30

Joriy yilning 28-noyabr kuni “Ijtimoiy fikr” respublika jamoatchilik fikrini oʻrganish Markazida Oʻzbekiston respublikasi Oliy Majlisi huzuridagi Nodavlat notijorat tashkilotlarini va fuqarolik jamiyatining boshqa institutlarini qoʻllab-quvvatlash jamoat fondi, Oʻzbekiston sotsiologlar assotsiatsiyasi, Oʻzbekiston respublikasi Fanlar akademiyasi, Inson huquqlari boʻyicha Oʻzbekiston respublikasi  Milliy Markazi hamkorligida “Oʻzbekistonda jamoatchilik fikrini oʻrganish va shakllantirishning dolzarb muammolari: usullar, nazariya va amaliyot” doimiy ilmiy-amaliy seminari doirasida “Yangi Oʻzbekiston yoshlari: qadriyatlar yoʻnalishlari va oʻzini oʻzi roʻyobga chiqarish istiqbollari” mavzusida “Akademik Raʼno Ubaydullayeva nomidagi yillik sotsiologik oʻqishlar” boʻlib oʻtdi.

Qadriyatlar yoʻnalishlari afzalliklari va yoshlarning ijtimoiy-madaniy makonga integratsiyalashuvi masalalarini tadqiq etish gumanitar bilimlar sohasida muhim oʻrin tutadi. Yoshlar istalgan mamlakat aholisining har qanday ijtimoiy-iqtisodiy loyihalarga ancha oson jalb etiladigan eng ijtimoiy faol qismi hisoblanadi. Yoshlar jamiyatning rivojlanish darajasini meros qilib oladilar, kelajak modelini shakllantiradilar, shuning uchun ham davlat yoshlarni mamlakatning uzoq muddatli istiqbolda izchil rivojlanishi uchun lokomotiv vazifasini bajaradigan va hayotning barcha sohalarida rolini hisobga olish kerak boʻlgan innovatsion salohiyat deb qabul qiladi.

Mamlakatimizning kelajagi esa koʻp jihatdan yoshlar oʻrtasida taʼlim orqali qanday qadriyatlar shakllanishiga bogʻliqdir. Oʻzbekiston Prezidenti Sh.M.Mirziyoyev 2024 yilni “Yoshlar va biznesni qoʻllab-quvvatlash yili” deb eʼlon qilishi bilan mamlakatning ijtimoiy-iqtisodiy rivojlanishida yoshlarning rolini kuchaytirishga intilishini bildirdi.

Mazkur seminar Oʻzbekiston respublikasi Oliy Majlisi huzuridagi NNT va fuqarolik jamiyatining boshqa institutlarini qoʻllab-quvvatlash jamoat fondi koʻmagida tashkil etildi.

Ilmiy-amaliy seminar ishtirokchilari hozirgi tarixiy davrga xos jadal global oʻzgarishlar sharoitida milliy taʼlim tizimini isloh qilish jarayonini oʻrganish boʻyicha fikr va tajriba almashdilar.

Seminar davomida yangi voqelik sharoitida Oʻzbekiston jamiyatini rivojlantirish strategiyasi, jamiyat taraqqiyotining hozirgi bosqichida yoshlarning qadriyatlar yoʻnalishlari dinamikasi muammolari muhokama qilindi.

Majlisda jamoatchilik fikrini oʻrganish sotsiologiyasi sohasidagi yetakchi tadqiqotchilar va amaliyotchilarning oʻz maʼruzalari bilan ishtirok etishdi. Maʼruzalarning  mavzulari yoshlar va ularning ijtimoiy muammolariga  eʼtiborni kuchaytirish zarurati, yoshlar bilan ishlash vositalari, shakl va usullarini aniqlash masalalariga muvofiq boʻlib, ular ushbu aholi guruhining iqtisodiy, yosh, psixologik va ijtimoiy xususiyatlarini, uning ijtimoiy mavqeyini bilish bilan bevosita bogʻliqdir.

Mazkur seminardagi ilmiy maʼruzalarning ahamiyati shundaki, ularda zamonaviy yoshlar qadriyatlari va qadriyatlar yoʻnalishlarining sotsiologik tahlili amalga oshirilgan; yoshlarning hayotiy qadriyatlari va yoʻnalishlariga taʼsir qiluvchi asosiy omillar aniqlangan; taʼlim, Internet-makon, sanʼat va h.k.larning yoshlarning hayotiy qadriyatlarini shakllantirishga taʼsiri tahlil qilingan.

Shuningdek, ishtirokchilar “Yangi Oʻzbekiston yoshlari: qadriyatlar yoʻnalishlari va oʻzini oʻzi roʻyobga chiqarish istiqbollari” mavzusidagi xalqaro ilmiy-amaliy seminarni dolzarb masalalarni hamkasblari bilan muhokama qilish, ularni hal etish yoʻllarini topish, nazariy va amaliy masalalarda oʻz kasbiy darajasini oshirish imkonini bergan muhim ilmiy tadbir sifatida baholadilar.

Ilmiy-amaliy seminar yakunlari boʻyicha Oʻzbekistonda yoshlarning oʻzini oʻzi roʻyobga chiqarishi uchun shart-sharoitlarni yaxshilash boʻyicha qator tavsiyalar ishlab chiqildi. Ilgari aniqlangan muammolarni bartaraf etish uchun davlat, taʼlim muassasalari va jamiyatning birgalikdagi saʼy-harakatlari orqali amalga oshirish imkoni boʻlgan bir nechta yechimlar taklif qilindi.