12

«Ijtimoiy fikr» Respublika jamoatchilik fikrini oʻrganish markazi mamlakat aholisi orasida havo sifati, atmosfera ifloslanishi va ekologik xavfsizlik masalalariga bagʻishlangan kompleks ijtimoiy soʻrov oʻtkazishni boshladi.

Tadqiqotda respondentlarning shaxsiy tajribasi, ekologik vaziyatga munosabati va uni baholash standartlari aniqlanishi mazkur muammoning jamiyatda qay darajada ahamiyat kasb etayotganini koʻrsatadi. Ekologik muammolarning aholi ongida qay tarzda aks etishi va kundalik turmush sifatiga taʼsiri dolzarb ijtimoiy masala sifatida namoyon boʻlmoqda.

Mazkur tadqiqotning asosiy maqsadi aholining oʻz yashash hududidagi va mamlakatdagi umumiy ekologik vaziyat haqidagi xabardorlik darajasini, havo ifloslanishining dolzarbligini va uning asosiy sabablari toʻgʻrisidagi fikrlari hamda baholashlarini aniqlashdan iborat.

Shuningdek, tadqiqot doirasida aholining salomatlik bilan bogʻliq shaxsiy kuzatishlarini, jumladan nafas olishda qiyinlashuv, allergik reaksiyalar, koʻz yonishi, bosh ogʻrigʻi va umumiy charchoq kabi simptomlarni qay darajada kuzatilayotganligini oʻrganish vazifasi qoʻyilgan.

Shu bilan birga, fuqarolar tomonidan atmosfera ifloslanishiga taʼsir koʻrsatuvchi asosiy omillarni aniqlash, davlat tomonidan amalga oshirilayotgan ekologik siyosatning samaradorligiga nisbatan respondentlarning munosabatini oʻrganish ham tadqiqotning muhim yoʻnalishlaridan birini tashkil etadi.

Tadqiqot doirasida fuqarolarning fikricha, ekologik vaziyatni yaxshilash uchun davlat tomonidan amalga oshirilishi zarur boʻlgan qoʻshimcha chora-tadbirlarni belgilash, ularning muntazam ravishda olib borilishi zarur boʻlgan ishlar yuzasidan taklif va mulohazalarini tahlil qilish ham nazarda tutilgan. Bu vazifalar aholining ekologik xavflarga munosabati, xabardorlik darajasi va ekologik siyosatga boʻlgan ishonchini kompleks tarzda baholash imkonini beradi.