16

Butunjahon bolalar kuni munosabati bilan mamlakatimizda bolalar huquqlari, xavfsizligi va farovon oʻsishini taʼminlashga qaratilgan keng qamrovli maʼrifiy va ijtimoiy tadbirlar oʻtkazildi. 20 noyabr – Bola huquqlari toʻgʻrisidagi BMT Konvensiyasi qabul qilingan kun sifatida, Oʻzbekistonda ham bolalar manfaatlarini ustuvor yoʻnalish sifatida belgilashga xizmat qiluvchi muhim sana hisoblanadi.

YUNISEFning global tashabbusi doirasida poytaxt va hududlardagi qator binolarning koʻk rangda yoritilishi bolalar huquqlariga munosabatdagi eʼtibor va masʼuliyatning ramziy ifodasi sifatida namoyon boʻldi. “Olamini koʻk rangga boʻyash” aksiyasi mamlakatimizda keng yoritilib, jamoatchilik diqqatini bolalar hayoti, taʼlim sharoitlari, huquqiy madaniyati va xavfsizligiga qaratdi. Poytaxtda oʻtkazilgan tadbirda xalqaro tashkilotlar, diplomatik korpus va bolalar siyosatiga aloqador tuzilmalarning yuzdan ziyod vakillari ishtirok etdi. Muloqotlar davomida taʼlim, ijtimoiy himoya, raqamli xavfsizlik, bolalar sogʻligʻi va huquqiy madaniyatni yuksaltirish masalalari atroflicha muhokama qilindi.

Mazkur tadbirda Bola masalalari boʻyicha vakil Shahnoza Mirziyoyeva bolalar manfaatlarini davlat siyosatining markaziy masalasi sifatida belgilash zarurligini taʼkidlab, shunday dedi: “Oʻzbekistonda har uchinchi fuqaro — bola. Demak, ularning qaror qabul qilish jarayonlarida ishtirokini taʼminlash – mamlakatning barqaror taraqqiyoti uchun strategik ahamiyatga ega. Bolalar huquqlarini himoya qilish bir idora vazifasi emas, balki butun jamiyatning umumiy masʼuliyatidir.”

Kunning muhim yoʻnalishlaridan biri sifatida bolalar huquqlari va ularning ijtimoiy muhitdagi farovonligini baholashda jamoatchilik fikri tadqiqotlarining ahamiyati alohida qayd etildi. Aholi fikrini oʻrganish orqali oila, maktab va jamiyatda bolalarga nisbatan munosabat, ularning ehtiyojlari va rivojlanishiga taʼsir etuvchi omillar haqida ishonchli maʼlumotlar shakllanadi. Bu esa bolalar siyosatida samarali yechimlarni belgilash uchun mustahkam ilmiy asosdir.

Shu maʼnoda “Ijtimoiy fikr” Respublika jamoatchilik fikrini oʻrganish markazi tomonidan amalga oshirilayotgan monitoring tadqiqotlari alohida ahamiyat kasb etmoqda. Markazning soʻrovlari bolalar huquqlari, taʼlim sifatidan qoniqish, ota-onalarning intilish va ehtiyojlari, bolalarning emotsional holati, raqamli muhitdagi xavfsizlik, oila va maktabdagi ijtimoiy-psixologik muhit kabi muhim masalalarni qamrab olgan. Ushbu tadqiqotlar orqali jamiyatda bolalarga oid yangilanishlarga munosabat, aholi kutilayotgan natijalar, mavjud muammolar va islohotlarga boʻlgan ishonch kabi koʻrsatkichlar aniq namoyon boʻladi.

Markaz tomonidan yigʻilayotgan empirik maʼlumotlar bolalar siyosatiga doir milliy strategiyalarni takomillashtirish, xalqaro sheriklar bilan hamkorlikni kengaytirish va maqsadli dasturlarni ilmiy asoslarga tayangan holda amalga oshirish imkoniyatini yaratadi.

Butunjahon bolalar kuni munosabati bilan oʻtkazilgan tashabbuslar mamlakatimizda bolalar ovozini eshitish, ularga munosabatda insoniylik, adolat va masʼuliyatni kuchaytirish, har bir bola uchun xavfsiz va farovon kelajak yaratish yoʻlida amalga oshirilayotgan ishlar samarasini yana bir bor namoyon etdi.