23.09.2026
8
MAHALLALARDA AHOLI O‘RTASIDA QO‘SHMA ONLAYN-SO‘ROV BOSHLANDI
“Ijtimoiy fikr” respublika jamoatchilik fikrini o‘rganish Markazi O‘zbekiston mahallalari uyushmasi bilan hamkorlikda respublika mahallalarida aholi o‘rtasida onlayn sotsiologik so‘rov o‘tkazishni boshladi. Tadqiqot IF-Online paneli orqali amalga oshirilmoqda va jamoatchilik fikrini bevosita mahalla darajasida o‘rganishga qaratilgan.
Tadqiqot boshlangani munosabati bilan “Ijtimoiy fikr” respublika jamoatchilik fikrini o‘rganish Markazi IF-Online panelida ro‘yxatdan o‘tgan so‘rov ishtirokchilariga tadqiqotda qatnashishning asosiy qoidalariga rioya qilishni so‘rab murojaat qiladi.
Ro‘yxatdan o‘tish jarayonida o‘zingiz haqingizda ishonchli va haqqoniy ma’lumotlarni kiritishingizni, so‘rovnomani to‘ldirishda esa barcha savollarga o‘zingizning hayotiy holatingiz, tajribangiz va shaxsiy fikringizdan kelib chiqqan holda mustaqil javob berishingizni so‘raymiz.
Har bir savolni diqqat bilan o‘qib chiqing va aynan Sizning fikringizni eng to‘g‘ri aks ettiradigan javob variantini tanlang.
So‘rovnomani boshqa shaxs nomidan to‘ldirish, uni boshqa shaxsga topshirish, shuningdek, savollarga uchinchi shaxslarning bevosita ishtiroki yoki ko‘rsatmasi asosida javob berishga yo‘l qo‘yilmaydi.
Har bir javob tadqiqotning muhim qismi hisoblanadi. Javoblarning haqqoniy va mustaqil bo‘lishi ishtirokchilarning fikr va baholarini xolis aks ettiradigan sifatli ma’lumotlarni olish imkonini beradi.
IF-Online ishtirokchilariga tadqiqotga mas’uliyat bilan yondashganlari va jamoatchilik fikrini o‘rganishda faol ishtirok etayotganlari uchun minnatdorlik bildiramiz!


