18.11.2025
7
18 noyabr — O‘zbekiston Respublikasi Davlat bayrog‘i qabul qilingan kuni
Aziz yurtdoshlar! “Ijtimoiy fikr” Respublika jamoatchilik fikrini o‘rganish markazi 18 noyabr — O‘zbekiston Respublikasi Davlat bayrog‘i qabul qilingan kuni munosabati bilan barcha vatandoshlarni chin dildan muborakbod etadi.
1991 yil 18 noyabr kuni qabul qilingan Davlat bayrog‘i mustaqillikka erishgan xalqimizning yangi tarixini, davlatchilikning tiklanish bosqichini va milliy o‘zligimizning uzviy davomiyligini namoyon etuvchi muqaddas ramzdir. Bayroqda aks etgan ranglar va ishoralar yurtimizning qadimiy tamadduni, ma’naviy merosini, tinchlik va ezgulikka sadoqatini, shuningdek, yuksalishga qaratilgan strategik maqsadlarini o‘zida mujassam etadi.
Davlat bayrog‘i — mamlakatimizga daxldorlik hissi, umummilliy birdamlik va fuqarolik mas’uliyatini mustahkamlovchi ma’naviy tayanchdir. U yangi O‘zbekistonda amalga oshirilayotgan islohotlar, ochiq va insonparvar davlat qurish yo‘lidagi intilishlarimiz, xalqimiz farovonligi va yurt ravnaqi uchun qilayotgan harakatlarimizga ma’naviy ruh bag‘ishlaydi.
Bugungi kunda bayrog‘imiz nafaqat davlatimiz ramzi, balki barcha hamyurtlarimizni birlashtiruvchi umumiy maqsadlar — tinchlikni asrash, tafakkurni yuksaltirish, yoshlarimizni Vatanga sadoqat ruhida tarbiyalash va yurtimiz nufuzini jahon hamjamiyatida mustahkamlash sari chorlovchi timsoldir.
Shu qutlug‘ sana arafasida barchamizni yuksak madaniyatli fuqarolik pozitsiyasi, ijtimoiy faollik, milliy ramzlarga hurmat va mamlakat ravnaqiga hissa qo‘shishga da’vat etamiz. Bayrog‘imiz ostidagi har bir ezgu qadam, har bir intellektual sa’y-harakat va mehnat fidoyiligi O‘zbekistonning taraqqiyot yo‘lidagi muvaffaqiyatiga xizmat qiladi.
Yurt osmonida hilpiragan bayrog‘imiz xalqimizning kuch-g‘ayrati, irodasi va kelajakka bo‘lgan qat’iy ishonchini anglatadi. U umummilliy birdamlikni mustahkamlaydi, jamiyatimizdagi barqarorlik va rivojlanishga bo‘lgan intilishlarimizni yangidan-yangi bosqichlarga eltadi.
18 noyabr — Davlat bayrog‘i qabul qilingan kuni muborak bo‘lsin!
Yurtimiz tinchligi barqaror bo‘lsin, bayrog‘imiz har doim yuksak pog‘onalarda hilpirab tursin!
Hurmat bilan,
“Ijtimoiy fikr” Respublika
jamoatchilik fikrini o‘rganish markazi


