177

BAYRAM TABRIGI

Yaratganning buyuk moʻjizasi - Ayol shaʼniga betakror tashbehlar bitiladigan qutlugʻ bayram arafasida mehribon va duogoʻy onaxonlarimiz, qadrli opa-singillarimiz, lobar qizlarimizni baxt va bahor elchisi, goʻzallik va nafosat ayyomi – 8 Mart-Xalqaro xotin-qizlar kuni bilan qizgʻin muborakbod etamiz!

Siz borki, hayotimiz farovon, qalblarimiz charogʻon, oilada tinchlik-xotirjamlik, bolalarning begʻubor tabassumidan baxtiyorlik hissi toʻlib- toshadi, xonadonimizdan saranjom-sarishtalik, ozodalik-pokizalik ifori taraladi. Siz baxtli boʻlsangiz, demak, oila – baxtiyor, oilaning baxtiyorligi — jamiyatning farovonligi belgisi. Shu boisdan ham, Prezidentimiz taʼbiri bilan aytganda,  bugungi kunda Oʻzbekistonda amalga oshirilayotgan barcha islohotlarning tub markazida ayol siymosi, uning dardu tashvishlarini aritish va ayol baxtini bekam qilishdek ezgu niyatlar turibdi. Zero, ayol — oilamiz tayanchi, jamiyatimiz ustuni hisoblanadi.

Oʻzbekiston xotin-qizlarining qonuniy huquq va manfaatlarini hamda munosib turmush tarzini taʼminlash, barcha sohalarda ularning faolligini oshirish Yangi Oʻzbekiston Taraqqiyot strategiyasining muhim yoʻnalishlaridan biridir. Ne baxtki, yurtimizda inson qadri, xususan, ayol qadri tobora koʻproq ulugʻlanmoqda. Oʻzining bor bilimi va tajribasi, salohiyati, gʻayrat-shijoatiyu tafakkuri bilan Yangi Oʻzbekistonni barpo etish yoʻlida mehnat qilayotgan, kelajak avlod tarbiyachisi boʻlmish har bir ayol el-yurt eʼtibori va mehru muhabbatiga sazovor boʻlayotgani ayni haqiqat. Zero, ayol zoti, xususan, Oʻzbekiston xotin-qizlari millatning davomchisi sifatida bundan-da koʻproq eʼzozlarga munosib ekanligi shak-shubhasizdir.

Muhtarama onaxonlar, aziz opa-singillar, hurmatli hamkasabalar!

Barchangizni qutlugʻ bayram bilan yana bir bor samimiy qutlab, oilangiz baxtu saodat va farovonlikka, dasturxoningiz fayzu barakaga, jismu joningiz mustahkam sogʻlik va xotirjamlikka, ayollik latofatiyu goʻzallikka, yaqinlaringizning mehru muhabbatiga, mehnat faoliyatingiz ulkan yutuqlar va eʼtiroflarga toʻliq boʻlishini Yaratgandan tilab qolamiz.

Ayyomingiz muborak, aziz va muhtarama ayollar!

 

“Ijtimoiy fikr”

 respublika jamoatchilik

fikrini oʻrganish Markazi