonlik sportchilar oʻzining yuksak sport salohiyatini butun dunyoga namoyish etgan holda nufuzli xalqaro musobaqalarda yuksak gʻalabalarga erishishmoqda. Respondentlar 2024 yilda Parijda boʻlib oʻtgan Olimpiya oʻyinlarida sportchilarimiz erishgan tarixiy natijalar sport va olimpiya harakati jadal surʼatlar bilan rivojlanayotganidan yaqqol dalolat berayotganini faxr bilan taʼkidlashdi.

Soʻrov davomida 71,7% fuqarolar taʼlim sohasidagi ijobiy oʻzgarishlarni qayd etishdi, ularning fikricha, soʻnggi vaqtda taʼlim muassasalari ishida, darsliklar va oʻquv qoʻllanmalarni zamonaviy talablar asosida takomillashtirishda, oʻquv dasturlarini ilgʻor xorijiy tajribalar asosida maqbullashtirishda, bolalar bogʻchalari, maktablar, kollejlar va litseylar, institutlar va universitetlarning moddiy-texnik bazasini mustahkamlashda ijobiy natijalarga erishildi. Ijobiy misollar sifatida respondentlar, jumladan xususiy sektor ulushining ortishi va nufuzli xorijiy oliy oʻquv yurtlari filiallarining ochilishi hisobiga oliy oʻquv yurtlari va bolalar bogʻchalari sonining koʻpayganini keltirdilar.

Kichik va oʻrta biznes hamda tadbirkorlikni rivojlantirishdagi muvaffaqiyatlarni soʻnggi paytlardagi asosiy yutuqlar deb aytgan fuqarolarning ulushi 65,3 foizni tashkil qildi. Ularning fikricha, mamlakatimizda xususiy sektorni shakllantirish va rivojlantirish, kichik va oʻrta korxonalar sonini oshirish, sogʻlom raqobatni rivojlantirish va bozorda talab katta boʻlgan mahsulotlar ishlab chiqarish uchun qulay sharoitlar yaratilmoqda.

Soʻrov davomida fuqarolar davlatning yaqin va uzoq xorij mamlakatlari bilan savdo-iqtisodiy, energetika va transport sohalaridagi oʻzaro manfaatli hamkorlikni rivojlantirish va yanada mustahkamlashga, oʻzaro tovar ayirboshlash hajmini oshirish va mahalliy mahsulotlarni tashqi bozorga chiqarish, turli sohalarda qoʻshma korxonalar tashkil etish va investitsiya loyihalarini koʻpaytirishga qaratilgan chora-tadbirlarini yuqori baholashdi. Respondentlarning mintaqada yaratilayotgan xalqaro transport koridorlari va xalqaro transport infratuzilmasi mamlakatimizning xalqaro bozorlarga chiqishiga imkon beradigan muhim yoʻnalish ekanligiga ishonchi komil. 63,9% fuqarolar shunday fikrda.

60,5% respondentlar sogʻliqni saqlash tizimini modernizatsiya qilish, tibbiy xizmatlarning sifatini va ulardan foydalanish imkoniyatini oshirish, yuqori malakali shifokorlar, oʻrta va kichik tibbiyot xodimlarini tayyorlashda erishilgan yutuqlarni qayd etishdi. Fuqarolarning fikriga koʻra, soʻnggi paytlarda aholi salomatligini mustahkamlashga, onalik va bolalikni muhofaza qilishga qaratilgan chora-tadbirlarning samaradorligi oshdi, amalga oshirilayotgan kompleks profilaktika, epidemiyaga qarshi va sanitariya-gigiyena choralari esa xavfli infeksiyalarning paydo boʻlishi va tarqalishidan himoya qilishni taʼminlash imkonini beradi.

54,7% respondentlar fan va axborot-kommunikatsiya texnologiyalarini rivojlantirish, ilmiy-tadqiqot va innovatsiya ishlarini ragʻbatlantirish, ilmiy yutuqlarni amaliyotga joriy etishning samarali mexanizmlarini yaratish, zamonaviy yuqori texnologiyalar markazlari va texnoparklarni qurish sohasidagi ijobiy oʻzgarishlarni qayd etishmoqda.

Shuningdek, mamlakat fuqarolarining aholini ijtimoiy himoya qilish, fuqarolarning huquq va erkinliklarini taʼminlash va himoya qilish, aholiga davlat xizmatlari koʻrsatish tizimidagi ortiqcha qogʻozbozlik va sansalorlikka barham berish kabi sohalarda sezilarli ijobiy oʻzgarishlar toʻgʻrisidagi fikrlari ham aniqlandi.

Umuman olganda, oʻzbekistonliklar mamlakatimizda davlat va jamiyatni yanada rivojlantirish, iqtisodiyotda bozor munosabatlarini shakllantirish, ijtimoiy infratuzilmani rivojlantirish, turmush darajasini oshirish va aholi daromadlarining oʻsishini taʼminlashga qaratilgan islohotlarni ijobiy baholashmoqda.

Keng koʻlamli islohotlar zarur, ammo ularni amalga oshirish oson emas, hatto qulay sharoitlarda ham, olingan natijalar aholining ayrim qatlamlari uchun maʼqul boʻlishi, boshqalari uchun esa ogʻriqli boʻlishi mumkin, baʼzi fuqarolar barcha yangi narsalarni tezda qabul qilishadi va yuzaga kelayotgan ijtimoiy-iqtisodiy va siyosiy voqelikka osongina moslashadilar, kimgadir oʻzgargan voqelikni qabul qilish va unda yashashga koʻnikish uchun vaqt talab etiladi, aholining bir qismi uchun yangi tizimga moslashish va odatlanish jarayonlari obyektiv va subyektiv sabablarga koʻra yuzaga keladigan muayyan qiyinchiliklarni keltirib chiqarishi mumkin va ular davlat organlarining koʻmagiga muhtoj.

“Sizningcha, mamlakatda oʻtkazilayotgan islohotlar qanday surʼatlarda amalga oshirilmoqda” degan savolga javob berar ekan, 48,4% respondentlar, ularning fikriga koʻra, islohotlar surʼatlari “maqbul” ekanligini taʼkidlashdi. Ushbu toifadagi fuqarolar uchun moslashish jarayonlari ancha muvaffaqiyatli kechmoqda, ular oʻzgargan muhit sharoitlarini toʻliq anglashmoqda va yangi “oʻyin qoidalari”ni qabul qilishmoqda.

Mamlakatda islohotlar “juda tez surʼatlar” bilan amalga oshirilmoqda deb hisoblaydigan fuqarolarning ulushi 38,3%ni tashkil etadi, aholining ushbu qismi yangi sharoitlarda yashashga moslashmoqda, ammo sodir boʻlayotgan voqealar ular uchun nafaqat ijobiy oqibatlarga, balki daromadlarning vaqtincha pasayishi, odatdagi ishning yoʻqotilishi, oʻtish davri bilan bogʻliq ruhiy qiyinchiliklarda oʻz ifodasini topadigan salbiy oqibatlarga ham olib kelishi mumkin.

Har oʻninchi respondent islohotlar sekin surʼatlar bilan davom etayotganini taʼkidladi, bu aholining jamiyatning “avangardi” deb atash mumkin boʻlgan qismi, bular oʻzgarishga tayyor, davlat va jamiyat taraqqiyotiga munosib hissa qoʻshgan holda islohotlar jarayoniga faol xizmat qilayotgan fuqarolardir.

Umuman olganda, oʻzbekistonliklar mamlakatni isloh qilish va modernizatsiyalash jarayonlariga moslashish jarayonini ancha muvaffaqiyatli oʻtkazishmoqda, shu bilan birga muayyan qiyinchiliklarni boshdan kechirayotgan va yangi voqelikda oʻz salohiyatini toʻliq roʻyobga chiqara ololmayotgan aholi toifalariga alohida eʼtibor qaratish lozim.

Aholini ijtimoiy himoya qilish choralari, fuqarolarga manzilli yordam koʻrsatish, tadbirkorlik tashabbuslarini qoʻllab-quvvatlash, sohani oʻzgartirish va qayta yoʻnaltirishga koʻmaklashish, yangi mutaxassislik va yuqori malakaga ega boʻlish imkonini beradigan yuqori sifatli taʼlim olish uchun keng imkoniyatlar yaratish, korxona va tashkilotlarda kadrlar iyerarxiyasining tushunarli tuzilmasi, ishga joylashishdagi korrupsiyaga barham berish nafaqat aholining moslashish qobiliyatini va ijtimoiy harakatchanligini oshirishga imkon beradigan, balki jamiyatda davlat tuzumining adolatli ekanligiga boʻlgan ishonchni mustahkamlaydigan, fuqarolarning davlat hokimiyati va boshqaruvi vakillariga boʻlgan ishonchini oshiradigan, siyosiy, iqtisodiy va ijtimoiy islohotlarning amalga oshirilishiga, ularning jamiyatda qabul qilinishi va qoʻllab-quvvatlanishiga ijobiy taʼsir koʻrsatadigan chora-tadbirlar hisoblanadi.

Soʻrov natijalari shuni koʻrsatdiki, fuqarolar mamlakatimizda davlat boshqaruvi tizimini takomillashtirish, fuqarolarning huquqlarini himoya qilish va taʼminlash, mamlakat iqtisodiyoti va investitsiya salohiyatini rivojlantirish, sanoat va qishloq xoʻjaligini modernizatsiya qilish, sogʻliqni saqlash va taʼlim sohasida xizmatlar sifatini oshirish, qoʻshimcha ish oʻrinlari yaratish va aholi farovonligini oshirish boʻyicha Oʻzbekiston-2030 strategiyasini amalga oshirish doirasida amalga oshirilayotgan keng koʻlamli ijtimoiy-iqtisodiy islohotlarni toʻliq qoʻllab-quvvatlanmoqda.

Oʻtkazilgan tadqiqot yaqin kelajakda alohida eʼtibor qaratilishi kerak boʻlgan sohalar va yoʻnalishlarni aniqlab berdi.

Jamiyat ongida mamlakatda roʻy berayotgan iqtisodiy, siyosiy va texnologik jarayonlardagi oʻzgarishlar intellektual kapitalni faollashtirishni, taʼlim va ilm-fanni integratsiyalashni, oʻquv jarayonida bilimlar berishning uzluksiz jarayonini tashkil etishni, ilmiy-texnik maʼlumotlarni ilmiy markazlardan iqtisodiyotning real sektoriga uzatishni, mamlakat iqtisodiyotining raqobatbardoshligini taʼminlash uchun fundamental va amaliy tadqiqotlar oʻtkazishni talab qilishini tushunish ustunlik qiladi. Tadqiqot ishtirokchilarining taʼlim tizimini takomillashtirish va ilmiy tafakkurni rivojlantirish, yosh olimlarni ragʻbatlantirish va ilmiy tadqiqotlarni qoʻllab-quvvatlash zarurligiga ishonchi komil.

Soʻrov davomida respondentlar aholini ijtimoiy himoya qilish tizimini takomillashtirish, nafaqalar miqdorini oshirish va ijtimoiy muammolarni mustaqil hal qilish imkoniga ega boʻlmagan va davlat koʻmagiga muhtoj boʻlgan aholining ijtimoiy zaif qatlamlarini moddiy qoʻllab-quvvatlashni yanada kengaytirish choralarini taʼkidladilar. Shu bilan birga, soʻrov ishtirokchilari ijtimoiy yordamning xayriya shakllarini davlat tomonidan qoʻllab-quvvatlash va ragʻbatlantirish, sogʻliqni saqlash tizimida sugʻurtani rivojlantirish zarurligini taʼkidlashdi.

Fuqarolarning fikriga koʻra, biznesning mamlakat mintaqalari iqtisodiyotini rivojlantirish, mahalliy mahsulotlarni ishlab chiqarish va aholiga xizmat koʻrsatish bilan shugʻullanadigan turlarini ragʻbatlantirish boʻyicha chora-tadbirlarni amalga oshirishni davom ettirish zarur.

Tadqiqot ishtirokchilari islohotlarning ustuvor yoʻnalishlari haqida gapirar ekan, fuqarolarning huquq va erkinliklarini himoya qilish muhimligini taʼkidladilar, respondentlar tabiatni muhofaza qilish faoliyatni faollashtirish va dolzarb ekologik muammolarni hal qilishning muhimligini, transport, aloqa va energetika infratuzilmasini yaxshilash boʻyicha boshlangan ishlarni davom ettirish zarurligini taʼkidladilar.

Jamoatchilik fikrida soʻnggi yillarda jahon hamjamiyatida mamlakatimiz nufuzining tubdan oʻzgarayotgani haqidagi tasavvur ustunlik qilmoqda va Oʻzbekistonning mintaqada ham, dunyoda ham mavqeyi kuchayib borayotgani taʼkidlanmoqda. Fuqarolarning fikricha, Davlatimiz rahbarining chuqur oʻylangan, konstruktiv tashqi va ichki siyosati, siyosiy, ijtimoiy-iqtisodiy va huquqiy islohotlarni amalga oshirish doirasida erishilgan yutuqlar mamlakatimiz obroʻsining yuksalishiga, nufuzining yaxshilanishiga xizmat qilmoqda. Soʻrov ishtirokchilarining shunga ishonchi komilki, bugungi kunda mamlakatimiz dunyoda demokratik taraqqiyot yoʻlini tanlagan, fuqarolik jamiyati shakllanayotgan va asosiy ustuvor vazifa fuqarolarning huquq va manfaatlarini himoya qilish va taʼminlash, iqtisodiyotni erkinlashtirish va hayotning barcha sohalariga innovatsion texnologiyalarni joriy etish choralari amalga oshirilayotgan, mintaqaviy va global miqyosda tinchlik va barqarorlikni mustahkamlash boʻyicha faol qadamlar tashlanayotgan davlat sifatida qabul qilinmoqda.

Soʻrov natijalariga koʻra, aksariyat oʻzbekistonliklar mamlakatimiz xalqaro hamjamiyat tomonidan eʼtirof etilgan va dunyoda munosib oʻringa ega boʻlgan suveren mustaqil davlat ekanligidan milliy gʻurur hissini tuymoqda. Bu mamlakat uchun, Prezident uchun, xalqimiz uchun va Oʻzbekiston rivojlanib borayotgani, bir joyda turmasdan, yangi va yangi marralarni zabt etayotgani uchun faxr hissidir.

Tadqiqot natijalarining tahlili shuni koʻrsatdiki, mamlakat fuqarolari keng koʻlamli ijtimoiy-iqtisodiy islohotlarni toʻliq qoʻllab-quvvatlashmoqda, aholining katta qismi, ijtimoiy va moddiy qatlami, bandlik sohasi va dini, jins va yosh xususiyatlari, yashash joyidan qatʼi nazar, davlat va jamiyat hayotining koʻplab sohalarini isloh qilishning yuksak darajada va samarali ekanligini taʼkidlashmoqda. Aynan ushbu yutuqlar koʻp millatli Oʻzbekiston xalqining oʻz bilimlari, kuchi va tajribasini Vatanining yanada jadal rivojlanishi uchun sarflagan holda davlat va jamiyat ishlarida yanada faol ishtirok etishiga jiddiy turtki boʻlmoqda.