4

«IJTIMOIY FIKR» RJFO‘ MARKAZINING XALQARO ILMIY HAMKORLIGIDA YANGI BOSQICH

Joriy yilning 11–18-iyul kunlari Portugaliya Respublikasining Lissabon shahrida Xalqaro uchinchi sektor tadqiqotlari jamiyati (International Society for Third Sector Research – ISTR)ning 17-xalqaro konferensiyasi bo‘lib o‘tdi. Mazkur nufuzli xalqaro anjumanda «Ijtimoiy fikr» respublika jamoatchilik fikrini o‘rganish markazi birinchi direktor o‘rinbosari Alekseyeva Viktoriya Sergeyevna ishtirok etdi. Konferensiya ISCTE – Instituto Universitário de Lisboa bazasida 14–17-iyul kunlari o‘tkazildi, 11–13-iyul kunlari esa konferensiya oldi ilmiy dasturlari, xalqaro forumlar va ixtisoslashgan uchrashuvlar tashkil etildi.

Bu yilgi konferensiya «Imagining the Next Generation: Strengthening the Foundations of the Third Sector» («Kelajak avlodini tasavvur qilish: uchinchi sektor poydevorini mustahkamlash») mavzusiga bag‘ishlanib, fuqarolik jamiyatini ilmiy o‘rganish, davlat, universitetlar, analitik markazlar, nodavlat notijorat tashkilotlari hamda xalqaro institutlar o‘rtasidagi hamkorlikni yanada rivojlantirish masalalariga alohida e’tibor qaratildi. Konferensiya tashkilotchilari ishtirokchilarni fuqarolik jamiyatini tadqiq etishda fanlararo yondashuvlarni rivojlantirish va ilmiy natijalarni amaliyot bilan uyg‘unlashtirishga xizmat qiluvchi xalqaro muloqot maydonida samimiy qutladilar.

Konferensiya doirasida global ijtimoiy, siyosiy va iqtisodiy o‘zgarishlar sharoitida uchinchi sektorning kelajagi, fuqarolik jamiyati institutlarini rivojlantirish, ijtimoiy innovatsiyalar, davlat boshqaruvi, ijtimoiy iqtisodiyot, volontyorlik, xayriya faoliyati, barqaror rivojlanish, sun’iy intellektdan tadqiqotlarda foydalanish, ilm-fan va amaliyot integratsiyasi, dalillarga asoslangan tadqiqotlar hamda tahliliy markazlarning davlat siyosatini shakllantirishdagi o‘rni kabi dolzarb mavzular muhokama qilindi.

Anjuman dasturidan yalpi majlislar, maxsus panellar, tematik seksiyalar, muhokamalar, tahlil markazlari rahbarlari yig‘ilishi, yosh olimlar dasturi, ilmiy nashrlar muharrirlari bilan uchrashuvlar hamda xalqaro tarmoqlararo hamkorlikni rivojlantirishga qaratilgan tadbirlar o‘rin oldi. Shuningdek, ishtirokchilar fuqarolik jamiyatining zamonaviy rivojlanish tendensiyalari, ijtimoiy siyosat, xayriya va filantropiya, ijtimoiy innovatsiyalar, davlat va jamoatchilik institutlari o‘rtasidagi hamkorlik hamda yangi tadqiqot metodologiyalari bo‘yicha tajriba almashish imkoniyatiga ega bo‘ldilar.

Mazkur xalqaro konferensiyada ishtirok etish «Ijtimoiy fikr» respublika jamoatchilik fikrini o‘rganish markazining xalqaro ilmiy aloqalarini kengaytirish, ilg‘or tadqiqot metodlarini o‘rganish, xorijiy tajribani milliy sotsiologik tadqiqotlar amaliyotiga tatbiq etish hamda jamoatchilik fikrini o‘rganish sohasida xalqaro hamkorlikni yanada mustahkamlash yo‘lidagi muhim qadamlardan biri bo‘ldi.