162

2024 yil 27 iyun kuni “Ijtimoiy fikr” respublika jamoatchilik fikrini oʻrganish Markazida Oʻzbekiston Respublikasi Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi, Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi huzuridagi Nodavlat notijorat tashkilotlarini va fuqarolik jamiyatining boshqa institutlarini qoʻllab-quvvatlash jamoat fondi, Oʻzbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasi va Yuksalish harakati nodavlat notijorat tashkiloti hamkorligida “Oʻzbekistonda jamoatchilik fikrini oʻrganish va shakllantirishning dolzarb muammolari: usullar, nazariya va amaliyot” doimiy ilmiy-amaliy seminarining ilmiy majlisi boʻlib oʻtdi.

Seminarning mavzusi: “Korrupsiya jamoatchilik fikri koʻzgusida”.

Shaxs, jamiyat va davlatning oʻzaro munosabatlari sohasidagi korrupsiyaga qarshi faoliyat muammolarini koʻrib chiqish Yangi Oʻzbekistonning zamonaviy sharoitida alohida va dolzarb ahamiyat kasb etadi.

Mamlakatimiz Prezidenti Sh.M.Mirziyoev rahbarligida amalga oshirilayotgan davlat siyosatining ustuvor vazifalari qatorida jamiyat ongini oʻzgartirish, fuqarolarning huquqiy ongi va huquqiy madaniyatini oshirish orqali jamiyatda korrupsiyaning barcha koʻrinishlariga nisbatan murosasizlik muhitini yaratish, davlat organlari, tashkilotlar va fuqarolik jamiyati institutlarining korrupsiyaga qarshi kurashish, jamiyat hayotining barcha sohalarida korrupsiyaviy holatlarning oldini olish masalalari yuzasidan oʻzaro hamkorligini kuchaytirish zarurligi belgilandi.

Oʻzbekistonda davlat organlari, tashkilotlari va fuqarolik jamiyati institutlarining korrupsiyaga qarshi kurashish chora-tadbirlari samaradorligini oshirishga, jamiyat hayotining barcha sohalarida korrupsiya holatlariga yoʻl qoʻymaslikka, jamiyatda korrupsiyaning barcha koʻrinishlariga nisbatan murosasiz munosabatni yaratishga yoʻnaltirilgan keng koʻlamli chora-tadbirlar qabul qilinmoqda.

Mazkur ilmiy tadbirning asosiy maqsadi sotsiologik soʻrovlar natijalari asosida korrupsiya, poraxoʻrlik va tamagirlikka qarshi kurashish samaradorligini oshirish, davlat tashkilotlari, muassasalari, jamoat tashkilotlari va ommaviy axborot vositalari uchun umuman butun mamlakat aholisi, shuningdek, alohida ijtimoiy qatlamlar, ayniqsa, yoshlar ongida korrupsiya va poraxoʻrlikka nisbatan salbiy munosabatni hamda korrupsiya va poraxoʻrlikning har qanday shakllariga qarshi faol ravishda murosasiz boʻlishni shakllantirish boʻyicha takliflar va tavsiyalar ishlab chiqishdan iborat.

Ilmiy-amaliy seminar ishtirokchilariga “Fuqarolar Oʻzbekistonda korrupsiya toʻgʻrisida” mavzusida  oʻtkazilgan sotsiologik tadqiqotlar natijalari asosida tayyorlangan maʼruza va video-taqdimot taqdim etildi.

Shuningdek, ushbu tadbir ishtirokchilari oʻrtasida “Oʻzbekistonda jamoatchilik fikrini oʻrganish va shakllantirishning dolzarb muammolari: usullar, nazariya va amaliyot” ilmiy seminari doirasida, fuqarolardan oʻtkazilgan tadqiqot natijalari asosida, Oʻzbekiston — 2030 strategiyasida koʻrsatilgan ustuvor maqsadlar va asosiy vazifalar qizgʻin muhokama qilindi. 

Oʻtkazilgan seminar yakuni boʻyicha korrupsiya va poraxoʻrlikka nisbatan faol qarshi kurashish boʻyicha taklif va tavsiyalar qabul qilindi.