20

1 IYUN – XALQARO BOLALARNI HIMOYA QILISH KUNI!

Har bir xalqning ertangi kuni uning bugun qanday avlodni tarbiyalayotgani bilan belgilanadi. Shu maʼnoda, Xalqaro bolalarni himoya qilish kuni nafaqat bayram, balki jamiyatning eng katta boyligi boʻlgan farzandlar taqdiri, ularning huquq va manfaatlari, munosib hayot sharoitlari hamda kelajagi haqida yana bir bor chuqur mushohada qilish imkonini beruvchi muhim sana hisoblanadi.

Bugun Yangi Oʻzbekistonda bolalarning huquq va erkinliklarini taʼminlash, ular uchun xavfsiz va sogʻlom muhit yaratish, sifatli taʼlim va tarbiya olishiga koʻmaklashish, iqtidorini roʻyobga chiqarish uchun keng imkoniyatlar yaratish davlat siyosatining ustuvor vazifalari qatorida alohida oʻrin egallamoqda. Soʻnggi yillarda maktabgacha taʼlim tizimini rivojlantirish, umumiy oʻrta taʼlim sifatini oshirish, inklyuziv taʼlim imkoniyatlarini kengaytirish, bolalarning ijtimoiy himoyasini kuchaytirish, ularning boʻsh vaqtlarini mazmunli tashkil etish hamda yosh avlodning intellektual va maʼnaviy salohiyatini yuksaltirishga qaratilgan keng koʻlamli islohotlar amalga oshirilmoqda. Bu oʻzgarishlar, eng avvalo, farzandlarimizning baxtli va farovon hayot kechirishi uchun xizmat qilmoqda.

Bolalar huquqlarini taʼminlash sohasida qabul qilinayotgan qarorlar va amalga oshirilayotgan chora-tadbirlarning samaradorligini baholashda jamoatchilik fikri muhim ahamiyat kasb etadi. Zero, har qanday islohot inson manfaatlariga xizmat qilgandagina oʻzining haqiqiy ijtimoiy ahamiyatini namoyon etadi.

Shu nuqtai nazardan, «Ijtimoiy fikr» Respublika jamoatchilik fikrini oʻrganish markazi tomonidan mamlakatimiz aholisi orasida bolalarning huquqiy himoyasi, taʼlim va tarbiya masalalari, oila institutining farzand kamolotiga taʼsiri, yosh avlodning maʼnaviy rivojlanishi, axborot xavfsizligi hamda ijtimoiy qoʻllab-quvvatlash mexanizmlariga oid jamoatchilik fikrini oʻrganish boʻyicha muntazam sotsiologik tadqiqotlar amalga oshirib kelinmoqda. Tadqiqotlar natijalari aholi farzandlar taʼlimi, sogʻligʻi, maʼnaviy tarbiyasi va huquqlarini taʼminlash masalalarini mamlakat taraqqiyotining eng muhim ustuvor yoʻnalishlaridan biri sifatida baholayotganini koʻrsatmoqda.

Ayniqsa, bolalarni turli tahdidlardan himoya qilish, ular uchun xavfsiz ijtimoiy muhit yaratish, zamonaviy bilim va koʻnikmalarni egallashi uchun shart-sharoitlarni yanada kengaytirish jamoatchilik tomonidan qoʻllab-quvvatlanayotgan muhim vazifalar sifatida qayd etilmoqda. Sotsiologik kuzatuvlar shuni koʻrsatadiki, farzand tarbiyasi masalasi nafaqat oila, balki butun jamiyat masʼuliyati sifatida qabul qilinmoqda. Bu esa mamlakatimizda inson qadrini ulugʻlash, oila institutini mustahkamlash va barkamol avlodni tarbiyalashga qaratilgan siyosatning ijtimoiy asoslari tobora kuchayib borayotganidan dalolat beradi.

Bolalarga boʻlgan eʼtibor – kelajakka boʻlgan eʼtibordir. Farzandlar baxti, ularning bilimli, sogʻlom va vatanparvar insonlar boʻlib kamol topishi mamlakatning ertangi taraqqiyoti, raqobatbardoshligi va maʼnaviy qudratini belgilaydi.

Xalqaro bolalarni himoya qilish kuni munosabati bilan «Ijtimoiy fikr» Respublika jamoatchilik fikrini oʻrganish markazi barcha yurtdoshlarimizni ushbu qutlugʻ sana bilan samimiy tabriklaydi.

Aziz bolajonlar! Sizlar mamlakatimiz kelajagi, xalqimizning ezgu orzu-intilishlari va Yangi Oʻzbekistonning eng katta boyligisiz. Sizlarga mustahkam sogʻliq, begʻubor bolalik, yuqori marralar, yangi yutuqlar va baxtli kelajak tilaymiz. Bayramingiz muborak boʻlsin!