07.08.2026
12
CATI TADQIQOTLARIDA MULOQOT MADANIYATI VA SIFAT NAZORATI
«Ijtimoiy fikr» Respublika jamoatchilik fikrini o‘rganish markazining CATI tadqiqotlari bo‘limida navbatdagi ichki amaliy o‘quv-trening mashg‘uloti o‘tkazildi.
Mashg‘ulot Markaz nizomi, tasdiqlangan ichki yo‘riqnomalarning tadqiqot etikasi tamoyillariga muvofiq tashkil etildi. Uning asosiy maqsadi telefon orqali kompyuterlashtirilgan so‘rovlarni o‘tkazishda operatorlarning kasbiy muloqot ko‘nikmalarini rivojlantirish, CATI platformasidan samarali foydalanish va yig‘iladigan ma’lumotlar sifatini oshirishdan iborat bo‘ldi.
Trening davomida operatorlarning so‘rovnoma ssenariysi va anketa tuzilishi bilan ishlashi, savollarni belgilangan ketma-ketlikda va xolis ohangda o‘qishi, respondentlarning javoblarini tizimga aniq kiritishi bo‘yicha amaliy mashqlar bajarildi. Respondentni suhbatga jalb qilish, e’tirozlarga asosli munosabat bildirish, muloqot etikasiga rioya qilish va so‘rovda ishtirok etishdan bosh tortish holatlarini kamaytirish usullari ko‘rib chiqildi.
Onlayn va oflayn audioyozuvlarni monitoring qilish jarayonida operatorlarning nutq ohangi, savol berish uslubi, suhbatni boshqarish mahorati hamda javoblarni qayd etish sifati baholash varaqalari asosida tahlil qilindi. Aniqlangan kamchiliklarni bartaraf etish yuzasidan amaliy tavsiyalar berildi.
Shuningdek, telefon raqamlari bazasi bilan ishlash, qayta qo‘ng‘iroq qilish tartibi va qo‘ng‘iroq natijalarini «band», «javob bermadi», «qayta qo‘ng‘iroq qilish» hamda «rad etdi» holatlari bo‘yicha tizimda to‘g‘ri qayd etish ko‘nikmalari mustahkamlandi.
O‘quv-trening CATI operatorlari faoliyatida yagona ish tartibini shakllantirish, telefon intervyularining sifatini oshirish va olinadigan sotsiologik ma’lumotlarning ishonchliligini ta’minlashga xizmat qildi.







