9

DALA TADQIQOTLARIDA MA’LUMOTLAR SIFATI VA ISHONCHLILIGINI TA’MINLASH

«Ijtimoiy fikr» Respublika jamoatchilik fikrini o‘rganish markazining Dala tadqiqotlari va ma’lumotlar sifatini nazorat qilish bo‘limida ichki amaliy o‘quv-trening mashg‘uloti o‘tkazildi.

Mashg‘ulot Markaz nizomi, tasdiqlangan ichki yo‘riqnomalar, ISO 20252 xalqaro standarti hamda ESOMAR dasturining tadqiqot etikasi tamoyillariga muvofiq tashkil etildi. Uning asosiy maqsadi yuzma-yuz so‘rovlar jarayonida ma’lumotlarning haqqoniyligi, anketalarning to‘liqligi va tadqiqot natijalarining ishonchliligini ta’minlashdan iborat bo‘ldi.

Trening davomida intervyuerlarning respondentlarni belgilangan tanlanma asosida saralashi, kvotalarga qat’iy rioya qilishi va savollarni xolis tarzda berishiga doir amaliy ko‘nikmalari mustahkamlandi. Intervyu jarayonida respondentning huquqlari, shaxsiy chegaralari va ma’lumotlar maxfiyligini ta’minlash masalalariga alohida e’tibor qaratildi.

Sifat nazorati doirasida to‘ldirilgan anketalarni to‘liq mantiqiy va formal tekshirish, javoblardagi nomuvofiqliklar, o‘tkazib yuborilgan savollar va texnik xatolarni aniqlash tartibi ko‘rib chiqildi. Aniqlangan kamchiliklarni bartaraf etish hamda ma’lumotlarni keyingi tahlil bosqichiga tayyorlash mexanizmlari muhokama qilindi.

Amaliy mashg‘ulotlarda dala tadqiqotlari jarayonida uchraydigan muammoli vaziyatlar tahlil qilinib, intervyuerlar faoliyatini nazorat qilish va anketalar sifatini baholash bo‘yicha aniq tavsiyalar berildi. Dala tadqiqoti dalolatnomalari, nazorat varaqalari va hisobot hujjatlarini belgilangan talablar asosida rasmiylashtirish ko‘nikmalari takomillashtirildi.

O‘quv-trening dala tadqiqotlarida yagona ish tartibini mustahkamlash, ma’lumotlarni yig‘ish va tekshirish jarayonlarining sifatini oshirish hamda jamoatchilik fikriga doir natijalarning ishonchliligini ta’minlashga xizmat qildi.