13.10.2025
14
Ijtimoiy fikr Respublika jamoatchilik fikrini oʻrganish markazi direktori, iqtisodiyot fanlari doktori Raximova Nigina Xayrullayevna “Jamiyat fikrini oʻrganish zarur” mavzusidagi “Muvozanat” koʻrsatuvida ekspert sifatida ishtirok etdi.
Koʻrsatuvda mamlakatimizda kechayotgan ijtimoiy-siyosiy islohotlar, davlat va jamiyat munosabatlarida ochiqlik va muloqot madaniyatini rivojlantirish, fuqarolarning faol fuqarolik pozitsiyasini mustahkamlash masalalari keng muhokama qilindi. Muhokamalar davomida jamoatchilik fikrini ilmiy asosda oʻrganish, aholi kayfiyati va munosabatini tahlil qilish davlat siyosatining samaradorligini baholashda muhim mezon ekanligi taʼkidlandi.
Raximova Nigina Xayrullayevna oʻz chiqishida jamoatchilik fikri davlat va jamiyat oʻrtasidagi muloqot koʻprigi ekanini taʼkidladi. Uning fikricha, har bir fuqaroning fikri va munosabati islohotlar samaradorligini belgilaydigan asosiy indikator hisoblanadi. Ilmiy va tizimli sotsiologik tadqiqotlar orqali davlat organlari aholi ehtiyojlari va kayfiyatini chuqur anglaydi, bu esa qaror qabul qilish jarayonlarida aniq va manzilli yechimlarni ishlab chiqish imkonini beradi.
Koʻrsatuvda Prezident Shavkat Mirziyoyevning BMT Bosh Assambleyasining 80-sessiyasidagi nutqi ham atroflicha tahlil etildi. Prezident oʻz nutqida “Yangi Oʻzbekiston barcha davlatlar bilan oʻzaro hamjihatlik, ochiq muloqot va yaqin sheriklik tarafdoridir. Biz xalqlar, madaniyatlar va sivilizatsiyalar oʻrtasidagi muloqotni mustahkamlash, umumbashariy maqsadlarni roʻyobga chiqarish yoʻlida oʻz hissamizni qoʻshishga doim tayyormiz” dedi. “Ijtimoiy fikr” respublika jamoatchilik fikrini oʻrganish markazi tomonidan 2025 yil sentyabr oyida oʻtkazilgan soʻrovnoma natijalariga koʻra, aholining katta qismi Prezidentning mazkur nutqini ijobiy baholagan. Respondentlarning aksariyati ushbu chiqish mamlakatning xalqaro maydondagi nufuzini oshirgani, fuqarolarda islohotlarga boʻlgan ishonchni mustahkamlaganini taʼkidlashgan.
Suhbat davomida Raximova Nigina Xayrullayevna shunday fikr bildirdi: “jamoatchilik fikrini oʻrganish va muntazam ravishda tahlil qilish davlat va jamiyat oʻrtasida ishonchni mustahkamlaydi, fuqarolarda ijtimoiy masʼuliyat va tanqidiy fikrlashni rivojlantiradi. Shuningdek, N.X.Raximova “Islohotlarning taʼsirini faqat raqamlar emas, balki odamlarning kayfiyati, fikri va ishonchi orqali baholash kerak. Jamoatchilik fikri – jamiyatdagi barqarorlik va birdamlikning asosiy koʻrsatkichidir.”
“Muvozanat” koʻrsatuvi orqali jamoatchilik va davlat vakillari oʻrtasida ochiq muloqot muhiti yaratilmoqda. Mazkur loyiha fuqarolarda tanqidiy va tahliliy fikrlashni rivojlantirish, siyosiy ong, siyosiy madaniyatini oshirish va ijtimoiy faollikni ragʻbatlantirishga xizmat qiladi. Mutaxassislar taʼkidlaganidek, jamoatchilik fikrini muntazam oʻrganish nafaqat muammolarni aniqlash, balki ularga manzilli yechim topish imkonini ham yaratadi.
Bu suhbat “Ijtimoiy fikr” respublika jamoatchilik fikrini oʻrganish markazining ilmiy salohiyati va sotsiologik tahlilga tayanadigan faoliyatining amaliy ahamiyatini yana bir bor namoyon etdi. Koʻrsatuv orqali jamiyatda fikrlar xilma-xilligiga hurmat, ochiq muloqot madaniyati va davlat bilan fuqaro oʻrtasidagi ishonch muhitini mustahkamlash gʻoyasi keng yoritildi.