01.03.2026
4
OʻZBEKISTON YOSHLARI – 2026 (jamoatchilik fikri soʻrovlari natijalari asosida)
Oʻzbekistonda yosh avlodni har tomonlama qoʻllab-quvvatlash, ijtimoiy-siyosiy va iqtisodiy islohotlarni amalga oshirishda yoshlarning roli va ishtirokini oshirish davlat siyosatining ustuvor tamoyillaridan biri boʻlib hisoblanadi. Soʻnggi yillarda mamlakatimizda barkamol rivojlangan, jismonan sogʻlom va maʼnan yetuk yosh avlodni tarbiyalash, zamonaviy fanlar va yuqori texnologiyalar sohasida yoshlarning bilimlarini oshirish, bandligini taʼminlash, ularning amaliy koʻnikmalar va kasb-hunar egallashi, tadbirkorlikni rivojlantirish hamda yosh oilalarni qoʻllab-quvvatlash uchun shart-sharoitlar yaratishga qaratilgan bir qator qonunlar, Prezidentning oʻnlab farmon va qarorlari hamda hukumat hujjatlari qabul qilindi.
Mamlakatda amalga oshirilayotgan chora-tadbirlar va koʻplab davlat dasturlari taʼlim sifatini yaxshilash, iqtidorli yigit-qizlarga koʻmaklashishga yoʻnaltirilgan hamda yoshlarga oʻz qobiliyat va isteʼdodlarini har tomonlama namoyon etish hamda Oʻzbekistonning kelgusi rivojiga oʻz hissalarini qoʻshish imkoniyatini taqdim etadi.
24 fevral kuni «Koʻksaroy» qarorgohida Oʻzbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning yoshlar vakillari bilan ochiq muloqoti boʻlib oʻtdi. Unda oʻsib kelayotgan yosh avlodni qoʻllab-quvvatlash, ularning kasbiy va tadbirkorlik faoliyatini rivojlantirishga qaratilgan tashabbuslar ilgari surildi.
Davlatimiz Rahbari Oʻzbekiston Yoshlar taraqqiyoti global indeksida eng tez surʼatlarda rivojlanayotgan mamlakatlardan biri sifatida eʼtirof etilganini qayd etdi va ushbu sohada ilgʻor tajriba va innovatsion yondashuvlarni keng joriy etish muhimligini taʼkidladi. Joriy yilda poytaxtimizda Jahon yoshlarining tinchlik sari harakati bosh qarorgohi tashkil etilishi, Samarqand shahrida Yoshlar parlamenti aʼzolarining 12-global konferensiyasi, “Take Off” xalqaro startap sammiti va 46-Butunjahon shaxmat olimpiadasi oʻtkazilishi toʻgʻrisida eʼlon qilindi.
Prezident, shuningdek, mamlakatimizda har payshanba kuni «Yoshlar kuni» oʻtkazilishini eʼlon qildi. Shu kuni vazirlik, idora va hokimliklar rahbarlari yoshlarni tinglab, ularning muammolarini hal etish uchun mahallalar, maktablar va texnikumlarga tashrif buyuradilar.
«Ijtimoiy fikr» respublika jamoatchilik fikrini oʻrganish Markazi yosh avlodning oʻziga xos xususiyatlarini aniqlash, yoshlarning qiziqishlari, ehtiyojlari va qadriyatlarini oʻrganish, zamonaviy yigit-qizlarda mavjud boʻlgan asosiy muammolarni aniqlashga qaratilgan tizimli sotsiologik tadqiqotlar oʻtkazib kelmoqda.
Tadqiqotlar natijalari Oʻzbekistonda amalga oshirilayotgan islohotlarni ijtimoiy maʼqullashning yuqori darajasini qayd etdi: yoshlarning mutlaq koʻpchiligi ularni ijobiy baholashdi. Yoshlarga oid davlat siyosatini qoʻllab-quvvatlash darajasi ham shunday ifodalandi. Shu bilan birga, siyosatni qoʻllab-quvvatlash bilan uning aniq mazmunidan xabardorlik darajasi oʻrtasida tarkibiy ziddiyat mavjud. 44,8% respondentlar yoshlarga oid davlat siyosatidan yaxshi xabardor boʻlsa, deyarli shuncha qismi (45,1%) u haqda eshitgan xolos.
Soʻrov natijalarining tahlili shuni koʻrsatdiki, oʻzini oʻzi roʻyobga chiqarish imkoniyatlarini baholash differensial ravishda idrok etilmoqda. Eng yuqori baho sport (69,7%), oliy taʼlim (55,6%) va ijod (50,2%), shuningdek, siyosiy (47,8%) va ijtimoiy hayotda (46,3%) ishtirok etish imkoniyatlariga berildi. Shu bilan birga, muvaffaqiyatli martaba qilish va ish oʻrinlarining mavjudligi ancha kamroq holatlarda (38,3%) "juda yaxshi" deb baholandi, bu esa yoshlarning bandlik muammolariga taʼsirchanligini koʻrsatadi. Yosh oilalarni davlat tomonidan qoʻllab-quvvatlashni baholash borasida ham shu kabi turfa xillik kuzatildi. Respondentlar bolalar bogʻchalari va maktablarning mavjudligi (52%), nafaqalar (50,7%) va tibbiy yordam (48,8%) koʻrsatish samaradorligini yuqori baholadilar, biroq uy-joy bilan taʼminlash (6,2%), kredit va subsidiyalar berilishi (6%) kabi yoʻnalishlarni samarasiz deb hisoblovchilarning ham ulushi qayd etildi.
Tadqiqot natijalari yoshlarning shaxsiy hayotiga islohotlarning taʼsiri ijobiy baholanayotganini koʻrsatdi — respondentlar taʼlim imkoniyatlarining kengayishini, jumladan, grantlar, stipendiyalar va xorijda oʻqishni islohotlarning eng sezilarli natijalari deb hisoblaydilar. Kelgusi islohotlarning ustuvor yoʻnalishlarini belgilashda yoshlar, birinchi navbatda, amaliyotga yoʻnaltirilgan sohalarni: taʼlim va kasbiy tayyorgarlik (63%), ishga joylashish (52,8%) va tadbirkorlikni qoʻllab-quvvatlashni (42%) ajratib koʻrsatishdi. Shu bilan birga, sogʻliqni saqlash (33%), ekologiya (22,5%) va arzon uy-joy bilan taʼminlash (12,7%) sohalarida islohotlarga boʻlgan talab ham koʻrsatib oʻtildi.
Tadqiqotlar natijalari shuni koʻrsatdiki, yoshlar yuqori darajadagi nekbinligi va islohotlarga ishonchi bilan ajralib turadi, biroq ularning kutilmalari asosan pragmatik xususiyatga ega boʻlib, barqaror bandlik, inson kapitalining sifati va real ijtimoiy-iqtisodiy samaralar atrofida jamlangandir.
Tadqiqot maʼlumotlari shundan dalolat beradiki, moddiy farovonlik yoshlarning ijtimoiy kayfiyatini belgilovchi asosiy tarkibiy omillardan biri boʻlib, hayotdan qoniqish darajasi, ijtimoiy himoyalanganlik hissi va ijtimoiy-iqtisodiy daʼvatlarga moslashish qobiliyatiga bavosita taʼsir koʻrsatadi. Soʻrov natijalari yoshlarning ijtimoiy kayfiyati yetarlicha ijobiy ekanini qayd etdi: respondentlarning yarmidan koʻpi oʻz moddiy ahvolidan — 53,4% soʻralganlar aniq va 33,3% soʻralganlar koʻproq qoniqadi. Shu bilan birga, moddiy maqomini salbiy baholagan yoshlarning ulushi cheklangan darajada qolmoqda.
Ayni vaqtda, daromad manbalarining tarkibi iqtisodiy mustaqillik darajasining notekisligini koʻrsatadi: 38,7% yoshlar oʻzlarini toʻliq mustaqil taʼminlaydi, sezilarli qismi shaxsiy daromadni oilaviy qoʻllab-quvvatlash bilan birlashtiradi (24,4% – qisman, 12,2% – koʻproq darajada), har toʻrtinchi respondent (24,6%) esa ota-onasi yoki turmush oʻrtogʻiga butunlay qaram. Bu yoshlar ijtimoiy-iqtisodiy maqomining oʻtish davri xarakterini aks ettiradi.
Yoshlarning dolzarb muammolari spektri ijtimoiy keskinlikning shaxsiy va hayotiy farovonlik sohasiga siljiganini koʻrsatadi: shaxsiy hayotdagi qiyinchiliklar, uy-joy muammolari, salomatlik va ishga joylashish masalalari tez-tez tilga olindi. Shu bilan birga, soʻrovda qatnashganlarning aksariyati oʻzida jiddiy muammolar mavjudligini qayd etmadi, bu esa mustaqillik, uy-joy va hayotiy strategiyalar bilan bogʻliq ayrim zaif nuqtalar mavjud boʻlsa-da, yoshlarning ijtimoiy kayfiyati barqaror ekanligini tasdiqlaydi.
Soʻrovlar natijalari shuni koʻrsatdiki, yoshlarning idrokida yosh oilalarning asosiy muammolari ustuvor ravishda ijtimoiy-iqtisodiy xususiyatga ega: moliyaviy qiyinchiliklar, uy-joy yetishmovchiligi va er-xotindan birining ishsizligi shular jumlasidandir. Shu bilan birga, oila byudjetini boshqarish koʻnikmalarining taqchilligi hamda shaxsiy va kasbiy hayot oʻrtasidagi ziddiyatlar bilan bogʻliq ruhiy-ijtimoiy xavflarning salmoqli qatlami qayd etilgani yosh oilalarning zaiflik jihatlari kompleks xarakterga ega ekanidan dalolat beradi. Shunga muvofiq, qoʻllab-quvvatlash chora-tadbirlariga boʻlgan talab ham muvozanatlashgan xarakterga ega boʻldi: birinchi oʻrinda tarkibiy yechimlar — arzon uy-joy va barqaror daromadli ish oʻrinlari yaratish masalasi turibdi, ular ruhiy-ijtimoiy, jumladan, farzand tugʻilishi va tarbiyasida yordam, oilaviy qadriyatlarni ommalashtirish, psixologik va huquqiy qoʻllab-quvvatlash vositalari bilan toʻldirilmoqda.
Oʻtkazilgan tadqiqotlar yoshlarning qadriyat yoʻnalishlari asosan pragmatik-anʼanaviy xarakterga ega ekanini hamda taʼlim, oila va iqtisodiy barqarorlikka yoʻnaltirilganini koʻrsatmoqda. Oliy maʼlumot olish, farzand tarbiyasi va munosib ish haqi toʻlanadigan ishga joylashish asosiy hayotiy maqsadlar sifatida namoyon boʻldi. Ularga erishishdagi asosiy toʻsiqlar moliyaviy qiyinchiliklar va vaqt tanqisligi bilan bogʻliq, shu bilan birga, koʻplab respondentlar oʻzlari uchun hech qanday jiddiy toʻsiq koʻrmaydilar, koʻpchilik esa mamlakatda oʻzini roʻyobga chiqarish imkoniyatlarini umuman yuqori baholadi.
Hayotiy ustuvorliklar iyerarxiyasi oilaviy va bazaviy qadriyatlarning ustunligini taʼkidladi: mustahkam oila va salomatlikning mavjudligi individual hamda maqomga oid maqsadlardan sezilarli darajada oldinda turadi. Vatanga xizmat qilish va odamlarga yordam berish qadriyatlari salmoqli rol oʻynaydi, bu esa jamoaviy qarashlar saqlanib qolayotganidan dalolat beradi. Hayotiy qarorlarni qabul qilishda oilaning taʼsiri eng yuqori darajada — ota-onalar asosiy shaxslar hisoblanadi (79,3%), muhim qarorlar qabul qilishda ijtimoiy tarmoqlar va medianing roli, garchi ulardan axborot manbasi sifatida faol foydalanilsa-da, minimal darajada (5,1%) qolmoqda (rasmiy internet-OAVlar — 44,5%, televideniye — 36,2%, Instagram — 31,3%, Telegram — 28,6%).
Ijtimoiy normalarning muhimligi yoshlarning koʻpchiligi tomonidan eʼtirof etiladi, biroq respondentlarning yarmidan koʻpi ijtimoiy bosimni his qilmaydi. Bu normativ yoʻnalishlar va subyektning shaxsiy mustaqillik hissi oʻrtasida nisbiy muvozanat mavjudligini koʻrsatadi. Umuman olganda, yoshlarning qadriyat-dunyoqarash profili anʼanaviy yoʻnalishlar, moʻtadil individuallashuv va ijtimoiy kutilmalarni moslashuvchan idrok etish uygʻunligi bilan xarakterlanadi.
Tadqiqot natijalari shuni koʻrsatdiki, yoshlar hayotiy istiqbollarini qurishni asosan institutsionallashgan va iqtisodiy jihatdan ahamiyatli ijtimoiy liftlar — shaxsiy biznes va davlat xizmati bilan bogʻlaydilar. Ayni paytda ilmiy-taʼlim faoliyati, ayniqsa, sport, madaniyat va raqamli bandlik sohalari ijtimoiy mobillikning foydalanish imkoniyati kamroq yoki samarasi pastroq kanallari sifatida idrok etiladi.
Taʼlim — professional koʻnikmalar, oilaning moliyaviy imkoniyatlari hamda davlat va yoshlar tashkilotlarining institutsional qoʻllab-quvvatlovi bilan toʻldiriladigan universal ijtimoiy lift sifatida yuksalishning asosiy resursi boʻlib xizmat qilmoqda. Shu bilan birga, shaxsiy saʼy-harakatlar, zamonaviy texnologiyalar va internet, shuningdek, yoshlar dasturlarida ishtirok etishning nisbatan pastroq ahamiyati ijtimoiy mobillikning innovatsion yoki gorizontal mexanizmlaridan koʻra koʻproq rasmiylashgan mexanizmlar haqidagi tasavvurlar ustunligini koʻrsatadi.
Muvaffaqiyatli insonning shaxsiy fazilatlari profili — mehnatsevarlik, shaxsiy intizom, jamoaviy ish — yoshlarning mavjud institutsional tuzilmalar doirasidagi shaxsiy saʼy-harakatlariga asoslangan ijtimoiy liftning «yutuqlarga yoʻnaltirilgan» modeliga moyilligini aks ettiradi.
Tadbirkorlik yoshlar tomonidan oʻzini oʻzi roʻyobga chiqarish va bandlikning muhim hamda ijtimoiy maʼqullangan kanali sifatida idrok etiladi. Respondentlarning yarmidan koʻpi (66%) shaxsiy biznesini ochishni rejalashtirmoqda, chorak qismi bu gʻoyaga ijobiy munosabatda, lekin hali aniq rejalarga ega emas (25,5%). Ayni vaqtda tadbirkorlikka shubha bilan qarovchi yoki salbiy munosabatdagilarning juda kam ulushda qolayotganligi (2,8%) tadbirkorlik modelining jozibadorligidan dalolat beradi. Shu bilan birga, yoshlarning davlat sektoriga (48,2%) va oʻzini oʻzi band qilishga (28,1%) boʻlgan intilishi qarashlarning ikkiyoqlamaligini — barqarorlikka intilish bilan birga iqtisodiy faollikning mustaqil shakllariga boʻlgan qiziqishning uygʻunlashuvini aks ettiradi. Tadbirkorlik va startaplar (45,1%) hamda eng yangi texnologiyalar (53,1%) istiqbollarining yuqori baholanishi innovatsion ijtimoiy-iqtisodiy liftlarga talab mavjudligini tasdiqlaydi.
Ish qidirish imkoniyatlari va martaba istiqbollarini baholash yoshlarning moʻtadil nekbinligi bilan birga sezilarli darajada ishonchsizlik mavjudligini ham namoyon etdi. Respondentlarning yarmidan koʻpi (55,2%) mutaxassislik boʻyicha ish topishni oson yoki juda oson deb hisoblaydi, biroq ularning muayyan qismi qiyinchiliklarga duch kelmoqda. Martaba oʻsishiga boʻlgan subyektiv ishonch darajasi umuman olganda yuqori, ammo ikkilanuvchilar va oʻz imkoniyatlariga ishonmaydigan guruhlarning mavjudligi umidsiz kutilmalarning shakllanish xavfi mavjudligini koʻrsatadi. Mehnat migratsiyasiga moyillikning pastligi ish oʻrinlarining sifati va daromadlar yaxshilanishi sharti bilan ichki martabaviy rivojlanishga boʻlgan intilish ustunligidan dalolat beradi. Maʼlumotlar jamlanmasi yoshlarning martaba muvaffaqiyatiga erishishga boʻlgan ishonchi rasmiy bandlikning kengaytirilishi, ish haqi darajasining oshirilishi va professional oʻsish uchun barqaror kanallarning mavjudligi bilan bevosita bogʻliqligini koʻrsatadi.
Tadqiqot natijalari yoshlar hayotida sunʼiy intellektning roli amaliy qiziqish va xabardorlik darajasining cheklanganligi bilan xarakterlanishini koʻrsatadi. Respondentlarning qariyb yarmi SI bilan yaxshi tanish boʻlsa-da (23,2%) yoki uning asosiy tamoyillarini bilishiga qaramasdan (24,5%), yoshlarning salmoqli qismi ushbu texnologiyalar haqida hech narsa bilmaydi (33%) yoki yuzaki tasavvurga ega (19%). Shu bilan birga, SI yoshlarning kundalik amaliyotiga allaqachon integratsiyalashgan: soʻralganlarning yarmidan koʻpi undan muntazam ravishda (26,7%) yoki vaqti-vaqti bilan (31,4%) foydalanadi, bu esa nazariy tushunish darajasi bilan qiyoslaganda amaliy oʻzlashtirishning oldinda ekanligini koʻrsatadi.
Sunʼiy intellektni joriy etishga nisbatan munosabat umuman olganda vazmin-ratsional xarakterga ega: neytral pozitsiya ustuvorlik qilmoqda (18,2%), salbiy baholarning umumiy ulushi esa (15,3%) potensial xavflar anglanishini aks ettiradi. Asosiy xavotirlar yolgʻon axborotlarning tarqalishi (49,5%), bandlikka tahdid (38,8%) va maxfiylikning buzilishi (30,5%) bilan bogʻliq, lekin har beshinchi respondent (20,1%) SIni foydali vosita deb hisoblab, hech qanday xavotir bildirmadi.
Yoshlarning tasavvurida SI sohasida davlat faol, ammo tartibga soluvchi rol oʻynashi lozim: nazorat va tartibga solishga ustuvorlik beriladi (42,7%), bu texnologiyalarni rivojlantirishga investitsiyalar kiritish (27,9%) va fuqarolarni xavf-xatarlardan himoya qilish (16,6%) bilan uygʻunlashadi. Umuman olganda, SI yoshlar tomonidan mavhum innovatsiya emas, balki taʼlim, mehnat va kundalik hayotni oʻzgartiruvchi, institutsional koʻmak va boshqariladigan joriy etishni talab qiluvchi real omil sifatida idrok etilmoqda.
Yosh avlod haqida gʻamxoʻrlik qilish mamlakatimizda hamisha davlat siyosatining eng muhim yoʻnalishi boʻlib kelgan. Oʻzbekistonda yoshlar mazmunli hayot kechirishi, keng istiqbollarga va ertangi kunga ishonishi, faol hayotiy pozitsiyani egallashi hamda oʻz tamoyil va qarashlarini himoya qila olishi uchun barcha imkoniyatlar yaratilmoqda. Oʻtkazilgan tadqiqotlar natijalari shuni koʻrsatdiki, oʻzbekistonlik yoshlar isteʼdodli, tashabbuskor, gʻayratli va qaror qabul qilishni biladilar. Ular oʻzlarini davlatimiz taqdiriga nafaqat daxldor deb his qilib, oʻz salohiyatini roʻyobga chiqarish imkoniyatini topadilar, balki ijtimoiy hayotda ham oʻzlarini namoyon etmoqdalar. Yoshlar faol hayotiy pozitsiyaga ega, katta avlod vakillarini hurmat qiladi, xalqimiz tarixi va anʼanalarini eʼzozlaydi.
Oʻtkazilgan soʻrovlar natijalari shuni tasdiqladiki, hozirgi vaqtda progressiv dastur va qadriyatlarga hamda yuksak maqsadlarni zabt etishga qaratilgan gʻoyalarga ega, oldinga intilishdan, qiyinchilik va toʻsiqlarni yengib oʻtishdan choʻchimaydigan innovatsion yoshlarning shakllanishi yuz bermoqda. Yangi avlod mamlakatimiz istiqbolining rivojlanishiga shubhasiz salmoqli ijobiy, innovatsion hissa qoʻshadi.



