26.05.2023
206
XALQARO ILMIY-AMALIY KONFERENSIYA
Joriy yilning 25 may kuni Mirzo Ulug‘bek nomidagi O‘zbekiston Milliy universiteti kutubxonasining anjumanlar zalida Mirzo Ulug‘bek nomidagi O‘zbekiston Milliy universitetining «Ijtimoiy fanlar» fakulteti “Sotsiologiya” kafedrasi bilan «Ijtimoiy fikr» respublika jamoatchilik fikrini o‘rganish Markazi hamkorligida «Zamonaviy dunyoning ijtimoiy-madaniy manzarasi va ijtimoiy tuzilmalarning transformatsiyasi» mavzusida tashkil etilgan xalqaro ilmiy-amaliy konferensiya bo‘lib o‘tdi. Uning maqsadi so‘nggi 20 yil ichida zamonaviy jamiyatdagi ijtimoiy jarayonlar dinamikasini va raqamlashtirish davridagi zamonaviy tahdidlar munosabati bilan shaxs va jamiyatning o‘zgarishini tahlil qilishdan iborat edi.
Konferensiyada mamlakatimiz, shuningdek, Markaziy Osiyo mamlakatlari olimlari, davlat hokimiyati organlari va nodavlat notijorat tashkilotlari, xususan, O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senatining Yoshlar, madaniyat va sport masalalari qo‘mitasi va O‘zbekiston Respublikasi Qonunchilik palatasi, O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Davlat boshqaruvi akademiyasi, Mirzo Ulug‘bek nomidagi O‘zbekiston Milliy universiteti, «Ijtimoiy fikr» respublika jamoatchilik fikrini o‘rganish Markazi, N.Gumilev nomidagi Yevroosiyo Milliy universiteti, M.O.Auezov nomidagi Janubiy Qozog‘iston davlat universiteti, Jusup Balasagin nomidagi Qirg‘iziston milliy universiteti va “Yuksalish” umummilliy harakati vakillari, milliy va xorijiy oliy taʼlim muassasalari o‘qituvchilari, doktorantlari va magistrantlari ishtirok etdilar.
Mirzo Ulug‘bek nomidagi O‘zbekiston Milliy universitetining fan va innovatsiyalar bo‘yicha prorektori Yo.S.Ergashev konferensiyani kirish so‘zi bilan ochdi va xalqaro konferensiya ishtirokchilari hamda mehmonlarini yalpi majlisning boshlanishi hamda Mirzo Ulug‘bek nomidagi O‘zbekiston Milliy universiteti tashkil etilganligining 105 yilligi bilan tabrikladi.
Konferensiya ishtirokchilari eʼtiboriga quyidagi mavzulardagi maʼruzalar taqdim etildi:
- O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senatining Yoshlar, madaniyat va sport masalalari qo‘mitasi raisi o‘rinbosari D.R.Tashmuhamedovaning «Maktabda o‘smirlarning ruhiy salomatligi va ruhiy-ijtimoiy muvozanati»;
- «Ijtimoiy fikr» respublika jamoatchilik fikrini o‘rganish Markazi direktori, i.f.d. N.X.Raximovaning «Zamonaviy O‘zbekiston jamiyati ijtimoiy tuzilmasining o‘ziga xos xususiyatlari»;
- N.Gumilev nomidagi Yevroosiyo Milliy universiteti “Siyosatshunoslik” kafedrasi professori, p.f.n. R.A.Nurtazinaning «NEET toifasidagi yoshlarning bandligiga ko‘maklashish sohasida Qozog‘istonning davlat siyosati»;
- N.Gumilev nomidagi Yevroosiyo Milliy universiteti “Siyosatshunoslik” kafedrasi professori, s.f.n. G.M.Burakanovaning «Rahbarning imiji»;
- M.O.Auezov nomidagi Janubiy Qozog‘iston davlat universiteti “Siyosatshunoslik» kafedrasi dotsenti, f.f.n. S.A.Majinbekovning «M.O.Auezov nomidagi JQDU va Mirzo Ulug‘bek nomidagi O‘zMU o‘rtasida kafedralararo hamkorlikni rivojlantirish istiqbollari»;
- Jusup Balasagin nomidagi Qirg‘iziston milliy universiteti «Sotsiologiya va ijtimoiy ish» kafedrasi mudiri, s.f.n., dotsent A.R.Jusubaliyevning «Zamonaviy jamiyatning ijtimoiy jipslashuvida tillarning roli»;
- M.O.Auezov nomidagi Janubiy Qozog‘iston davlat universiteti dotsenti, f.f.n. S.S.Korganovning «SHHTga aʼzo-mamlakatlarning taʼlim sohasidagi hamkorligi istiqbollari»;
- “Yuksalish” umummilliy harakati raisining o‘rinbosari, ijrochi direktori A.M.Mamatxonovning «Yangi O‘zbekistonni qurish: islohotlarning birinchi bosqichi yakunlari va kelgusi taraqqiyot vazifalari» mavzusidagi maʼruzalari va h.k.
Xususan, konferensiyada so‘zga chiqqan «Ijtimoiy fikr» respublika jamoatchilik fikrini o‘rganish Markazi direktori o‘rinbosari M.K.Xadjimuxamedov so‘nggi yillarda O‘zbekistonning etnik, diniy, maʼrifiy, gender, yosh va boshqa ko‘plab kesimlarni o‘z ichiga olgan ijtimoiy tuzilmasida dinamik o‘zgarishlar yuz berayotganini, ammo ijtimoiy-madaniy makondagi tabaqalanish yanada yorqin namoyon bo‘layotganini taʼkidladi. Ushbu o‘zgarishlarning tendensiyalari bir xil emas, ular ko‘p turli hisoblanadi, ularning qonuniyatlarini bilmasdan va anglamasdan turib boshqaruvning samarali modelini deyarli shakllantirib bo‘lmaydi, shu munosabat bilan sifatli sotsiologik maʼlumotlarga va jamoatchilik fikrining monitoring tadqiqotlariga bo‘lgan ehtiyoj tobora ortib bormoqda.
Yalpi majlisning yakunlari bo‘yicha ishtirokchilar takliflar va izohlar uchun maxsus rezolyutsiya tayyorlash haqida kelishib oldilar.
Konferensiya ishi oflayn va onlayn platformalarda taqdim etildi hamda anjuman o‘zining navbatdagi majlislarini shoʻbalarda davom ettirdi.