03.11.2026
46
TOSHKENTDA RA’NO AHATOVNA UBAYDULLAYEVANING 90 YILLIGIGA BAG‘ISHLANGAN SOTSIOLOGIK FESTIVAL BO‘LIB O‘TADI
4-noyabr kuni Toshkentda “Ijtimoiy fikr” respublika jamoatchilik fikrini o‘rganish Markazi tomonidan tashkil etilgan “Akademik Ra’no Ahatovna Ubaydullayevaning ilmiy merosi: fan, jamiyat, avlodlar” mavzusidagi sotsiologik festival o‘z ishini boshlaydi. Festival atoqli olimning 90 yillik yubileyiga bag‘ishlangan bo‘lib, ilmiy merosni asrab-avaylash, avlodlar o‘rtasidagi ilmiy vorisiylikni mustahkamlash hamda O‘zbekistonda sotsiologiya fanini yanada rivojlantirishga yo‘naltirilgan ilmiy, ta’limiy, kasbiy va xotira tadbirlarini birlashtiradi.
Festivalni har yili o‘tkazish rejalashtirilgan bo‘lib, u turli avlod sotsiologlari o‘rtasida professional muloqot va tajriba almashishning yangi an’anasini shakllantirishga xizmat qiladi.
Ilmiy meros, ta’lim, kasbiy amaliyot va jamoatchilik oldidagi mas’uliyatni o‘zaro uyg‘unlashtirish g‘oyasi Festival dasturining asosini tashkil etadi. Unda sotsiologiya fanini ommalashtirish, tadqiqotchilik madaniyatini rivojlantirish, yosh mutaxassislarning kasbiy kompetensiyalarini oshirish va ilmiy tashkilotlar hamda oliy ta’lim muassasalari o‘rtasidagi o‘zaro hamkorlikni mustahkamlashga alohida e’tibor qaratiladi.
“Ijtimoiy fikr” respublika jamoatchilik fikrini o‘rganish Markazi direktori N.X. Rahimova ta’kidlaganidek:
“Ra’no Ahatovna Ubaydullayeva milliy sotsiologiyaning shakllanishi va rivojlanishiga, jamoatchilik fikrini o‘rganish bo‘yicha ilmiy an’analarning shakllanishiga, shuningdek, tadqiqotchilarning yangi avlodini tarbiyalashga ulkan hissa qo‘shgan. Uning ilmiy merosi – bu nafaqat fundamental asarlar va kasbiy yutuqlar, balki ilm-fanga sadoqat, jamiyat oldidagi mas’uliyat hamda ijtimoiy jarayonlarni xolisona o‘rganishga intilishning yorqin namunasidir. Biz uchun u kishi asos solgan ilmiy an’analarning izchil davom ettirilishi o‘ta muhim.
Avlodlar o‘rtasidagi vorisiylik – bu faqat buyuk olimlar haqidagi xotiralarni saqlash emas, balki bilimlar, tadqiqotchilik tajribasi, kasbiy qadriyatlar va ilmiy madaniyatni yosh mutaxassislarga yetkazish hamdir. Biz festivalning tajriba va yoshlik, ilmiy meros va zamonaviy tadqiqotchilik yondashuvlari uchrashadigan muloqot maydoniga aylanishini, yosh sotsiologlarning esa o‘z salohiyatini namoyon etishlari, fikr va g‘oyalarini almashishlari hamda milliy sotsiologiya fanining rivojiga munosib hissa qo‘shish imkoniyatiga ega bo‘lishlarini istaymiz”.
Sotsiologik festival dasturi
4-noyabr – Festivalning tantanali ochilishi va “Ilmiy meros va zamonaviylik” mavzusidagi sotsiologik o‘qishlar
Akademik Ra’no Ahatovna Ubaydullayevaning ilmiy merosiga bag‘ishlangan sotsiologik o‘qishlar to‘plamining taqdimoti birinchi kunning markaziy voqeasi bo‘ladi.
Shuningdek, ishtirokchilarga akademik R.A. Ubaydullayeva nomidagi maktab faoliyati taqdim etiladi. Dasturda to‘plam mualliflarining ma’ruzalari, akademikning ilmiy g‘oyalari va tadqiqotchilik yondashuvlari, ularning zamonaviy sotsiologiya uchun dolzarbligi yuzasidan muhokamalar, shuningdek, festival dasturining taqdimoti ko‘zda tutilgan.
16-noyabr – Markazning yosh xodimlari o‘rtasida “Sotsiologiya amalda” intellektual turniri
“Ijtimoiy fikr” respublika jamoatchilik fikrini o‘rganish Markazining yosh mutaxassislari jamoaviy intellektual-tahliliy bellashuvda ishtirok etadilar.
Ishtirokchilar sotsiologik nazariya va jamoatchilik fikrini o‘rganish metodologiyasi bo‘yicha bilimlarini, sotsiologik ma’lumotlarni tahlil qilish va talqin etish ko‘nikmalarini, shuningdek, amaliy tadqiqot vazifalariga asoslangan yechimlar topish yuzasidan malakalarini namoyon etadilar.
Turnir yosh mutaxassislarning kasbiy mahoratini, tahliliy fikrlashlarini, o‘zaro jamoaviy harakatlanish ko‘nikmalarini rivojlantirishga va amaliy sotsiologik tadqiqotlar sifatini yuksaltirishga mo‘ljallangan.
20-noyabr – “JAMIYATNI KO‘RA OLISH – Увидеть общество” talabalar tanlovi
Intellektual tanlovda O‘zbekistonning “Sotsiologiya” yo‘nalishi bo‘yicha mutaxassislar tayyorlanadigan oliy ta’lim muassasalari talabalaridan tashkil topgan jamoalar ishtirok etadi.
Tanlov tadqiqot vazifalarini jamoaviy hal etish formatida o‘tkaziladi. Talabalar oldiga dolzarb ijtimoiy muammolarni aniqlash, tadqiqot savollari va farazlarini shakllantirish, sotsiologik ma’lumotlarni tahlil qilish, metodologik cheklovlarni baholash hamda o‘z xulosalarini dalillar asosida himoya qilish vazifalari qo‘yiladi.
Ayrim topshiriqlar tadqiqotchilik xulosalarini tanqidiy baholash, nostandart metodologik vaziyatlarga yechim topish va jamoaviy ish natijalarini qisqa taqdimot shaklida bayon etishga bag‘ishlanadi.
Mazkur tadbir talabalarning sotsiologiya faniga bo‘lgan qiziqishini qo‘llab-quvvatlash, mustaqil tadqiqotchilik tafakkuri va ko‘nikmalarini rivojlantirish, shuningdek, bo‘lajak sotsiologlar va amaliyotchi tadqiqotchilar o‘rtasida kasbiy muloqot uchun qo‘shimcha imkoniyatlar yaratishga xizmat qiladi.
Festivalning yakuniy tadbiri ilmiy va ekspertlar hamjamiyati vakillari, professor-o‘qituvchilar, tadqiqotchilar hamda hamkor tashkilotlarni birlashtiruvchi Xalqaro ilmiy-amaliy seminar bo‘ladi.
Seminar doirasida akademikning ilmiy merosi, sotsiologiya fanini rivojlantirishning dolzarb yo‘nalishlari, yosh tadqiqotchilarni tayyorlash masalalari hamda kasbiy hamkorlik istiqbollarini muhokama qilish rejalashtirilgan. Shuningdek, festival yakunlari sarhisob qilinib, tanlovlar g‘oliblari va ishtirokchilari taqdirlanadi.
“Akademik Ra’no Ahatovna Ubaydullayevaning ilmiy merosi: fan, jamiyat, avlodlar” sotsiologiya festivali ilmiy merosga hurmat, avlodlar vorisiyligi, zamonaviy tadqiqotchilik yondashuvlari va mahalliy sotsiologiya fanini kelgusida rivojlantirishga intilishni o‘zida mujassam etgan, har yili o‘tkaziladigan hamkorlik maydoniga aylanishi ko‘zda tutilgan.


