07.08.2026
11
ONLAYN TADQIQOTLARDA MA’LUMOTLAR IZCHILLIGI VA RESPONDENTLAR BILAN BARQAROR HAMKORLIK
«Ijtimoiy fikr» Respublika jamoatchilik fikrini o‘rganish markazining Onlayn tadqiqotlar bo‘limi «IF-ONLINE» xodimlari uchun ichki amaliy o‘quv-trening mashg‘uloti o‘tkazildi.
Mashg‘ulot Markaz nizomi va ichki yo‘riqnomalari, ISO 20252 xalqaro standarti hamda ESOMAR dasturining tadqiqot etikasi, maxfiylik va shaxsiy ma’lumotlarni himoya qilish tamoyillari asosida tashkil etildi.
Treningdan ko‘zlangan asosiy maqsad onlayn va offlayn tadqiqotlarida ishtirok etuvchi respondentlar bazasini samarali boshqarish, ularning tadqiqotlarda muntazam ishtirokini ta’minlash hamda turli davrlarda to‘plangan ma’lumotlarning izchilligi va ishonchliligini oshirishdan iborat bo‘ldi.
Mashg‘ulot davomida quyidagi ustuvor yo‘nalishlarga alohida e’tibor qaratildi:
- onlayn tadqiqotlarga yangi ishtirokchilarni belgilangan mezonlar asosida jalb qilish;
- onlayn tadqiqotlar bazasidagi ma’lumotlarni muntazam yangilab borish;
- tadqiqotlar tarkibini shakllantirish va rotatsiya jarayonlarini to‘g‘ri tashkil etish;
- respondentlar bilan doimiy va tizimli aloqani yo‘lga qo‘yish;
- respondentlarning tadqiqotlarda barqaror ishtirokini rag‘batlantirish;
- turli tadqiqot to‘lqinlarida berilgan javoblarni qiyosiy tahlil qilish;
- ma’lumotlardagi takroriylik, tafovut va mantiqiy nomuvofiqliklarni aniqlash;
- natijalarning vaqtlararo izchilligi, takroriy tasdiqlanishi va ishonchliligini baholash;
- respondentlarning shaxsiy hamda kontakt ma’lumotlarini maxfiy saqlash.
Amaliy mashg‘ulotlarda yangi respondentlarni jalb qilish, respondentlarning tadqiqotlar bazasidan chiqib ketish holatlarini kamaytirish va ular bilan uzoq muddatli aloqani saqlash mexanizmlari muhokama qilindi. Ishtirokchilarning qiziqishini qo‘llab-quvvatlashda bonuslar, sovg‘alar va sodiqlik dasturlaridan maqsadli foydalanish masalalari ko‘rib chiqildi.
Treningda tadqiqot etikasiga rioya qilish, respondentlarning shaxsiy hayoti daxlsizligini ta’minlash, ma’lumotlardan faqat belgilangan tadqiqot maqsadlarida foydalanish hamda ularni uchinchi shaxslarga oshkor qilmaslik talablariga alohida urg‘u berildi.
O‘quv-trening onlayn tadqiqotlar bo‘limi «IF-ONLINE» xodimlarining kasbiy kompetensiyalarini rivojlantirish, respondentlar bazasini boshqarish mexanizmlarini takomillashtirish, ma’lumotlarning vaqtlararo izchilligini ta’minlash va respondentlar bilan ishonchli hamkorlikni mustahkamlashga xizmat qildi.



