148

Joriy yilning 15 fevral kuni O‘zbekiston Milliy universiteti axborot-resurs markazida “Ijtimoiy fikr” respublika jamoatchilik fikrini o‘rganish Markazi hamda O‘zbekiston Milliy universiteti “Sotsiologiya” va “Ijtimoiy ish” kafedralari bilan hamkorlikda “Jamoatchilik fikrini sotsiologik tadqiq qilish metodikalari va amaliyoti” mavzusidagi mahorat darsi bo‘lib o‘tdi.

Mazkur tadbir, «O‘zbekistonda jamoatchilik fikrini o‘rganish va shakllantirishning dolzarb muammolari: usullar, nazariya va amaliyot» doimiy ilmiy-amaliy seminari doirasida o‘tkazildi.

Ilmiy-amaliy seminarda “Ijtimoiy fikr” respublika jamoatchilik fikrini o‘rganish Markazi rahbariyati va mutaxassislari, O‘zbekiston Milliy universitetining professor-o‘qituvchilari, doktorantlari hamda 130 nafar magistr va bakalavr talabalari ishtirok etishdi.

Ushbu ilmiy tadbirning asosiy maqsadlaridan biri nazariy, akademik va amaliy sotsiologiya o‘rtasidagi to‘siqlarni bartaraf etish, sotsiologik tadqiqotlar o‘tkazish metodologiyasi va amaliyotini takomillashtirish bo‘yicha hamkorlikda ish olib borishdan iborat.

Dastavval seminarni ochish so‘zini O‘zbekiston Milliy universiteti «Sotsiologiya» kafedrasi mudiri sotsiologiya fanlari bo‘yicha falsafa doktori (PhD) dotsent– Zaitov Elyor Xolmamatovichga berildi, ular ilmiy-amaliy seminarni ochib berdilar.

Shundan so‘ng, “Ijtimoiy fikr” respublika jamoatchilik fikrini o‘rganish Markazi direktori, iqtisodiyot fanlari doktori, Raximova Nigina Xayrullaevna so‘zga chiqib, ular mazkur seminar to‘g‘risida o‘z fikr-mulohazalari bilan o‘rtoqlashib, tadbir ishiga samimiy tilaklar bildirib muvaffaqiyat tiladilar.

Ilmiy-amaliy seminar ishtirokchilariga Markaz mutaxassislari tomonidan O‘zbekiston jamiyatida yuz berayotgan muayyan muammo va hodisalarga moslashtirilgan ravishda sotsiologik so‘rovlar o‘tkazishning keng ko‘lamli usullarini o‘z ichiga olgan materiallar taqdim etildi, xususan:

Alekseeva Viktoriya Sergeevna, sotsiologiya fanlari bo‘yicha falsafa doktori (PhD), “Ijtimoiy fikr” RJFO‘M direktorining ilmiy ishlar va innovatsiyalar bo‘yicha o‘rinbosari - «Sotsiologik tadqiqotni nimadan boshlash kerak?”

Tadjibaev Aziz Bahodir o‘g‘li, “Ijtimoiy fikr” RJFO‘M tezkor tadqiqotlar bo‘limi yetakchi mutaxassisi – «Sotsiologik tadqiqotning ishchi vositalarini ishlab chiqish metodikasi va amaliyoti»

Reshetnikov Ivan Valerevich, “Ijtimoiy fikr” RJFO‘M sotsiologik tadqiqotlarni axborot-matematik ta’minlash bo‘limi yetakchi mutaxassisi - «Sotsiologik tadqiqot tanlovini ishlab chiqish: nimalarga e’tibor qaratish kerak?»

Muratov Timur Ravilevich, “Ijtimoiy fikr” RJFO‘M axborot texnologiyalari va axborot xavfsizligi xizmati mudiri - «Sotsiologik tadqiqotlarda ma’lumotlarni kiritishni tashkil etish metodikasi va amaliyoti»

Boboev Sherzod Norqo‘zievich, “Ijtimoiy fikr” RJFO‘M tezkor tadqiqotlar bo‘limi yetakchi mutaxassisi - «Jamoatchilik fikri so‘rovini tashkil etish bo‘yicha o‘quv mashg‘ulotini o‘tkazish metodikasi va amaliyoti»

Islambaev Ravshan Islambay o‘g‘li, “Ijtimoiy fikr” RJFO‘M tezkor tadqiqotlar bo‘limi yetakchi mutaxassisi - «Jamoatchilik fikri so‘rovlari nazoratini o‘tkazishni tashkil etish»

Seitov Mansur Sherikbaevich, “Ijtimoiy fikr” RJFO‘M tezkor tadqiqotlar bo‘limi mudiri - «Jamoatchilik fikri so‘rovida olingan natijalarga ishlov berishni tashkil etish»

Alekseeva Viktoriya Sergeevna, sotsiologiya fanlari bo‘yicha falsafa doktori (PhD), “Ijtimoiy fikr” RJFO‘M direktorining ilmiy ishlar va innovatsiyalar bo‘yicha o‘rinbosari - «Jamoatchilik fikri so‘rovlari natijalari bo‘yicha tahliliy hujjatlarni tayyorlash» mavzularida mahorat darslarini o‘tdilar.

Shuningdek seminarning taqdimot qismida "Ijtimoiy fikr" respublika jamoatchilik fikrini o‘rganish Markazi faoliyati haqida video taqdimot va Milliy universitet talabalarining “Ijtimoiy fikr” markazida amaliyot o‘tash jarayoni taqdim etildi.

O‘tkazilgan mahorat darsi yakunlari bo‘yicha sotsiologik tadqiqotlarni o‘tkazish jarayonida amaliy qo‘llash uchun metodik dasturlar va modellarni yanada takomillashtirish bo‘yicha tavsiyalar va takliflar qabul qilindi.

Seminar yakunida seminar ishtirokchilariga sertifikatlar topshirildi.