6

“YANGI OʻZBEKISTONDA FAROVON OILA MODELI: MILLIY TAJRIBA, ILMIY TAHLIL VA INNOVATSION YONDASHUVLAR” XALQARO ILMIY-AMALIY KONFERENSIYA BOʻLIB OʻTDI

Joriy yilning 19 may kuni Toshkent shahridagi “Renessans” kino uyida “Yangi Oʻzbekistonda farovon oila modeli: milliy tajriba, ilmiy tahlil va innovatsion yondashuvlar” mavzusida xalqaro ilmiy-amaliy konferensiya boʻlib oʻtdi. Mazkur anjuman Oʻzbekiston Respublikasi Oila va xotin-qizlar qoʻmitasi huzuridagi Oila va gender ilmiy-tadqiqot instituti tashabbusi bilan tashkil etildi.

Xalqaro konferensiya oila institutini mustahkamlash, gender tenglikni taʼminlash, demografik barqarorlikni qoʻllab-quvvatlash, oilaviy qadriyatlarni asrab-avaylash hamda raqamli transformatsiya sharoitida farovon oila modelini shakllantirishning zamonaviy mexanizmlarini muhokama qilishga bagʻishlandi. Anjuman davlat tashkilotlari, xalqaro institutlar, ilmiy-tadqiqot markazlari, oliy taʼlim muassasalari va ekspert doiralari oʻrtasidagi konstruktiv muloqot va tajriba almashuvining muhim platformasiga aylandi.

Konferensiya ishida Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati senatori Kadirxanova Malika Akbarovna, Oila va xotin-qizlar qoʻmitasi raisi oʻrinbosari Nurmatova Mukarram Axmedovna, BMTning Oʻzbekistondagi doimiy koordinatori Sabine Mahl, UNFPAning Oʻzbekistondagi vakolatxonasi rahbari Nigina Abaszade, UNISEF, XMTning Oʻzbekistondagi katta koordinatori Yuriy Shterk, Oʻzbekiston Respublikasi Oliy majlisining Inson huquqlari boʻyicha Vakili (ombudsman), yuridik fanlari doktori Eshmatova Feruza Farxodovna hamda qator mahalliy va xalqaro tashkilotlar vakillari ishtirok etdilar.

Anjumanning ochilish qismida oila institutini qoʻllab-quvvatlash, xotin-qizlar huquqlarini taʼminlash, inson kapitali va barqaror jamiyat rivojida oilaning strategik ahamiyatiga doir muhim fikrlar bildirildi. Xususan, Yangi Oʻzbekiston taraqqiyot strategiyasida oila institutini mustahkamlash, ijtimoiy himoya va gender tenglikni taʼminlash davlat siyosatining ustuvor yoʻnalishlaridan biri ekani alohida taʼkidlandi.

Konferensiya doirasida toʻrtta yirik tematik sessiya tashkil etildi. Birinchi sessiya “Oila institutining barqaror rivojlanishi va farovon oila modelini shakllantirishning huquqiy-institutsional asoslari” mavzusiga bagʻishlanib, unga “Ijtimoiy fikr” Respublika jamoatchilik fikrini oʻrganish markazi direktori, iqtisodiyot fanlari doktori Raximova Nigina Xayrullayevna moderatorlik qildi.

Sessiya davomida oila institutining jamiyat barqarorligidagi oʻrni, raqamli muhitda oilaviy munosabatlarning transformatsiyasi, ijtimoiy himoya va huquqiy mexanizmlarni takomillashtirish, gender tenglikni taʼminlash hamda oilaviy qadriyatlarni saqlashning innovatsion yondashuvlari muhokama qilindi.

Xususan, Hindistonning Aligarh Muslim Universiteti professori, g.f.d.. Muhammad Suhail – Raqamli Mahalla: Oʻzbekiston yoshlari oʻrtasidagi anʼanaviy qadriyatlarni saqlash uchun “Aqlli oila modeli”ni integratsiyalash mavzusida maʼruzasi bilan ishtirok etib, “Aqlli oila modeli” konsepsiyasi orqali raqamli muhitda yoshlar oʻrtasida anʼanaviy qadriyatlarni saqlash masalalariga toʻxtaldi. FAOning Yevropa va Markaziy Osiyo boʻyicha mintaqaviy idorasining gender va ijtimoiy himoya boʻyicha mutaxassisi, PhD Anna Jenderedjian qishloq ayollari va qizlarining barqaror rivojlanishdagi oʻrni haqida maʼruza qildi. Bolgariyalik professor “Святой Климент Охридский” nomidagi Sofiya universiteti siyosiy fanlar doktori Татяна Дронзина esa oilaviy mediatsiyada raqamli texnologiyalar va integrativ yondashuvlarning ahamiyatini ilmiy tahlil qildi.

Shuningdek, Toshkent davlat yuridik universiteti professori Burxanova Leyla  Mariusovna Oʻzbekiston Respublikasida nikoh shartnomasi institutini isloh qilishning zamonaviy tendensiyalari haqida, Oʻzbekiston Respublikasi huquqni muhofaza qilish akademiyasi boshligʻi oʻrinbosari, y.f.d., professor Odinaev Adham Saʼdullayevich - oiladagi zoʻravonlik va jinoyatlarga qarshi kurashishda raqamli texnologiyalardan foydalanish imkoniyatlari xususida maʼruza qildi.

Ikkinchi sessiyada globallashuv sharoitida oilaviy qadriyatlarni mustahkamlash hamda farovon oilani taʼminlashda raqamli texnologiyalar va sunʼiy intellektga asoslangan yondashuvlar mavzusida boʻlib oʻtdi. Unda Misr, Buyuk Britaniya va Oʻzbekiston olimlari tomonidan raqamli davrda oila institutining yangi ijtimoiy-psixologik va maʼnaviy chaqiriqlari haqida fikrlar bildirildi.

Uchinchi sessiya demografik barqarorlikni taʼminlash va reproduktiv salomatlikni mustahkamlash masalalariga bagʻishlanib, xalqaro ekspertlar tomonidan aholini ijtimoiy himoya qilish, gender tengligi, oilaviy farovonlik va aholi tarkibidagi oʻzgarishlarga doir tahliliy maʼruzalar taqdim etildi. Xususan, Gana, Belarus va Xitoy ekspertlari raqamli iqtisodiyot, demografik jarayonlar va oila institutining transformatsiyasiga oid dolzarb masalalarni muhokama qildilar.

Toʻrtinchi sessiyada esa oilada gender tengligini taʼminlash va oila-ish muvozanatini qoʻllab-quvvatlash mexanizmlari masalalari koʻrib chiqildi. Turkiya, Oʻzbekiston va boshqa davlatlar olimlari tomonidan oilaviy munosabatlarda muloqot madaniyati, gender tengligi va oilaga doʻstona siyosat yuzasidan ilmiy taklif va tavsiyalar ilgari surildi.

Taʼkidlash joizki, mazkur xalqaro konferensiya oila institutini mustahkamlash, inson qadri va ijtimoiy barqarorlikni taʼminlash, xotin-qizlarni qoʻllab-quvvatlash hamda zamonaviy jamiyatda farovon oila modelini shakllantirishga qaratilgan ilmiy va amaliy yondashuvlarni integratsiya qilishda muhim ahamiyat kasb etdi.

“Ijtimoiy fikr” Respublika jamoatchilik fikrini oʻrganish markazi tomonidan amalga oshirilayotgan sotsiologik tadqiqotlar ham mamlakatda oila, gender munosabatlari, ijtimoiy himoya, demografik jarayonlar va jamoatchilik fikri dinamikasini kompleks oʻrganish orqali davlat va jamiyat rivojining ustuvor yoʻnalishlarini belgilashga xizmat qilmoqda.