08.05.2026
21
MAGISTRATURA TALABALARINING AMALIY TAJRIBA JARAYONI MUVAFFAQIYATLI YAKUNLANDI
Joriy yilning yanvar-aprel oylari davomida “Ijtimoiy fikr” Respublika jamoatchilik fikrini oʻrganish markazida amaliyot oʻtagan magistratura bosqichi talabalarining amaliy tajriba jarayoni muvaffaqiyatli yakunlandi.
Amaliyot dasturi davomida talabalar sotsiologik tadqiqotlarni tashkil etish va oʻtkazish, jamoatchilik fikrini oʻrganish mexanizmlari, analitik tahlil jarayonlari, anketa va intervyu savolnomalarini ishlab chiqish, maʼlumotlarni umumlashtirish hamda ilmiy-amaliy xulosalar tayyorlash yoʻnalishlarida amaliy koʻnikmalarga ega boʻldilar.
Shuningdek, amaliyotchilar Markaz mutaxassislari va tahlilchilari bilan birgalikda turli sotsiologik tadqiqotlar, tahliliy jarayonlar hamda ilmiy-amaliy tadbirlarda ishtirok etib, oʻzlarining kasbiy bilim va tajribalarini mustahkamlash imkoniyatiga ega boʻldilar.
Amaliyot jarayonida faol ishtirok etgan, oʻzining masʼuliyati, tashabbuskorligi va ilmiy qiziqishi bilan ajralib turgan bir qator magistratura talabalari “Ijtimoiy fikr” Respublika jamoatchilik fikrini oʻrganish markazining tashakkurnomalari bilan taqdirlandilar.
Mazkur amaliyot dasturi yosh mutaxassislarning ilmiy-amaliy salohiyatini oshirish, ularda sotsiologik tadqiqotlarga doir zamonaviy yondashuv va koʻnikmalarni shakllantirish hamda nazariy bilimlarni amaliyot bilan uygʻunlashtirishda muhim ahamiyat kasb etdi.
“Ijtimoiy fikr” Respublika jamoatchilik fikrini oʻrganish markazi kelgusida ham oliy taʼlim muassasalari bilan hamkorlikda yosh kadrlarning ilmiy va amaliy faoliyatini qoʻllab-quvvatlashga qaratilgan tashabbuslarni izchil davom ettiradi.


