85

ODAM SAVDOSIGA QARSHI KURASHISH — DAVR MUAMMOSI!

Mamlakatimizda odam savdosiga qarshi kurashish, undan jabrlangan shaxslarni xar tomonlama himoya qilish, majburiy mehnatning oldini olish va munosib mehnat tamoyillarini ilgari surish borasida Davlat Rahbari boshchiligida tizimli islohotlar amalga oshirilmoqda va sohada aniq natijalarga erishilmoqda.

Oʻzbekistonda fuqarolarning huquq va qonuniy manfaatlarini himoya qilish boʻyicha samarali chora-tadbirlar koʻrilmoqda, mamlakatda odam savdosi va uning ekspluatatsiyasi boʻyicha huquqbuzarliklarning oldini olish va jinoyatlarga qarshi kurashish boʻyicha ishlar, majburiy mehnatga barham berish boʻyicha kompleks chora-tadbirlar amalga oshirilmoqda.

Odam savdosidan jabrlanganlarni aniqlash, himoyalash va ijtimoiy reabilitatsiya qilish, bunday jinoyatlardan jabrlanganlarga tibbiy, psixologik va boshqa yordamlar koʻrsatishda huquqni muhofaza etuvchi va inson huquqlarini himoya qiluvchi tashkilotlar tomonidan yuqori natijalarga erishildi.

Shuningdek, fuqarolarning huquq va qonuniy manfaatlarini himoya qilishni kafolatlash, davlatimizning xalqaro maydondagi obroʻ-eʼtiborini oshirish maqsadida ushbu sohada fuqarolik jamiyati vakillari, xorijiy davlat va nodavlat tashkilotlari bilan oʻzaro hamkorlikni taʼminlash borasida ham muayyan ishlar olib borilmoqda.

2024 yil 16 avgust kuni “Ijtimoiy fikr” respublika jamoatchilik fikrini oʻrganish Markazida Odam savdosi jabrdiydalariga yordam berish boʻyicha respublika reabilitatsiya markazi, “Yuksalish” umummilliy harakati, Respublika “Istiqbolli avlod” ijtimoiy axborot markazi, “Vatandoshlar” jamoat fondi hamkorligida “Oʻzbekistonda jamoatchilik fikrini oʻrganish va shakllantirishning dolzarb muammolari: usullar, nazariya va amaliyot” doimiy ilmiy-amaliy seminarining ilmiy majlisi boʻlib oʻtdi.

Seminarning mavzusi: “Odam savdosi: xabardorlik, sabablar va unga qarshi kurashish”.

Ushbu ilmiy tadbirning asosiy maqsadi sotsiologik soʻrovlar natijalari asosida, mamlakatimizda odam savdosi va uning ekspluatatsiyasi muammolarini hal etishda mavjud boʻshliqlarni toʻldirish va ilmiy asoslangan chora-tadbirlarni ishlab chiqishga koʻmaklashish maqsadida odam savdosiga qarshi kurashish sohasida yuzaga kelayotgan vaziyatni oʻrganish, ushbu jinoyat turi bilan kurashishda koʻrilayotgan chora-tadbirlar samaradorligiga aholining bergan bahosi toʻgʻrisida fuqarolarning fikrini aniqlash, odam savdosi kabi jinoyatlarning sabablari, koʻrinishlari va ular haqidagi fuqarolarning xabardorlik tasavvurini oʻrganish orqali ogohlikka chaqirish boʻyicha takliflar va tavsiyalar ishlab chiqishdan iborat.

Ilmiy-amaliy seminar “Fuqarolar odam savdosi toʻgʻrisida: xabardorlik, sabablar va unga qarshi kurashish“ mavzusida oʻtkazilgan sotsiologik tadqiqotlar natijalari asosida tayyorlangan maʼruza va video-taqdimot taqdim etildi.

Odam savdosi jabrdiydalariga yordam berish boʻyicha respublika reabilitatsiya markazi direktori vazifasini bajaruvchi — Qosimov Osimjon Abduxakimovich “Odam savdosidan jabrlangan yoki jabrlangan deb taxmin qilingan shaxslarga koʻrsatiladigan yordam turlari va reabilitatsiya xizmatlari toʻgʻrisida” maʼruzasi bilan ishtirok etdi.

Respublika “Istiqbolli avlod” ijtimoiy axborot markazi yuristi — Raxmonov Shoxrux “Odam savdosiga qarshi kurashda jamoat tashkilotlarining roli va ahamiyati” mavzusida maʼruza  qildi.

Shuningdek, mazkur tadbir ishtirokchilari oʻrtasida “Oʻzbekistonda jamoatchilik fikrini oʻrganish va shakllantirishning dolzarb muammolari: usullar, nazariya va amaliyot” ilmiy seminari doirasida, fuqarolardan oʻtkazilgan tadqiqot natijalari asosida, “Odam savdosiga qarshi kurashish va munosib mehnat tamoyillarini keng joriy etishga oid qoʻshimcha chora-tadbirlarda koʻrsatilgan ustuvor maqsadlar va asosiy vazifalar qizgʻin muhokama qilindi. 

Shuningdek, Seminar davomida aholini odam savdosi muammolari va unga qarshi kurashish chora-tadbirlari toʻgʻrisida xabardor qilish muhimligini inobatga olgan holda, jamoatchilik fikrini oʻrganishni doimiy monitoring qilish, odam savdosidan jabrlanganlarni har tomonlama qoʻllab-quvvatlash va reabilitatsiya qilish boʻyicha takliflar bildirildi.

Oʻtkazilgan seminar yakuni boʻyicha odam savdosiga qarshi kurashish va munosib mehnat tamoyillarini keng joriy etish boʻyicha taklif va tavsiyalar qabul qilindi.