25

Joriy yilning 20-noyabr kuni Toshkent davlat iqtisodiyot universitetida “Barqaror iqtisodiy oʻsish sharoitida inson kapitalini rivojlantirish” mavzusida Respublika ilmiy-amaliy konferensiyasi oʻtkazildi. Mazkur anjuman mamlakatda inson kapitalini tizimli rivojlantirishga qaratilgan davlat siyosatining dolzarb yoʻnalishlarini ilmiy jihatdan tahlil qilish, mehnat bozoridagi zamonaviy oʻzgarishlar, raqamli transformatsiya jarayonlari hamda global trendlarni muhokama qilish uchun muhim platforma vazifasini oʻtadi.

Tadbirni universitet rektori, professor Teshabayev Toʻlqin Zakirovich ochib berdi. U oʻz nutqida barqaror iqtisodiy oʻsishning zamonaviy modeli inson kapitali sifati va hajmini oshirish, taʼlim-tadqiqot infratuzilmasini kuchaytirish, innovatsiyalar talafotlarini kamaytirish orqali rivojlanishga erishish bilan belgilanishini qayd etdi.

Mazkur konferensiyada Oʻzbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasi akademigi Abduraxmanov Kalandar Xodjayevich, Oliy Majlis Qonunchilik palatasi Mehnat va ijtimoiy masalalar qoʻmitasi raisi Xodjayeva Movlyuda Islamovna va olimlar, ushbu sohada yetakchi mutaxassislar ilmiy maʼruzalar bilan qatnashdi.

Anjumanda bir qator olimlar ilmiy maʼruzalar bilan ishtirok etishdi. Jumladan, Toshkent davlat iqtisodiyot universiteti Ilmiy ishlar va innovatsiyalar boʻyicha prorektor, i.f.d., professor — Abduraxmonova Gulnora Qalandarovna  “Raqamli transformatsiya davrida taʼlim va ilm-fan sohasida inson kapitalini rivojlantirish strategiyalari” nomli mavzu bilan ishtirok etdi.

Shuningdek, “Ijtimoiy fikr” Respublika jamoatchilik fikrini oʻrganish markazi direktorining ilmiy ishlar va innovatsiyalar boʻyicha oʻrinbosari, sotsiologiya fanlari boʻyicha falsafa doktori (PhD) Seitov Mansur Sherikbayevich ham “Oʻzbekiston bugun: ichki islohotlar va yangi avlod inson kapitalini shakllantirish — bilimli, mobil va raqobatbardosh kadrlar” nomli maʼruzasi bilan ishtirok etdi. Maʼruzada markaz tomonidan oʻtkazilgan kuzatuvlar va ijtimoiy soʻrovlar natijalari keng yoritilib muhim xulosalar bildirildi.

Tadbir davomida professor-oʻqituvchilari va ilmiy markazlar vakillari tomonidan taʼlim va ilm-fan sohasida innovatsion yondashuvlar, demografik oʻzgarishlar sharoitida mehnat bozorini diversifikatsiya qilish, raqamli iqtisodiyot va sunʼiy intellekt taʼsirida inson kapitaliga qoʻyilayotgan yangi talablar yuzasidan 10 dan ortiq ilmiy maʼruzalar tinglandi. Konferensiya dasturiga koʻra 4 ta tematik shoʻbalar faoliyat yuritdi va har bir yoʻnalish boʻyicha amaliy takliflar ishlab chiqildi.

Anjuman ishtirokchilari inson kapitali rivojlanishi boʻyicha milliy va xalqaro tajribalarni solishtirgan holda raqamlashtirish, taʼlimning sifat mezonlarini yangilash, mehnat resurslari raqobatbardoshligini oshirish, ekologik omillar va demografik muvozanatning iqtisodiy oʻsishga taʼsiri kabi strategik masalalarni muhokama qildilar. Tadbir yakunida faol ishtirokchilarga sertifikatlar topshirildi.