04.02.2025
9
Oʻzbekiston Milliy universiteti talabalarining “Ijtimoiy fikr” respublika jamoatchilik fikrini oʻrganish markazida amaliyot jarayonlari
Oʻzbekiston Milliy universiteti “Sotsiologiya” kafedralarining 44 nafar 4-bosqich oʻzbek va rus guruhlari talabalari amaliy koʻnikmalarni shakllantirish maqsadida “Ijtimoiy fikr“ respublika jamoatchilik fikrini oʻrganish markazida amaliyot oʻtashni boshlashdi. Mazkur amaliyot talabalarga nazariy bilimlarni amaliyotda qoʻllash, jamoatchilik fikrini tadqiq qilish, ijtimoiy muammolarni tahlil qilish kabi muhim koʻnikmalarni egallash imkonini beradi.
Talabalar amaliyot davomida ijtimoiy tadqiqotlar metodologiyasi, sotsiologik soʻrovlar tashkil etish va ularni tahlil qilish jarayonlari bilan yaqindan tanishmoqda. Shuningdek, ular respondentlar bilan ishlash, intervyu olish va jamoatchilik fikrini oʻrganish boʻyicha bevosita tajriba orttirmoqdalar. Bu jarayon talabalarning kasbiy malakasini oshirish va kelgusida sotsiologik tadqiqotlar oʻtkazish borasida mutaxassis sifatida shakllanishiga yordam beradi.
“Ijtimoiy fikr“ markazi hamda Oʻzbekiston Milliy universiteti uzoq yillardan beri hamkorlik qilib kelinmoqda, shuningdek mazkur amaliyot davomida talabalarni jamoaviy va mustaqil tadqiqot ishlariga jalb etish, ularning ilmiy izlanishlarini qoʻllab-quvvatlash hamda sohadagi yangi tendensiyalarni oʻrganishga yoʻnaltirilgan treninglar tashkil etmoqda.
Bugungi kunda «Ijtimoiy fikr» respublika jamoatchilik fikrini oʻrganish markazida telefon va onlayn aloqa texnologiyalaridan foydalanuvchi uchta kompyuterlashtirilgan tadqiqot usullari mavjud yaʼni CATI, CAPI, CAWI dasturlari asosida amalga oshiriladi. Amaliyot davomida talabalar oʻzlari tadqiqot oʻtkazib respondentlar fikrini oʻrganish jarayonida faol ishtirok etishmoqda.
Shu tariqa, Oʻzbekiston Milliy universiteti talabalarining amaliyot jarayonlari ijtimoiy fanlar sohasida yuqori malakali mutaxassislarni tayyorlashda muhim ahamiyat kasb etadi.