16

“Ijtimoiy fikr” respublika jamoatchilik fikrini oʻrganish Markazi tomonidan respublika miqyosida “Oʻzbekistonda zamonaviy oila fuqarolar tasavvurida: qadriyatlar, transformatsiyalar, reproduktiv qarashlar va nikoh-oila xavf-xatarlari” mavzusida keng qamrovli sotsiologik tadqiqot oʻtkazish boshlandi. Mazkur tadqiqot bugungi globallashuv, ijtimoiy transformatsiyalar, demografik oʻzgarishlar va oila institutiga taʼsir koʻrsatayotgan yangi ijtimoiy chaqiriqlar sharoitida oilaviy munosabatlar, nikohga yondashuvlar, reproduktiv qarashlar hamda milliy qadriyatlarning aholi ongidagi oʻrnini chuqur tahlil qilishga qaratilgani bilan alohida ahamiyat kasb etadi.

Tadqiqotning asosiy maqsadi Oʻzbekiston aholisining zamonaviy oila modeli, nikoh munosabatlari, ajrimlar sabablari, erta nikohlar, yaqin qarindoshlar oʻrtasidagi nikoh, farzandlilikka munosabat, reproduktiv qarorlar, nikoh shartnomasi va oila institutining istiqbolli rivojlanishi boʻyicha ijtimoiy qarashlarini tizimli oʻrganishdan iborat. Shu orqali jamiyatda oilaviy barqarorlikni taʼminlash, milliy va zamonaviy qadriyatlar uygʻunligini baholash, oila institutini mustahkamlashga qaratilgan davlat siyosatini takomillashtirish uchun muhim empirik maʼlumotlar shakllantiriladi.

Soʻrov doirasida fuqarolarning oilaga munosabati, mustahkam oilaning asosiy qadriyatlari, zamonaviy oilalardagi muammolar, ajrimlarning oldini olish omillari, nikoh uchun maqbul yosh, erta nikohlarga munosabat, qonunchilik tashabbuslari, reproduktiv qarorlar va oilaviy xavf-xatarlarga doir fikrlari oʻrganiladi. Tadqiqot natijalari mamlakatda oila instituti barqarorligini taʼminlash, demografik siyosat samaradorligini oshirish, xotin-qizlar va yoshlar manfaatlarini himoya qilish, shuningdek, nikoh-oila munosabatlariga oid ijtimoiy siyosatni yanada rivojlantirishga xizmat qiladi.

Ushbu tadqiqot jamiyatning eng muhim ijtimoiy instituti boʻlgan oilaning bugungi holati, transformatsiya jarayonlari va kelajakdagi rivojlanish tendensiyalarini jamoatchilik fikri asosida baholash imkonini berishi bilan mamlakat ijtimoiy taraqqiyoti uchun muhim ilmiy-amaliy ahamiyatga ega.