10

SAMARALI AMALIYoT MALAKALI KADRLAR TAYYoRLAShNING MUHIM OMILI

2025–2026 oʻquv yili davomida «Ijtimoiy fikr» Respublika jamoatchilik fikrini oʻrganish markazida oliy taʼlim muassasalari bilan oʻrnatilgan hamkorlik doirasida jami 155 nafar, jumladan 10 nafar magistrant va 145 nafar bakalavr talabalari malakaviy amaliyotini muvaffaqiyatli oʻtadi. Amaliyot jarayoni Markazning tasdiqlangan kalendar rejalari asosida tashkil etildi va talabalar sotsiologik tadqiqotlarning barcha bosqichlarini qamrab olgan amaliy mashgʻulotlarda ishtirok etdilar.

Amaliyot davomida talabalar sotsiologik tadqiqot dasturini ishlab chiqish, ilmiy asoslangan savolnomalarni tuzish, tanlanma shakllantirish, yuzma-yuz va telefon orqali soʻrovlar tashkil etish hamda oʻtkazish, CATI texnologiyalari bilan ishlash, intervyu oʻtkazish usullari, maʼlumotlarni yigʻish va sifat nazorati, SPSS dasturida dastlabki tahlil ishlarini amalga oshirish, natijalarni vizuallashtirish, axborot xavfsizligi talablari hamda tadqiqot etikasi boʻyicha amaliy koʻnikmalarni egalladilar. Shu bilan birga, ular sotsiologik tadqiqotlarni rejalashtirishdan tortib, yakuniy tahlilgacha boʻlgan jarayonlarda bevosita ishtirok etib, nazariy bilimlarini amaliy faoliyat bilan mustahkamlash imkoniga ega boʻldilar.

Amaliyotchilar oʻzlariga yuklatilgan vazifalarni masʼuliyat bilan bajargani, tadqiqot jarayonlariga tez moslashgani, axborot bilan ishlash madaniyati, tahliliy fikrlashi va kasbiy intizomi bilan ajralib turdi. Markaz mutaxassislari tomonidan ularning amaliy tayyorgarligi yuqori baholandi hamda amaliyot natijalari ijobiy deb eʼtirof etildi.

Eʼtiborlisi, amaliyot davomida oʻzining bilim va kasbiy salohiyati, masʼuliyati hamda yuqori natijalari bilan ajralib turgan 16 nafar talaba Markaz faoliyatiga jalb etildi. Xususan, 10 nafar amaliyotchi talaba Dala tadqiqotlari va maʼlumotlar sifatini nazorat qilish boʻlimida intervyuer, 6 nafar amaliyotchi talaba esa CATI tadqiqotlari boʻlimida supervayzer sifatida mehnat faoliyatini boshladi. Bu esa Markazda tashkil etilgan amaliyot tizimining nafaqat nazariy bilimlarni mustahkamlash, balki iqtidorli yoshlarni aniqlash, ularni kasbiy jihatdan qoʻllab-quvvatlash va bandligini taʼminlashga xizmat qilayotganining yaqqol ifodasidir.

«Ijtimoiy fikr» Respublika jamoatchilik fikrini oʻrganish markazida yoʻlga qoʻyilgan amaliyot tizimi bugungi kunda yosh mutaxassislarni zamonaviy sotsiologik tadqiqot metodologiyasi, raqamli texnologiyalar va amaliy tahlil koʻnikmalari asosida tayyorlashga xizmat qiluvchi samarali ilmiy-amaliy maydon sifatida oʻzini namoyon etmoqda. Markaz kelgusida ham oliy taʼlim muassasalari bilan hamkorlikni yanada kengaytirish, iqtidorli talabalarni qoʻllab-quvvatlash va mamlakatda jamoatchilik fikrini oʻrganish sohasi uchun raqobatbardosh kadrlar tayyorlash ishlarini izchil davom ettiradi.