01.11.2024
63
Joriy yilning 31 oktyabr kuni “Ijtimoiy fikr” respublika jamoatchilik fikrini oʻrganish Markazida Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi huzuridagi Nodavlat notijorat tashkilotlarini va fuqarolik jamiyatining boshqa institutlarini qoʻllab-quvvatlash jamoat fondi, Oʻzbekiston nodavlat notijorat tashkilotlari milliy assotsiatsiyasi, Oʻzbekiston Respublikasi Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi, “Yuksalish” umummilliy harakati, Demokratik jarayonlarni tahlil qilish Markazi hamkorligida “Oʻzbekistonda nodavlat notijorat tashkilotlari: fuqarolik faolligi, jamoatchilik nazorati va davlat bilan sheriklik” mavzusida ilmiy seminar boʻlib oʻtdi.
Mamlakatimizda fuqarolik jamiyatini rivojlantirish 2021-2025 yillarda fuqarolik jamiyatini rivojlantirish konsepsiyasining hozirgi kundagi muhim vazifasi hisoblanadi. Oʻzbekiston jamiyati hayotining turli sohalarida faoliyat yuritadigan nodavlat notijorat tashkilotlari (NNT) fuqarolik jamiyatining ijtimoiy institutlaridan biridir.
Hozirgi kunda Oʻzbekistonda fuqarolik jamiyatini rivojlantirish, davlat va ijtimoiy rivojlanishning dolzarb masalalari boʻyicha davlat va fuqarolik jamiyati oʻrtasida samarali va konstruktiv muloqot mexanizmlarini shakllantirish, ijtimoiy-iqtisodiy rivojlanish dasturlarini ishlab chiqish va amalga oshirishda fuqarolik institutlarining faolligini oshirish, NNTning faoliyat doirasini kengaytirish, nodavlat notijorat tashkilotlari faoliyatida aholining fuqarolik ishtirokini kuchaytirish masalalari dolzarblik kasb etmoqda.
Shuningdek, 2024 yil 26 avgustda fuqarolik jamiyati institutlarini davlat tomonidan qoʻllab-quvvatlash tizimini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining Farmoni chiqdi. Mazkur farmonning ahamiyati va mazmuni keng jamoatchilikka shuningdek, mavjud nodavlat notijorat tashkilotlariga yetkazish bilan birgalikda ushbu tashkilotlarning faoliyatidagi samaradorlik oshirilishiga katta ahamiyat berilmoqda.
Tadbirni “Ijtimoiy fikr” respublika jamoatchilik fikrini oʻrganish Markazi direktori Raximova Nigina Xayrullayevna kirish soʻzi bilan ochib berdi va seminar ishiga muvaffaqiyat tiladi.
Mazkur tadbir davomida “Ijtimoiy fikr“ respublika jamoatchilik fikrini oʻrganish Markazi direktorining ilmiy ishlar va innovatsiya boʻyicha oʻrinbosari, sotsiologiya fanlari boʻyicha falsafa doktori, PhD Alekseyeva Viktoriya Sergeyevna hamda “Ijtimoiy fikr“ respublika jamoatchilik fikrini oʻrganish Markazi tezkor tadqiqotlar boʻlimi rahbari, sotsiologiya fanlari boʻyicha falsafa doktori, PhD Seitov Mansur Sherikboyevichlar “Oʻzbekistonda nodavlat notijorat tashkilotlari: fuqarolik faolligi, jamoatchilik nazorati va davlat bilan sheriklik” (oʻtkazilgan sotsiologik tadqiqotlar natijalari asosida) maʼruza va video-taqdimot taqdim etishdi.
Ushbu ilmiy tadbirning asosiy maqsadi sotsiologik soʻrovlar natijalari asosida, Oʻzbekiston jamiyatida nodavlat notijorat tashkilotlarining rolini, mamlakatni isloh qilish va modernizatsiya qilish jarayonlarida NNTlarning oʻrni oʻrganilgan, fuqarolik tashabbuslarining talabgorligini yanada demokratik rivojlanish omili sifatida baholash va mamlakat NNTlar faoliyatining muvaffaqiyatliligi va samaradorligini oshirishga qaratilgan tavsiyalar ishlab chiqish maqsadida sotsiologik tadqiqot oʻtkazildi, unda oʻzbekistonliklarning nodavlat notijorat tashkilotlari haqidagi asosiy tasavvuri oʻrganildi, NNTlar faoliyati va fuqarolarning NNTlar faoliyatiga jalb qilinishi uchun zarur shart-sharoitlar mavjudligi boʻyicha takliflar va tavsiyalar ishlab chiqishdan iborat.
Mazkur seminar NNTlar oʻrtasida va fuqarolik faolligini oshirish, davlat organlari bilan hamkorlikni yoʻlga qoʻyish, shuningdek, davlat organlari vakillari oʻrtasida tajriba almashish masalalarini muhokama qilishga bagʻishlandi. Seminarda ekspertlar va nodavlat notijorat tashkilotlari vakillari ishtirok etishdi, ularda Oʻzbekistonda erishilgan yutuqlar, muammolar va jamiyat taraqqiyotining istiqbolli yoʻnalishlari muhokama qilindi.
Oʻtkazilgan seminar yakunida ishtirokchilar mavzuni keng muhokama qilib, oʻz fikr-mulohazalarini bildirishdi hamda taklif va tavsiyalar qabul qilindi.