137

Soʻnggi yillarda yurtimizda xotin-qizlarni qoʻllab-quvvatlash, ularning mamlakatimiz iqtisodiy, siyosiy va ijtimoiy hayotining barcha sohalarida faolligini yanada oshirish, oila va onalikni qoʻllab-quvvatlash, gender tenglikni taʼminlash maqsadida keng imkoniyatlar yaratilmoqda.

Shuningdek,  mamlakatimizda xotin-qizlarning tadbirkorlik va biznes faoliyatini qoʻllab-quvvatlashga alohida eʼtibor qaratilmoqda. Xususan, 2022-2026 yillarga moʻljallangan Yangi Oʻzbekistonning taraqqiyot strategiyasining 69-maqsadida xotin-qizlarning taʼlim va kasbiy koʻnikmalar olishlari, munosib ish topishlariga har tomonlama koʻmaklashish, tadbirkorligini qoʻllab quvvatlash, iqtidorli yosh xotin-qizlarni aniqlash va ularning qobiliyatlarini toʻgʻri yoʻnaltirish vazifalari belgilangan.

Oʻzbekiston-24 telekanalining Tahlilnoma dasturida Ijtimoiy fikr respublika jamoatchilik fikrini oʻrganish Markazi direktorining fan va innovatsiyalar boʻyicha oʻrinbosari, sotsiologiya fanlari boʻyicha falsafa doktori (PhD) V.S.Aleksseva bilan xotin-qizlarning ijtimoiy qoʻllab-quvvatlash mavzusida boʻlgan suhbatda xotin-qizlarning huquq va manfaatlarini taʼminlash, xotin-qizlarni ijtimoiy himoya qilishning samaradorligi, mamlakatimiz hududlarida qizlarni oʻqitish va tarbiyalash uchun zarur shart-sharoitlarning mavjudligi,  xotin-qizlarni tadbirkorlikka jalb etish, ularning salomatligini muhofaza qilish shuningdek, Prezidentimiz Sh.M.Mirziyoevning 8-mart xotin-qizlar kuni munosabati bilan yoʻllagan tabrik nutqidagi takliflar va tashabbuslar toʻgʻrisida fikr-mulohazalarini bildirgan.

Milliy dastur Oʻzbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi, Oʻzbekiston Respublikasining “Yoshlarga oid davlat siyosati toʻgʻrisida“, “Xotin-qizlarni tazyiq va zoʻravonlikdan himoya qilish toʻgʻrisida“, “Xotin-qizlar va erkaklar uchun teng huquq va imkoniyatlar kafolatlari toʻgʻrisida“gi qonunlariga, Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senatining “2030 yilga qadar  Oʻzbekiston Respublikasida gender tenglikka erishish strategiyasini tasdiqlash haqida”gi qaroriga, xalqaro huquqning umum-eʼtirof etilgan tamoyillari va normalari, Oʻzbekiston Respublikasining xalqaro shartnomalari qoidalari va boshqa qonun hujjatlariga muvofiq ishlab chiqilgan.