19.09.2026
23
TA’LIM TIZIMI: FUQAROLAR BAHOSI, MUAMMOLAR VA KUTILMALAR
«Ijtimoiy fikr» Respublika jamoatchilik fikrini o‘rganish markazi tomonidan O‘zbekistonda ta’lim tizimining bugungi holati, mavjud muammolar va fuqarolarning sohani rivojlantirishga doir kutilmalarini o‘rganishga qaratilgan sotsiologik tadqiqot o‘tkazilmoqda.
Tadqiqotning maqsadi aholining maktabgacha, umumiy o‘rta va oliy ta’lim tizimiga munosabatini o‘rganish, ta’lim sifati va undan foydalanish imkoniyatlariga ta’sir ko‘rsatayotgan asosiy muammolarni aniqlash hamda sohani takomillashtirish bo‘yicha jamoatchilik fikrini tahlil qilishdan iborat.
So‘rov doirasida ta’lim muassasalarining moddiy-texnik holati, pedagog kadrlar bilan ta’minlanganlik va ularning kasbiy salohiyati, ta’lim sifati, xavfsiz va qulay muhit, maxsus ta’lim ehtiyojlari bo‘lgan bolalar uchun yaratilgan sharoitlar, oliy ta’limning mehnat bozori talablariga muvofiqligi, amaliy tayyorgarlik va bitiruvchilarning bandlik imkoniyatlari kabi masalalar o‘rganiladi.
Tadqiqotda pedagog kasbining jamiyatdagi maqomi va nufuzi, o‘qituvchilarni ijtimoiy va kasbiy qo‘llab-quvvatlash, shuningdek, ta’lim darajasi, zamonaviy kasbiy ko‘nikmalar va aholi moddiy farovonligi o‘rtasidagi bog‘liqlikka oid fuqarolar qarashlariga ham alohida e’tibor qaratiladi.
Tadqiqot natijalari ta’lim tizimiga nisbatan jamoatchilik bahosini aniqlash, fuqarolar uchun ustuvor bo‘lgan muammo va ehtiyojlarni belgilash hamda sohani yanada rivojlantirishga qaratilgan qarorlar uchun zarur sotsiologik ma’lumotlarni shakllantirishga xizmat qiladi.
«Ijtimoiy fikr» Respublika
jamoatchilik fikrini o‘rganish markazi!


