17

Joriy yilning14 may kuni Buxoro shahrida Osiyo xotin-qizlari II forumi oʻz ishini boshladi. “Ayollarga investitsiya – barqaror oʻsish asosi: xotin-qizlarning siyosiy, iqtisodiy, ijtimoiy va ekologik imkoniyatlarini kengaytirish” mavzusida oʻtkazilayotgan mazkur nufuzli xalqaro forum xotin-qizlarning jamiyat hayotidagi oʻrnini mustahkamlash, gender tenglikni taʼminlash hamda ayollarning siyosiy, iqtisodiy va intellektual salohiyatini kengaytirish masalalariga bagʻishlandi. Forumda parlamentlar, xalqaro tashkilotlar, davlat idoralari, ekspertlar va jamoatchilik institutlari vakillari ishtirok etmoqda.

Forum doirasida xotin-qizlarning davlat va jamiyat boshqaruvidagi ishtiroki, iqtisodiy mustaqilligini taʼminlash, tadbirkorlikni rivojlantirish, ilm-fan, taʼlim, innovatsiya va sunʼiy intellekt sohalaridagi imkoniyatlarini kengaytirish, shuningdek, ijtimoiy himoya va raqamli muhitda xavfsizligini taʼminlash kabi dolzarb masalalar muhokama qilinmoqda.

Mazkur forumda “Ijtimoiy fikr” Respublika jamoatchilik fikrini oʻrganish markazi direktori, iqtisod fanlari doktori Nigina Xayrullayevna Raximova ham ishtirok etmoqda. Forum doirasida xotin-qizlarning ijtimoiy-iqtisodiy faolligini oshirish, ularning huquq va manfaatlarini himoya qilish, zamonaviy jamiyatdagi oʻrni va mavqeyini mustahkamlashga qaratilgan ilmiy va amaliy yondashuvlar yuzasidan fikr almashilmoqda.

Taʼkidlash joizki, “Ijtimoiy fikr” RJFOʻM mamlakatda xotin-qizlarning ijtimoiy kayfiyati, turmush darajasi, iqtisodiy imkoniyatlari, taʼlim, bandlik, tadbirkorlik, huquqiy himoya va jamiyatdagi mavqeyi bilan bogʻliq jarayonlarni muntazam sotsiologik tadqiqotlar asosida oʻrganib kelmoqda. Markaz tomonidan har yili “Ayollar oʻzlari haqida: mavqe, kutishlar va istiqbollar” mavzusida respublika miqyosida jamoatchilik fikri soʻrovi oʻtkaziladi.

2026 yilgi tadqiqot natijalari mamlakatda xotin-qizlarning jamiyatdagi roli va imkoniyatlari kengayib borayotganini koʻrsatdi. Jumladan, respondentlarning 65 foizi ayollar erkaklar bilan teng huquq va imkoniyatlarga ega ekanligini taʼkidlagan boʻlsa, 67,4 foiz ishtirokchi yaqin yillarda xotin-qizlarning jamiyatdagi mavqeyi yanada yaxshilanishiga ishonch bildirgan. Bu koʻrsatkichlar mamlakatda xotin-qizlarni qoʻllab-quvvatlashga qaratilgan davlat siyosati jamoatchilik ongida ijobiy qabul qilinayotganini koʻrsatadi.

Soʻrov natijalariga koʻra, ayollar mavqeyini mustahkamlashda taʼlim va iqtisodiy mustaqillik muhim omil sifatida baholanmoqda. Xususan, respondentlarning 50,4 foizi bepul taʼlim imkoniyatlarini kengaytirishni, 50,1 foizi esa ish bilan taʼminlash imkoniyatlarini oshirishni muhim deb hisoblagan. Shuningdek, 36,4 foiz ishtirokchi xotin-qizlar tadbirkorligini rivojlantirish ayollarning iqtisodiy mustaqilligi va ijtimoiy faolligini taʼminlashda muhim ahamiyatga ega ekanligini qayd etgan.

Tadqiqotda ayollarning tadbirkorlik va zamonaviy kasbiy koʻnikmalarga boʻlgan qiziqishi yuqori ekanligi ham kuzatildi. Xususan, 52,2 foiz respondent tadbirkorlik bilan shugʻullanish istagini bildirgan boʻlsa, axborot texnologiyalari va raqamli koʻnikmalar sohasida bilim olishga ehtiyoj yuqori ekanligi qayd etildi. Bu esa raqamli iqtisodiyot sharoitida xotin-qizlarning zamonaviy bilim va kompetensiyalarga intilishi ortib borayotganini koʻrsatadi.

Forum doirasida koʻtarilayotgan masalalar hamda “Ijtimoiy fikr” RJFOʻM tomonidan amalga oshirilayotgan sotsiologik tadqiqotlar mamlakatda xotin-qizlarning huquq va manfaatlarini taʼminlash, ularning ijtimoiy-siyosiy va iqtisodiy faolligini yanada oshirish, gender tenglikni mustahkamlash va barqaror taraqqiyot maqsadlariga erishish yoʻlida muhim ilmiy-amaliy ahamiyat kasb etmoqda.