07.07.2026
11
FUQAROLAR O‘ZBEKISTONDA OMMAVIY AXBOROT VOSITALARI HAQIDA
2026-yil 6-iyul kuni «Ijtimoiy fikr» respublika jamoatchilik fikrini o‘rganish markazi tomonidan aholining ommaviy axborot vositalari faoliyati, axborot iste’moli madaniyati hamda mamlakat axborot makonida kechayotgan jarayonlarga munosabatini kompleks o‘rganishga qaratilgan respublika miqyosidagi sotsiologik tadqiqot boshlandi.
Bugungi kunda raqamli axborot muhitining jadal rivojlanishi, yangi media platformalarining kengayishi, axborot oqimining keskin ortishi va jamoatchilik fikri shakllanishida ommaviy axborot vositalarining ta’siri kuchayib borayotgan sharoitda fuqarolarning axborot olish manbalari, mediaga bo‘lgan ishonchi, axborotni tanlash mezonlari hamda media savodxonlik darajasini ilmiy asosda baholash muhim ahamiyat kasb etmoqda.
Tadqiqotning asosiy maqsadi mamlakat aholisining ommaviy axborot vositalari faoliyatiga munosabatini, axborot iste’molidagi zamonaviy tendensiyalarini, turli axborot manbalariga bo‘lgan ishonch darajasini, axborotni qabul qilish va baholash xususiyatlarini, shuningdek, ommaviy axborot vositalarining jamiyat hayotidagi o‘rni haqidagi jamoatchilik fikrini har tomonlama tahlil qilishdan iborat.
Sotsiologik tadqiqot doirasida fuqarolarning mamlakat va jahondagi voqealarga qiziqish darajasi, yangiliklarni qaysi axborot manbalari orqali kuzatishi, televideniye, internet nashrlari, Telegram kanallari, ijtimoiy tarmoqlar, YouTube platformalari va boshqa media vositalaridan foydalanish xususiyatlari o‘rganiladi. Shu bilan birga, aholining turli mazmundagi axborotlarga bo‘lgan ehtiyoji, tahliliy materiallar, videoreportajlar, intervyular, infografikalar va boshqa axborot formatlariga bo‘lgan qiziqishi ham baholanadi.
Tadqiqot dasturida ommaviy axborot vositalarining jamiyatdagi ijtimoiy vazifalariga oid qarashlar, so‘z erkinligi va OAV mustaqilligi darajasi, jurnalistlar uchun yaratilgan shart-sharoitlar, sohadagi dolzarb muammolar hamda ularni bartaraf etish bo‘yicha jamoatchilik takliflarini aniqlashga alohida e’tibor qaratilgan. Shuningdek, fuqarolarning yolg‘on axborotlarga duch kelish holatlari, ularni haqqoniy ma’lumotlardan ajratish ko‘nikmalari, media savodxonlik darajasi hamda axborot xavfsizligiga oid qarashlari chuqur tahlil qilinadi.
Mazkur tadqiqot natijalari mamlakat axborot siyosati samaradorligini baholash, aholining media sohasidagi ehtiyoj va kutilmalarini aniqlash, ommaviy axborot vositalari faoliyatini yanada takomillashtirish, axborot makonida ochiqlik va shaffoflikni mustahkamlash, jurnalistika sohasini rivojlantirish hamda aholining media savodxonligini oshirishga qaratilgan ilmiy asoslangan taklif va amaliy tavsiyalar ishlab chiqish uchun muhim empirik manba bo‘lib xizmat qiladi.


