21.09.2024
52
“Ijtimoiy fikr” respublika jamoatchilik fikrini o‘rganish markazi mabuot xizmati rahbari Axmedova Dildora Olimjonovna Zo‘rTV telekanalida “Ta’lim sohasidagi o‘zgarishlar” mavzusida olib borilgan O‘zimizda tok shou ko‘rsatuvida ekspert sifatida ishtirok etdi.
Ushbu ko‘rsatuvda Prezident Shavkat Mirziyoyevning O‘zbekiston Respublikasi davlat mustaqilligining 33-yilligiga bag‘ishlangan tantanali marosimdagi nutqi: ta’lim sohasidagi o‘zgarishlarga alohida e’tibor berilib yurtimizda ta’lim sohasida olib borilayotgan islohotlar va ularning natijalari haqida fikr mulohazalar olib borildi.
Xususan, davlatimiz rahbari o‘z nutqida yoshlar masalasiga alohida e’tibor qaratdi. Jumladan, uning so‘zlariga ko‘ra, hozirgi kunda Yangi O‘zbekistonni barpo etishda asosiy e’tibor beshta ustuvor yo‘nalishga qaratilyapti.
Bular, avvalo, sifatli ta’lim tizimini yo‘lga qo‘yish, biznesni rivojlantirish, korrupsiyadan xoli, adolatli sud tizimini yaratish, sog‘liqni saqlash sohasini tubdan yaxshilash, ekologik barqarorlikni ta’minlashdan iborat. Shu bilan birga muammolarimizning yechimi, savollarimizning javobi faqat va faqat ta’limda. Hamma eshiklarni ochadigan kalit ham – faqat va faqat ta’lim va tarbiyadir.
Bugungi kunda muhim yutuqlar qatorida: maktabgacha ta’lim bilan qamrab olish darajasining 27,7% dan 74,6% gacha, oliy ta’lim bilan qamrab olish darajasining 9% dan 38,6% gacha, maktablar sonining 9 719 dan 10 886 gacha va oliy ta’lim muassasalari sonining 77 dan 212 gacha ko‘payishini keltirish mumkin.
Shu sababli maktab ta’limini isloh qilish bo‘yicha katta dastur qabul qilindi. Maktablarimizda avvalo ona tili va adabiyotni chuqur o‘rgatishga alohida e’tibor qaratilmoqda. Farzandlarimizga chet tillaridan sifatli ta’lim berish maqsadida xorijdan malakali ustozlar jalb qilinmoqda. Maktab o‘quvchilari jahondagi ilg‘or tajribalar asosida tayyorlangan zamonaviy darsliklar bilan ta’minlanmoqda.
Yurtimizda dunyodagi nufuzli oliygohlarning filiallarini ochib, O‘zbekistonni yirik ta’lim markaziga aylantirishni maqsad qilganmiz. Yoshlarimiz yetakchi xorijiy universitetlarda tahsil olib, tajriba orttirib, Vatan ravnaqi yo‘lida xizmat qilishga bel bog‘laganlar. Buning uchun ularga “El-yurt umidi” jamg‘armasi orqali yanada qulay imkoniyatlar yaratiladi. Ayniqsa, xotin-qizlarning bilim olishlari, kasb egallashlariga alohida e’tibor qaratilishi lozimligi alohida ta’kidlandi.
2018-2023 yillarda 1 900 nafarga yaqin stipendiatlar dunyoning 45 ga yaqin davlatlarida bilim olgan. Bugungi kunga kelib, ularning 1 277 nafari O‘zbekistonga qaytib xorijda olgan ilg‘or bilim va ko‘nikmalarini iqtisodiyotning turli sohalari va tarmoqlarida samarali qo‘llamoqdalar.
Shu o‘rinda davlatimiz rahbari o‘z nutqlarida ota-onalarga murojaat qildi: qizlaringizni o‘qiting, orzu-umidlarini ro‘yobga chiqarishlarida ularga ko‘makchi bo‘ling! Ulug‘larimiz aytganlaridek, o‘g‘il bolani o‘qitsak, bir kishi savodli bo‘ladi. Qiz bolani o‘qitsak, butun oila, butun jamiyat bilimli bo‘ladi!
Ta’kidlab o‘tish kerak, O‘zbekistonda ta’lim olishda gender tenglikni ta’minlash, o‘g‘il va qiz bolalarning bilimli bo‘lishlariga bir xilda yondashishga katta e’tibor qaratilyapti. Jumladan, Respublikamizda faoliyat yuritayotgan 10,2 mingta maktabda 6,4 mln dan ortiq nafar o‘quvchilar ta’lim olishmoqda. Shulardan deyarli 3,2 mln nafari qizlar.
Respublikamizdagi oliy ta’lim muassasalarida tahsil olayotgan talabalar soni 1 mln. 350 ming nafardan oshib, shundan xotin-qizlar 684 mingni (50,7 foizni) tashkil etmoqda. Bu o‘z navbatida 2017 yilgi ko‘rsatkichdan 12,7 foizga oshgan.