09.10.2026
51
MEHNAT MIGRATSIYASINING IJTIMOIY TRANSFORMATSIYALASHUVIGA BAG‘ISHLANGAN ILMIY MUHOKAMA O‘TKAZILDI
«Ijtimoiy fikr» respublika jamoatchilik fikrini o‘rganish markazida Farg‘ona davlat universiteti tadqiqotchisi Imomova Nozimaxon Avazxonovnaning 22.00.02 – «Ijtimoiy tuzilish, ijtimoiy institutlar va turmush tarzi» ixtisosligi bo‘yicha sotsiologiya fanlari doktori (DSc) ilmiy darajasini olish uchun tayyorlagan «O‘zbekistonda mehnat migratsiyasining ijtimoiy transformatsiyalashuvi» mavzusidagi dissertatsiya ishi yetakchi tashkilot sifatida ilmiy muhokamadan o‘tkazildi.
Ilmiy muhokamada mehnat migratsiyasining jamiyat ijtimoiy tuzilmasi, ijtimoiy institutlar faoliyati, aholi turmush tarzi va ijtimoiy mobillik jarayonlariga ta’siri, shuningdek, migratsiya munosabatlarini institutsional tartibga solishning dolzarb masalalari ko‘rib chiqildi.
Tadqiqotda mehnat migratsiyasining ijtimoiy transformatsiyalashuviga ta’sir etuvchi obyektiv va subyektiv omillar, migratsion mobillik motivlari, inson kapitalidagi o‘zgarishlar, migrantlarning ijtimoiy-huquqiy himoyalanganligi hamda ularning jamiyatga qayta integratsiyalashuvi bilan bog‘liq jarayonlar sotsiologik jihatdan tahlil qilingan.
Muhokama davomida dissertatsiyaning nazariy-metodologik asoslari, ilmiy yangiliklari va empirik natijalariga alohida e’tibor qaratildi. Xususan, mehnat migratsiyasining ijobiy va salbiy ijtimoiy oqibatlarini baholash, migratsiya ta’sirida yuzaga keladigan ijtimoiy tabaqalanish va marginallashuv holatlarini aniqlash, migrantlarning intellektual salohiyatini rivojlantirish hamda ularning ijtimoiy reintegratsiyasini takomillashtirish masalalari yuzasidan ilmiy fikr-mulohazalar bildirildi.
Shuningdek, mehnat migratsiyasi jarayonlarini sotsiologik monitoring qilish, migrantlar va ularning oila a’zolari ijtimoiy farovonligini ta’minlash, migratsiyaning hududiy ijtimoiy-iqtisodiy rivojlanishga ta’sirini baholash hamda davlat va jamoat institutlari o‘rtasidagi hamkorlik mexanizmlarini takomillashtirishga doir yondashuvlar muhokama qilindi.
Ilmiy muhokama mehnat migratsiyasining jamiyat ijtimoiy hayotiga ta’sirini chuqur o‘rganish, migratsiya jarayonlarini boshqarishga oid ilmiy yondashuvlarni takomillashtirish va sotsiologik tadqiqot natijalarini amaliy faoliyatga tatbiq etish masalalariga bag‘ishlandi.
«Ijtimoiy fikr» respublika jamoatchilik fikrini o‘rganish markazida bunday ilmiy muhokamalarning o‘tkazilishi mamlakatda dolzarb ijtimoiy jarayonlarni ilmiy asosda o‘rganish, akademik tadqiqotlar va amaliy sotsiologiya o‘rtasidagi hamkorlikni mustahkamlashga xizmat qiladi.


