146

“Jamiyat barqaror rivojlanishining asosi sifatida taʼlimni tarkibiy modernizatsiyalash”

Joriy yilning 1-dekabr kuni “Ijtimoiy fikr” respublika jamoatchilik fikrini oʻrganish Markazida Oʻzbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasi, Oʻzbekiston sotsiologlari assotsiatsiyasi, Inson huquqlari boʻyicha Oʻzbekiston Respublikasi Milliy markazi va Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi huzuridagi Nodavlat notijorat tashkilotlarini va fuqarolik jamiyatining boshqa institutlarini qoʻllab-quvvatlash jamoat fondi hamkorligida “Oʻzbekistonda jamoatchilik fikrini oʻrganish va shakllantirishning dolzarb muammolari: usullar, nazariya va amaliyot” doimiy ilmiy-amaliy seminarining xalqaro majlisi boʻlib oʻtdi. Seminar majlisi akademik olima Raʼno Ubaydullayeva nomidagi yillik sotsiologik oʻqishlar doirasida oʻtkazildi.

Seminarning mavzusi: “Jamiyat barqaror rivojlanishining asosi sifatida taʼlimni tarkibiy modernizatsiyalash”.

Seminardan koʻzlangan asosiy maqsad, mamlakatimiz taʼlim maktabining ijtimoiy-iqtisodiy mazmuni va amaldagi faoliyati, taʼlim xizmatlari bozorini shakllantirish va uni Oʻzbekiston iqtisodiyoti sharoitlariga moslashtirishning tashkiliy mexanizmi va boshqaruv usullarini maxsus oʻrganish, taʼlim sohasini tez va ogʻriqsiz modernizatsiyalash, ilgʻor taʼlim texnologiyalariga asoslangan holda ijtimoiy soha va iqtisodiyot tarmoqlarini rivojlantirish inklyuziv taʼlimni shakllantirish hamda toʻsiqsiz muhitni barpo etishga oid tajriba almashishdan iborat boʻldi.

Xalqaro seminarda dastavval seminarni ochish soʻzini G. V. Plexanov nomidagi Rossiya Iqtisodiyot universitetining Toshkent shahridagi filiali direktori, OʻzRFA akademigi, i.f.d., professor Abdurahmonov Qalandar Xodjayevich ochib berdilar. Shuningdek, Qozogʻiston Respublikasi Milliy fanlar akademiyasi vitse-prezidenti, Qozogʻiston Respublikasi MFA akademigi, s.f d., professor (Qozogʻiston Respublikasi) Shaukenova Zarema Kaukenovna, Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Strategik va mintaqalararo tadqiqotlar instituti direktori oʻrinbosari, f.f.nomzodi  Nurullayeva Shafoat Fayzullayevna, Butun Rossiya jamoatchilik fikrini oʻrganish markazi (VSIOM) bosh direktori maslahatchisi, s.f.n., (Rossiya) Mixaylova Elena Aleksandrovna, “Ijtimoiy fikr” respublika jamoatchilik fikrini oʻrganish Markazi direktori, i.f.d. Raximova Nigina Xayrullayevnalar ishtirok etib mazkur seminar toʻgʻrisida oʻz fikrlari bilan oʻrtoqlashdi.

Ishtirokchilar xalqaro ilmiy-amaliy seminar ular uchun hamkasblari bilan anjuman mavzusining dolzarb masalalarni muhokama qilish va ularning yechimini topish imkonini bergan muhim ilmiy voqea boʻlganligini taʼkidladilar.

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Davlat boshqaruvi akademiyasi qoshidagi Ilmiy kengash raisi, “Boshqaruv   sotsiologiyasi va psixologiyasi” kafedrasi mudiri, s.f.d, professor Bekmurodov Mansur Bobomurodovich — “Yangi Oʻzbekiston – ijtimoiy davlat sotsiolog nigohida”, “Ijtimoiy fikr” respublika jamoatchilik fikrini oʻrganish Markazi tezkor tadqiqotlar boʻlimi rahbari Seitov Mansur Sherikbayevich — “Taʼlim sifatini modernizatsiyalash jamiyat  rivojlanishining asosidir” nomli maʼruzalari bilan ishtirok etdilar.

Shuningdek seminarning taqdimot qismida “Ijtimoiy fikr” respublika jamoatchilik fikrini oʻrganish Markazi, ilmiy ishlar va innovatsiya boʻyicha direktor oʻrinbosari, sotsiologiya fanlari boʻyicha falsafa doktori PhD, professor Alekseyeva Viktoriya Sergeyevna — “Jamiyat barqaror rivojlanishining asosi sifatida taʼlimni tarkibiy modernizatsiyalash” mavzusidagi ilmiy toʻplam taqdimotini qildilar. Toʻplamda sotsiologiya va jamoatchilik fikrini oʻrganish, iqtisod va siyosatshunoslik, tarix va etnografiya sohasidagi yetakchi tadqiqotchi va amaliyotchilarning ilmiy maqolalari oʻrin olgan.

Shundan soʻng anjuman qatnashchilari kelgusidagi vazifalar toʻgʻrisida fikr almashishdi va oʻzaro hamkorlikni yanada kuchaytirish haqida kelishib olindi.

Ilmiy-amaliy seminar hozirgi tarixiy davrga xos boʻlgan jadal global oʻzgarishlar sharoitida mamlakatimiz taʼlim tizimini isloh qilish jarayonini oʻrganish yuzasidan munozaralarga boy boʻlib oʻtdi.

Seminar ishtirokchilarning fikr-mulohazalar, taklif va tavsiyalar, qiziqarli munozaralar va tajribalari asosida qizgʻin tarzda boʻlib oʻtdi.