147

Jamiyat barqaror rivojlanishining asosi sifatida taʼlimni tarkibiy modernizatsiyalash

2023 yil 1 dekabr kuni “Ijtimoiy fikr” respublika jamoatchilik fikrini oʻrganish Markazida Oʻzbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasi, Oʻzbekiston sotsiologlari assotsiatsiyasi, Inson huquqlari boʻyicha Oʻzbekiston Respublikasi Milliy markazi va Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi huzuridagi Nodavlat notijorat tashkilotlarini va fuqarolik jamiyatining boshqa institutlarini qoʻllab-quvvatlash jamoat fondi hamkorligida “Oʻzbekistonda jamoatchilik fikrini oʻrganish va shakllantirishning dolzarb muammolari: usullar, nazariya va amaliyot” doimiy ilmiy-amaliy seminarining xalqaro majlisi boʻlib oʻtadi. Seminar majlisi akademik olima Raʼno Ahatovna Ubaydullayeva nomidagi yillik sotsiologik oʻqishlar doirasida oʻtkaziladi.

Taʼlim sohasida sodir boʻlayotgan jarayonlarni iqtisodiy va ijtimoiy jihatlarda tadqiq etishga bagʻishlangan, “Jamiyat barqaror rivojlanishining asosi sifatida taʼlimni tarkibiy modernizatsiyalash” mavzusidagi toʻplam nashr etildi.

Toʻplamda mahalliy va xorijlik tadqiqotchi-olimlarning “Oʻzbekiston – 2030” Strategiyasi va Oʻzbekiston Respublikasi oliy taʼlim tizimini 2030 yilgacha rivojlantirish konsepsiyasining asosiy yoʻnalishlarini amalga oshirish jarayonida yuzaga kelayotgan masalalarni aks ettiruvchi ilmiy maqolalari taqdim etilgan. Kitobda Oʻzbekiston jamiyatining ijtimoiy-iqtisodiy hayotini isloh qilish bilan bogʻliq ravishda taʼlim sohasini transformatsiyalashning keng koʻlamli nazariy va amaliy muammolari yoritilgan.

Chop etilgan ilmiy maqolalar 2023 yil Oʻzbekistonda “Insonga eʼtibor va sifatli taʼlim yili” deb eʼlon qilinganligi munosabati bilan, ayniqsa, dolzarb hisoblanadi.

Toʻplamdagi materiallar sotsiolog, faylasuf, psixolog, iqtisodchi-olimlar, shuningdek, doktorantlar, ilmiy izlanuvchilar, talabalar, gumanitar fanlar oʻqituvchilari va boshqalarda qiziqish uygʻotishi mumkin.

BATAFSIL: JAMIYAT BARQAROR RIVOJLANIShINING ASOSI SIFATIDA TA'LIMNI TARKIBIY MODERNIZASIYALASh