115

FUQAROLIK JAMIYATI INSTITUTLARI DAVLAT TOMONIDAN QO‘LLAB-QUVVATLANADI !

Fuqarolik jamiyati institutlarini davlat tomonidan qo‘llab-quvvatlash tizimini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining Farmoni chiqdi.

Ushbu farmonda, O‘zbekistonda fuqarolik jamiyati institutlarining davlat va jamiyat boshqaruvida faol ishtirok etishi uchun davlat tomonidan qo‘llab-quvvatlashning asosiy yo‘nalishlari belgilandi, fuqarolik jamiyati institutlarini davlat tomonidan qo‘llab-quvvatlashning shaffof va sog‘lom raqobat tamoyiliga asoslangan tizimini, shuningdek, ijtimoiy foydali dasturlar samaradorligini oshirish uchun qo‘shimcha shart-sharoitlar hamda zarur tashkiliy-huquqiy imkoniyatlar yaratildi, davlat tomonidan qo‘llab-quvvatlash mexanizmlari yanada takomillashtirildi.

Farmon bilan fuqarolik jamiyatini qo‘llab-quvvatlash borasidagi bir qator islohotlar amalga oshirilishi ko‘zda tutilmoqda.

Oliy Majlis huzuridagi Nodavlat notijorat tashkilotlarini va fuqarolik jamiyatining boshqa institutlarini qo‘llab-quvvatlash jamoat fondi mablag‘larini boshqarish bo‘yicha parlament huzurida Fuqarolik jamiyati institutlarini qo‘llab-quvvatlash jamoat fondi va uning hududiy bo‘linmalari tashkil etilib, ijtimoiy loyihalarning manzilliligi ta’minlanadi, byurokratiyaga chek qo‘yiladi.

Fuqarolik jamiyati institutlariga davlat subsidiyalari, grantlari va ijtimoiy buyurtmalarini ajratish bilan bog‘liq barcha jarayonlarning shaffofligini ta’minlashga qaratilgan yagona elektron platforma ishga tushiriladi.

Farmonga ko‘ra, ijtimoiy sheriklikni rivojlantirishga qaratilgan quyidagi mexanizmlar joriy etilmoqda:

- har yili davlat organlari ijtimoiy buyurtma tanlovlari hamda fuqarolik jamiyati institutlari vakillari bilan ochiq muloqot o‘tkazadi;

- davlat organlariga fuqarolik jamiyati institutlarining tashabbusli ijtimoiy sheriklik loyihalarini BHMning 1 000 baravarigacha tanlovlarsiz moliyalashtirish huquqi beriladi;

- har yili Hukumat ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish dasturlari ijrosiga fuqarolik jamiyati institutlarini ijtimoiy sheriklik asosida jalb qilish bo‘yicha dastur qabul qiladi.

Ijtimoiy ahamiyatga molik faoliyatni ommalashtirish maqsadida fuqarolik jamiyati institutlariga quyidagi imtiyozlar berilmoqda:

- davlat grantlari va ijtimoiy buyurtma loyihalari doirasida daromad solig‘i va ijtimoiy soliq stavkalari 3 yil muddatga 50 foizga kamaytirilmoqda;

- 2025 yil 1 yanvardan boshlab nogironlar, faxriylar, xotin-qizlar va bolalar tashkilotlarini ro‘yxatdan o‘tkazish uchun undiriladigan davlat boji 2 baravarga kamaytirilmoqda;

Shuningdek, ta’kidlanishicha har yili dekabr oyining birinchi haftasida “Fuqarolik jamiyati haftaligi” o‘tkazib boriladi, fuqarolik jamiyati institutlari vakillari va tashabbuskor fuqarolar “Fuqarolik jamiyatini rivojlantirishga qo‘shgan hissasi uchun” ko‘krak nishoni bilan taqdirlanadilar;

Mazkur Farmon fuqarolik jamiyati institutlarini davlat tomonidan qo‘llab-quvvatlash tizimini yangi bosqichga olib chiqadi hamad ushbu jarayonlar shaffofligining yuqori standartlarini belgilaydi.