5

JAMOATCHILIK FIKRI – KORRUPSIYAGA QARSHI KURASHNING ENG MUHIM MEZONI

2026 yil 25 iyun kuni Toshkent shahrida «Oʻzbekistonda jamoatchilik fikrini oʻrganish va shakllantirishning dolzarb muammolari: usullar, nazariya va amaliyot» doimiy ilmiy-amaliy seminari doirasida «Jamiyat hayotining asosiy sohalarida korrupsiyaning tarqalganlik darajasi va unga qarshi kurashish samaradorligining fuqarolar tomonidan baholanishi» mavzusida davra suhbati boʻlib oʻtdi.

Bugungi kunda korrupsiyaga qarshi kurashish masalasi davlat va jamiyat taraqqiyotining muhim shartlaridan biri sifatida namoyon boʻlmoqda. Korrupsiyaning ijtimoiy-iqtisodiy rivojlanishga, davlat boshqaruvi samaradorligiga va fuqarolarning davlat institutlariga boʻlgan ishonchiga taʼsirini chuqur oʻrganish, aholining mazkur muammoga munosabatini muntazam tahlil qilib borish dolzarb vazifalardan hisoblanadi. Shu nuqtai nazardan, jamoatchilik fikrini oʻrganish korrupsiyaga qarshi siyosat samaradorligini baholash, mavjud muammolarni aniqlash va ularning yechimiga qaratilgan amaliy takliflar ishlab chiqishning muhim mexanizmi sifatida ahamiyat kasb etmoqda.

Davra suhbati ishtirokchilarini qutlar ekan, «Ijtimoiy fikr» Respublika jamoatchilik fikrini oʻrganish markazi direktori Rahimova Nigina Xayrullayevna va Oʻzbekiston Respublikasi Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligining Jamoatchilik, yoshlar va nodavlat notijorat tashkilotlar bilan ishlash boʻlimi boshligʻi Bahrom Burxanitdinov seminar ishiga muvaffaqiyat tiladilar. Ular oʻz chiqishlarida mamlakatimizda korrupsiyaga qarshi kurashish sohasida amalga oshirilayotgan izchil islohotlar, jamoatchilik nazoratini kuchaytirish, fuqarolarning huquqiy ongi va huquqiy madaniyatini yuksaltirish hamda davlat va jamiyat oʻrtasidagi ochiq muloqotni rivojlantirishning ahamiyatiga alohida toʻxtaldilar.

Taʼkidlanganidek, korrupsiyaga qarshi kurashishda jamoatchilik fikrini muntazam oʻrganish va hisobga olish davlat siyosatining samaradorligini oshirish, aholi ishonchini mustahkamlash va fuqarolarning ijtimoiy faolligini kuchaytirishning muhim omillaridan biri hisoblanadi.

Tadbirning asosiy qismida «Ijtimoiy fikr» Respublika jamoatchilik fikrini oʻrganish markazi mutaxassislari tomonidan korrupsiyaning tarqalganlik darajasi, unga qarshi kurashish samaradorligi va aholining mazkur masalaga munosabatini aks ettiruvchi sotsiologik tadqiqot natijalari taqdim etildi.

Xususan, Markazning Strategik tadqiqotlar departamenti rahbari Tadjibayev Azizbek Baxodir oʻgʻli «Jamoatchilik fikri korrupsiyaning tarqalganlik darajasi, uning sabablari va namoyon boʻlish shakllari haqida» mavzusida maʼruza qildi. Maʼruzada aholining korrupsiyaning turli sohalardagi tarqalganligi haqidagi tasavvurlari, uning kelib chiqish omillari, korrupsiyaviy holatlarning namoyon boʻlish shakllari hamda fuqarolar tomonidan mazkur muammoning ijtimoiy xavfi qanday baholanayotganligi xususidagi tadqiqot natijalari tahlil qilindi.

Markazning Dala tadqiqotlari va maʼlumotlar sifatini nazorat qilish boʻlimi boshligʻi Xalikova Umida Muhamadjonovna «Jamoatchilik fikri - korrupsiyaga qarshi siyosat samaradorligining indikatori sifatida» mavzusida maʼruza qilib, aholining korrupsiyaga qarshi kurashish sohasida amalga oshirilayotgan davlat siyosatiga bergan baholari, qabul qilinayotgan chora-tadbirlarning samaradorligi va jamoatchilik ishonchining shakllanish tendensiyalariga toʻxtalib oʻtdi.

Markazning CATI tadqiqotlar boʻlimi boshligʻi Boboyev Sherzod Norquziyevich «Fuqarolarning korrupsion vaziyatlar bilan bogʻliq shaxsiy tajribasi tahlili» mavzusida maʼruza qildi. Unda fuqarolarning korrupsiyaviy holatlar bilan bevosita toʻqnash kelish tajribasi, bunday vaziyatlarga munosabati, murojaat qilish amaliyoti hamda korrupsiyaga qarshi murosasiz munosabatni shakllantirish bilan bogʻliq omillar yuzasidan olingan maʼlumotlar taqdim etildi.

Markazning Matematik modellashtirish va tahlil boʻlimi bosh tahlilchisi Islambayev Ravshanbek Islambay oʻgʻli «Davlat boshqaruvi va korrupsiya xavf-xatarlari Oʻzbekiston fuqarolarining idrokida» mavzusida maʼruza qildi. Maʼruzada davlat boshqaruvi tizimida korrupsiya xavflarining aholi tomonidan qanday qabul qilinishi, turli sohalarga nisbatan ishonch darajasi, korrupsiya xavflarini kamaytirishga xizmat qiluvchi omillar hamda jamoatchilik fikri asosida shakllangan baholar tahlil qilindi.

Davra suhbati yakunida ishtirokchilar tomonidan korrupsiyaga qarshi kurashish samaradorligini oshirish, jamoatchilik nazorati mexanizmlarini takomillashtirish, aholining huquqiy ongi va huquqiy madaniyatini yuksaltirish hamda davlat va jamiyat oʻrtasidagi hamkorlikni yanada mustahkamlash masalalari yuzasidan fikr-mulohazalar bildirildi.